Kreml harbiy mashinasi uchun chiplar. Markaziy Osiyo sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga ko‘maklashmoqda

Ukraina

Sanksiya ostidagi tovarlar Xitoydan Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Rossiyaga kelishda davom etmoqda, deb yozadi G‘arb OAVlari. O‘tgan haftada xorij matbuotida Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolarining harbiy salohiyati ham tahlil qilindi, shuningdek Xitoy Qozog‘istonning nodir metall – litiy zaxiralariga qiziqayotgani haqida so‘z bordi.

AQSH shirkatlari ishlab chiqargan kompyuter chiplari va dronlar sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Rossiyaga yetkazilmoqda va bu Moskva urush uchun zarur tovarlarni olib kelayotgan yo‘llarni to‘sish qanchalik mushkulligini ko‘rsatadi, deb yozadi Wall Street Journal.

Maqola mualliflari Liza Lin va Klarens Leonga ko‘ra, G‘arb ikki maqsadli tovarlarning Rossiyaga eksport qilinishini harchand cheklamasin, Markaziy Osiyo ularni yetkazib berishda davom etyapti – bunga shimollik qo‘shni bilan yuzlab kilometrga cho‘zilgan chegaralar, noshaffof savdo siyosati va foyda ketidan quvgan vositachilar sharoit yaratmoqda. Tovarlar asosan Xitoydan tashilmoqda, jumladan yirik AQSH shirkatlari Xitoyda ishlab chiqaradigan tovarlar ham. Mazkur shirkatlar tovarlarimiz Rossiyaga bizning ruxsatimizsiz sotilyapti, deya o‘zlarini oqlashadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Бирламчи капитал ва иккиламчи санкциялар. Россия бизнеси Ўзбекистонда

“Markaziy Osiyo savdo yo‘li sifatida juda muhim, chunki G‘arbda ishlab chiqarilgan ko‘plab tovarlar Rossiyaga aynan shu yo‘nalish bo‘ylab yetkazilmoqda. Bu mikroelektronika, avtomobil ehtiyot qismlari, harbiy maqsadlarda qo‘llanadigan tovarlar hamda zeb-ziynat buyumlari tashiladigan asosiy yo‘lakdir”, deydi Vashingtondagi C4ADS tadqiqot firmasi tahlilchisi Natali Simpson.

AQSH va ittifoqchilari sanksiya solingan ikki maqsadli tovarlar ro‘yxatini tuzgan. O‘tgan yili unda kompyuter chiplari, podshipniklar doxil 45 xil tovar nomlari bor edi, 2024-yilning fevralida ro‘yxat yana besh satrga uzaytirildi.

Xitoy bojxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yil fevraldan boshlab Xitoydan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ikki maqsadli tovarlarni eksport qilish keskin ko‘paygan. 2023-yilda, yuqorida tilga olingan ro‘yxatdagi 45 xil mahsulot eksporti burnog‘i yilga nisbatan 1,3 milliard dollarga (yoki 64 foizga) oshgan. C4ADS tahlilchilari ushbu tovarlarning katta qismi Rossiyaga reeksport qilinganini aytishmoqda.

Dronlar sanksiyalangan tovarlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Xitoy ham o‘z hisobotida so‘nggi ikki yilda Qozog‘istonga dronlar sotgani haqida ma’lumot bergan emas. Biroq, savdo aylanmasiga doir qaydlarga ko‘ra, 2023 yilda Qozog‘iston Xitoydan 5,9 million dollarlik dronlar xarid qilgan, ayni chog‘da Rossiyaga 2,9 million dollarga dronlar yetkazib bergan.

C4ADS shirkati Rossiya bojxona xizmatining ochiq ma’lumotlariga tayanib, 2023-yilning dastlabki yetti oyi mobaynida Qozog‘iston va Qirg‘iziston Rossiyaga jami 64 million dollarlik tovarlar eksport qilganini aniqladi. Biroq ushbu ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasligi mumkin.

Wall Street Journal yozishicha, o‘tgan yili AQSHning Vishay Intertechnology shirkati Xitoydagi zavodida ishlab chiqargan elektron butlovchi qismlar Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan firmaga sotilgan. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur firma Vishay mahsulotlarini Rossiyadagi buyurtmachiga pullagan. Ukraina TIV Vishay brendi mahsulotlari Rossiya dronlarida qo‘llanayotgani haqida bayonot bergan edi. Keyinchalik AQSH va Yevroittifoq tovarlarning Rossiyaga yetkazilishida ishtirok etgan Elem Group shirkatiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Xalqaro savdoga oid ImportGenius ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Elem Group 2023-yil mart–avgust oylarida Rossiyaga million dollardan ortiq summada mahsulotlar yetkazib bergan, ular orasida Dallasdagi Texas Instruments hamda Uilmingtondagi Analog Devices kabi elektronika brendlariga mansub tovarlar ham bor. Elem Group tovarlarning katta qismini Xitoydan olgan. Firma Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishidan bir oz keyin ochilgan bo‘lib, 2022- yilda uning daromadi 14,5 million dollarga yetgan. O‘tgan yilning mart oyidan beri Elem Group Qozog‘iston fuqarosi nomida.

Turkiy davlatlar tashkilotining mudofaa salohiyati

Turkiy davlatlar tashkiloti mudofaa sohasida hamkorlik qilishga intilmoqda, deyiladi AQSHning Jamestown Foundation markazi saytida e’lon qilingan maqolada.

Maqola muallifi, Ozarbayjondagi Xalqaro aloqalar tahlil markazi tadqiqotchisi Vasif Guseynov Boku yaqinda bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan so‘ng Turkiy davlatlar tashkilotiga ko‘proq e’tibor berayotganini urg‘ulaydi.

Tashkilotga Ozarbayjondan tashqari, Turkiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi.

Turkiya mudofaa shirkatlarining Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari bilan sheriklik loyihalari mazkur tuzilma Yevroosiyo makonida yirik geosiyosiy kuchga aylanayotganini ko‘rsatmoqda, deb yozadi muallif.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Украинага босқин: 233-кун | Кремль: Ғарбдан тўхтаган импортни Ўзбекистондан олишга тайёрмиз

Guseynovning fikricha, a’zo davlatlar ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlamoqda, xususan harbiy sohada. O‘tgan yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan Ostona sammiti yakuniy hujjatida “mudofaa sanoati komleksi va harbiy ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni mustahkamlash” haqida gap boradi. Tashkilotga a’zo davlatlarning xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha hamkorligi hozircha ko‘proq ikki tomonlama shaklda olib borilmoqda.

Xususan, o‘tgan yilning fevralida Qozog‘iston parlamenti O‘zbekiston bilan bultur dekabrda imzolangan ittifoqchilik aloqalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi. Hujjatda tomonlar bir-biriga qarshi alyanslarga kira olmasligi belgilangan.

2022-yil mayda Qozog‘iston turk dronlari yig‘uvini tashkil qilish haqidagi bitimni imzoladi. O‘tgan yilning oktabrida esa Qozog‘istonda dronlar ishlab chiqarish 2024-yilda boshlanishi ma’lum qilindi.

Ozarbayjon armiyasi ixtiyorida Turkiyaning turli rusumdagi dronlari mavjud. Ular Ozarbayjon hamda Tog‘li Qorabog‘dagi armani kuchlar o‘rtasidagi mojaroda muhim vazifani bajardi. 2023-yil oxirlarida O‘zbekiston ham Turkiyadan dronlar sotib oldi.

Guseynovga ko‘ra, Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolarining mudofaa sohasidagi hamkorligi kengayishi mintaqadagi dinamikani o‘zgartiradi: tashkilotga a’zo mamlakatlar xavfsizlik, strategik muvofiqlashtirish va tashqi siyosatda umumiy kun tartibini shakllantirishga ustuvorlik berishmoqda, deydi ekspert. Ayni chog‘da u, tashkilot doirasida harbiy hamkorlikni mustahkamlash va Rossiya, Xitoy kabi yirik tashqi o‘yinchilar bilan munosabatlar o‘rtasida muvozanatni saqlash zarurligini ham eslatadi.

Yirik kuchlarning Qozog‘iston litiyiga qiziqishi

Qozog‘iston o‘zini jahon bozoriga yuqori sifatli litiy yetkazib bera oladigan muhim manba o‘laroq ko‘rsatmoqda, energiya saqlash texnologiyalari uchun nihoyatda zarur bo‘lmish ushbu ma’danga talab esa tobora ortayotir, deb yozadi ingliz tilidagi Eurasianet sayti.

5-mart kuni Seulda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Koreya geologiya va mineral zaxiralar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Sharqiy Qozog‘istonda juda katta litiy konlari topilganini ma’lum qilishdi. Olimlar taxminicha, maydoni 1,6 kv.kilometrga teng Baken konida 15,7 milliard dollarlik mineral resurslar mavjud. Ilgari ushbu konda tantal qazib olingan.

Qozog‘iston Geologiya xizmati esa litiy zaxirasi hajmini 75,6 ming tonna, deya ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili mayda Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev litiy ishlab chiqarishga sarmoya kiritishga chaqirgan edi.

Xitoy litiy ishlab chiqarishda hamkorlik qilish taklifiga rozi bo‘lsa, u ushbu sohadagi monopoliyasini mustahkamlab oladi, deb yozadi Eurasianet. AQSH energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilda jahonda qazib olingan litiyning 60 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Qozog‘iston litiyidan Yevropa ham manfaatdor. O‘tgan yilning sentabrida Toqayev Berlinda HMS sanoat konserni raisi Dennis Shvindt bilan uchrashgan edi. Shvint uni Sharqiy Qozog‘istonda litiy ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha qiymati 500 million dollarlik loyiha bilan tanishtirgan. Mazkur voqeadan bir oy oldin HMS litiy, kobalt, nikel, tantal va boshqa nodir metallarni qidirish va qazib olishga ruxsat berilgan ikki qozoq shirkatining aksiyalarini sotib olgan edi.