Ozodlik radiosi va “Sistema” surishtiruv loyihasi “Krokus Siti Xoll”ga hujum yuzasidan hibsga olinganlardan biri Shamsiddin Fariduniy ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh” (ya’ni “Allohning quli”) nomi bilan sahifa yuritganini aniqladi.
Fariduniyda telegram-akkaunt ham bo‘lgan, unga so‘nggi bor 18-fevralda kirgan. Terakt sodir etishi uchun 500 ming rubl taklif qilgan “xatib yordamchisi” u bilan aynan shu messenjer orqali aloqa bog‘lagan.
25-mart kuni Rossiya telegram-kanallari Fariduniyning Istanbulda tushgan fotosuratlarini e’lon qildi: ularni Shamsiddin 23-fevralda o‘z instagramiga joylagan ekan. Sakkiz suratdan oltitasi Istanbuldagi “Fotih” masjidida olingan. Masjid joylashgan Fotih tumani shaharning eng konservativ musulmonlar yashaydigan qismi sifatida mashhur.
So‘roq chog‘ida Fariduniy Turkiyadan Rossiyaga 4-mart kuni uchib kelganini so‘zlab bergan. Reuters’ning turk xavfsizlik xizmatlaridagi manbasiga ko‘ra, Fariduniy “Krokus”ga hujumda ayblanayotgan yana bir yigit bilan birga Istanbulni 2-martda tark etgan, safardan maqsad esa – Rossiyada vizasiz qolish muddatini uzaytirish bo‘lgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
25-mart kuni The New York Times jurnalisti Arik Toler X ijtimoiy tarmog‘ida Shamsiddin Fariduniy instagramini “Zargarov” familiyasi bilan yuritgani haqida yozdi. Ozodlik tojik xizmati aniqlashicha, bu uning singlisining familiyasi. Fariduniy va boshqa ayblanuvchilarning qarindoshlari hozirda Tojikistonda mahalliy va rossiyalik tergovchilar tomonidan so‘roq qilinmoqda.
Ozodlik radiosi Shamsiddinning “Odnoklassniki” va “VKontakte”dagi akkauntlarini ham topdi.
“Odnoklassniki”da u “Abdulloh Zargarov” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Akkauntda uning tug‘ilgan sanasi 1998-yil 17-sentabr deb ko‘rsatilgan bo‘lib, bu Fariduniy so‘roqda bergan ifodasiga to‘g‘ri keladi. Uning “Odnoklassniki”dagi deyarli barcha do‘stlari yosh qizlar ekan. Ozodlikning tojik xizmati xabariga ko‘ra, Fariduniy o‘z yurtida shahvoniy shilqimligi uchun qamalib chiqqan.
“Abdulloh” profilidagi so‘nggi qaydlar orasida Fariduniy 2022-yil martda “layk” bosgan bir nechta Ramazon tabrigi bor. Oradan ikki yil o‘tib, musulmonlarning muqaddas oyida u va yana uch terrorchi “Krokus Siti Xoll”ga hujum qilishdi. Teraktda “Ukrainaning qo‘li” borligini ko‘rishni xohlovchilar “musulmonlar Ramazonda yomonlik qilishga botina olmaydi”, deya ushbu faktdan foydalanmoqchi bo‘lishdi (aslida, radikal islomchilar tomonidan Ramazon oyida terakt uyushtirilishi nodir voqea emas).
Ozodlik va “Sistema” tug‘ilish sanasi yordamida Fariduniyning “VKontakte”dagi akkauntini ham topdi. Ushbu tarmoqda uning ismi “Abu-Abdulloh Zargar” deya qayd qilingan. Akkaunt bo‘m-bo‘sh: undan Zargar/Fariduniy yashash joyi deb Rossiyani ko‘rsatganini, ijtimoiy tarmoqqa oxirgi marta 2024-yil 6-yanvarda kirganini bilish mumkin, xolos.
“VKontakte”dagi akkaunt Ozodlikka uning telefon raqamini va telegramdagi akkauntini topish imkonini berdi. Mahbus so‘roq chog‘ida tan olishicha, terakt uyushtirishni taklif qilgan “xatib yordamchisi” bir oycha avval xuddi shu messenjer orqali u bilan aloqa bog‘lagan. Fariduniy telegramda oxirgi marta 18-fevral kuni bo‘lgan.
Shamsiddin Fariduniy ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga qo‘yib olgan “Abdulloh” ismi u haqida boshqa mahbus – Dalerjon Mirzoyev aynan nimalar deganini taxmin qilish imkonini beradi. Mirzoyev “do‘sti Abdullo” oq rangli “Reno” sotib olganini va uni minib “Krokus Siti Xoll”ga borishganini aytgan. Voqea joyini ham shu mashinada tark etib, Bryansk viloyatiga yo‘l olishgan va o‘sha yerda qo‘lga tushganlar.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Avvalroq “Vajniye istorii” gap Rrossiya federatiyasi va Tojikiston fuqarosi Abdullo Bo‘riyev haqida borayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan va uni teraktning muhtamal tashkilotchisi deb atagandi.
Shunday qilib, Fariduniyning konsert zalida sodir bo‘lgan teraktdan oldingi xatti-harakatlari xronologiyasi quyidagicha:
- 18-fevralda Shamsiddin Fariduniy so‘nggi bor telegramdan foydalangan;
- 23-fevral kuni Istanbuldagi “Fotih” masjidida va mehmonxonada tushgan suratlarini e’lon qilgan;
- 2-mart (Reuters’ning turk maxsus xizmatlaridagi manbalari talqinicha) yoki 4-mart kuni (o‘z so‘zlariga ko‘ra) Fariduniy va teraktda qatnashgan yana bir yigit Istanbuldan Rossiya poytaxtiga uchib kelishgan;
- 22-mart – “Krokus Siti Holl”ga hujum va 139 nafar qurbon.
Ozodlikning tojik xizmati yana bir ayblanuvchi – Muhammadsobir Fayzovning ota-onasi bilan gaplashdi. Ular o‘g‘illari “dindor emas”ligini va Xitoyga o‘qishga ketmoqchi bo‘lib yurganini aytishgan.
Seshanba, 26-mart kuni Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus Siti Holl”dagi terakt bo‘yicha sakkizinchi ayblanuvchi – qirg‘iz aslli Rossiya fuqarosi Alisher Qosimovni qamoqqa oldirdi. Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, u kvartirasini Shamsiddin Fariduniy va boshqa ayblanuvchilarga ijaraga bergan.
Qosimov ijarachilarining terakt uyushtirish rejasidan xabari bo‘lmaganini aytmoqda. Kremlga aloqador Brief telegram-kanali esa, aksincha, Qosimov ularning niyatlarini bilganini iddao qilyapti.
Dushanbaga o‘tar kechasi sud konsert zaliga hujumning to‘rt muhtamal ishtirokchisini qamoqqaoldirdi, ertasiga esa ayni ish doirasida yana uch kishi hibs etildi. Ular orasida tergov organi oq “Reno”ning so‘nggi egasi deb atayotgan Dilovar Islomov ham bor. Islomovning o‘z so‘zlariga ko‘ra, avtomobilni qaynukasiga sotgan va terakt joyidan olingan tasvirlarda mashinani ko‘rib hayratga tushgan.
Tergov jinoyatning ehtimoliy sabablarini ma’lum qilgan emas. Avvalroq, ko‘plab davlatlarda terrorchi tashkilot deb topilgan “Islom davlati” xalqaro guruhi “Krokus Siti”ga hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan edi.
Moskvadagi terakt bo‘yicha jami 11 kishi ushlangan. Ulardan sakkiz nafari sudgacha qamoqqa olingan bo‘lsa, qolgan uch kishining taqdiri xususida hozircha hech nima ma’lum emas. Rossiya prezidenti Vladimir Putin go‘yo terakt ijrochilarining Ukrainada aloqalari bo‘lganini iddao qildi: uning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki terrorchilar qochishi uchun Rossiya-Ukraina chegarasida “tuynuk” ochib qo‘yilgan. Biroq Putin biron dalil keltirgani yo‘q. Ukraina rasmiylari va g‘arblik ekspertlar uning iddaolarini rad etishmoqda.