Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi ahvol muhokamaciga bag‘ishlab 18 - may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Seshanba kungi videoselektorda mahalliy nashlarning xabar qilishicha, prezident tibbiy sug‘urta bo‘yicha Sirdaryo viloyati tajribasini tezroq butun respublikada tadbiq etish zarurligini qayd etdi.
Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar "Sirdaryo tajribasi" haqida gapirishga hali erta ekanini aytishmoqda.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining 18 - mayda bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishi to‘g‘risidagi hisobotida davlat rahbari sog‘liqni saqlash sohasidagi vazifalarni 5 ta yo‘nalishda ko‘rsatib o‘tgani xabar qilindi.
Eski kasallik va yangi tashxis
Har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar taomildagi “aylantirish”, “yaxshilash”, “qisqartirish”, “kengaytirish”, “rivojlantirish” degan so‘zlar bilan yakunlangan.
Andijonlik vrach-bloger Otabek Ahliddinovning fikricha, Prezident tibbiyotchilar oldiga qo‘ygan vazifalarning hammasi ham nafaqat shu kundagi, balki har doim kun tartibida bo‘lib kelgan eng dolzarb masalalardir:
“Yig‘ilish to‘g‘risidagi xabarlar bilan tanishib chiqdim. Prezident tilga olgan beshta yo‘nalish, chindan ham shu kunda oqsayotgan yo‘nalishlardir. Vazifalar to‘g‘ri belgilandi. Lekin hamma gap ularning ijrosida. Gap to‘g‘ri va to‘liq bajarishda. Biroq ayni paytda yana bir narsani aytishim kerak. Bunday vazifalar doimiy ravishda qo‘yiladi. Shu nuqtai nazardan yondashiladigan bo‘lsa, bu yerda men yangi gap ko‘rganim yo‘q”.
Prezident “birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish”ni birinchi vazifa sifatida belgilagan bo‘lsa, “tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish”ni beshinchi vazifa qilib topshirdi tibbiyotchilarga.
Prezident Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan buyon tibbiyot sohasiga katta e’tibor berib keladi. Davlat rahbari sohadagi vaziyatni bir necha bor keskin tanqid qilgan.
Biroq 18 - may kungi selektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash tizimida ahvol o‘zgarmayotgani tan olindi. Prezident matbuot xizmati bunday yozdi:
“Bu yil sohaga byudjetdan 21 trillion so‘m, ya’ni 2017 - yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi. Lekin, tizimda samaradorlik va aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilish kerak. Joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda bor-yo‘g‘i 13 foiz aholi tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarishlarni sezayotganini aytgan”.
18 - may kungi selektor yig‘ilishida sohadagi vaziyatga oid ko‘plab raqamlar keltirildi, qilinadigan ishlar haqida gapirildi. Masalan, “tibbiyot sohasidagi hozirgi ta’lim uslublari bundan 30-40 yillar avval tasdiqlangani, darsliklarning aksariyati xalqaro standartlarga javob bermasligi” aytildi.
5 yillik reja
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining hisobotida 18 - mayda bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida tibbiy sug‘urta to‘g‘risida so‘z bo‘lgani haqida hech narsa deyilmagan.
Biroq Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Prezident bu masalada ham gapirgan.
“Tibbiy sug‘urtani joriy qilish tezlashmasa, tibbiyot sohasida hisob-kitob ham, keskin o‘zgarish ham bo‘lmaydi”, degan Prezident.
Tibbiy sug‘urta, mutaxassislar fikricha, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda tibbiyot sohasida korrupsiyaning oldini olishning hal qiluvchi mexanizmlaridan biridir.
Prezidentning 2018 - yil, 7 - dekabrdagi PF-5590 farmonida 2021 - yil 1 - yanvardan majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan edi.
2019 - yilning yozida esa, Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Bu ikki hujjat bilan bog‘liq rasmiy xabarlarda majburiy tibbiy sug‘urta tajriba tariqasida 2021 - yilda Sirdaryo viloyatida o‘tkazilishi, 2023 - yildan Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2025 - yildan esa butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi aytilgan.
Gazeta.uzning xabar qilishicha, 18 - may kungi yig‘ilishda “Shavkat Mirziyoyev tibbiy sug‘urta bo‘yicha Sirdaryo tajribasini tezroq butun respublikada hayotga tadbiq etish zarurligini qayd etgan”.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Sirdaryoning hali boshlanmagan tajribasi
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, Prezident 2018 - yil, 7 - dekabrda imzolagan farmondagi majburiy sug‘urtaga oid talablar bekor bo‘lgan. 2019 - yilning yozida jamoatchilik muhokamasi uchun loyihasi e’lon qilingan Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun esa, qabul qilinmagan.
2020 - yilning 12 - noyabrida O‘zbekiston prezidenti qabul qilgan qarorga (PQ-4890) binoan Majburiy emas, Davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etiladigan va bu tajriba Sirdaryo viloyatidan boshlanadigan bo‘lgan.
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimining aytishicha, Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bo‘yicha Sirdaryo viloyat tajribasi, deyishga hali erta. Chunki 1 - yanvardan buyon bu tizimni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rildi. Asosiy ish 1 - iyuldan boshlanadi.
Boshqarma mulozimining Ozodlik bilan suhbatda aniqlik kiritishicha, 1 - iyuldan bemorlar uchun hech narsa o‘zgarmaydi:
“Bemorlar uchun deyarli hech narsa o‘zgarmaydi. Shu paytgacha davlat byudjetidan ajratilgan pul Sog‘liqni saqlash vazirligiga berilardi. Bundan buyon Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga beriladi. Bu Jamg‘arma bilan xususiy klinikalar ham hamkorlik qilishi mumkin”.
Korrupsiyadan sug‘urtalanmagan tizim
Nima uchun jahonning ko‘plab davlatlarida ishlaydigan mexanizm – majburiy tibbiy sug‘urtadan voz kechilib, yukni davlat o‘z zimmasiga oldi?
Vrach-bloger Otabek Ahliddinovning fikricha, aholi va ish beruvchilarning hozircha tibbiy sug‘urta sotib olishga qurbi etmaydi.
"Majburiy tibbiy sug‘urta tizimida har bir fuqaro tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun sug‘urta polisi sotib olishi kerak. G‘arbda, odatda polis pulini ish beruvchi to‘laydi va ishchi-xizmatchi buni bilavermaydi ham. Bizning xalqimiz ham, ish beruvchilarimiz ham sug‘urtaning bu shakliga ruhan tayyor emas. Shuning uchun sug‘urtani davlat o‘z zimmasiga oldi. Lekin Davlat tibbiy sug‘urtasida korrupsion omil juda katta", deb o‘ylayman.