Jurnalistik surishtiruvlarga ixtisoslashgan The Insider nashri Rossiya maxsus xizmatlari josuslari nohukumat tashkilotlar va muxolifat harakatlari ichiga kirib olib, axborot to‘plaganini aniqladi.
Josuslar orasida Qirg‘iziston huquq faollariga ko‘maklashish kampaniyasida ishtirok etgan odam ismi tilga olinadi. Bu Rossiya maxsus xizmatlari Qirg‘iziston fuqarolik jamiyati faoliyatiga aralashgan bo‘lishi mumkin, degan taxminga olib keladi.
The Insider surishtiruvida Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (BRB – GRU) 29155 raqamli harbiy qismning uch qo‘poruvchi josusi jurnalist, kinorejissyor va huquq himoyachisi niqobi ostida nohukumat tashkilotlar va muxolifat harakatlariga kirib olishgani aniqlandi. Ulardan biri Ivan Jigaryov bo‘lgan. U Ivan Jixaryov ismi bilan Saxarov markazi qoshidagi Moskva inson huquqlari ochiq maktabiga joylashgan.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, Jixaryov “eng faol volontyor” bo‘lgan, maktab a’zolarining qayd ma’lumotlarini ko‘rishga ruxsatnomasi bo‘lgan va moliyalash masalasi muhokama qilingan ko‘plab uchrashuvlarda ishtirok etgan. Jixaryov 2021-yilga qadar huquqbonlar bilan aloqalarini saqlab turgan.
“Katta ehtimol bilan, “Jixaryov” Fransiya hukumati uni 2022-yilda GRUning ushbu mamlakatdagi maxfiy bazasiga borgan bir necha ofitserga qo‘shib fosh qilganidan so‘ng ekspluatatsiyadan chiqarilgan”, deb yozadi nashr.
The Insider ma’lumotiga ko‘ra, Ivan Jixaryov, jumladan, qamoqdagi huquq faollarini qo‘llab-quvvatlash kampaniyalarida ishtirok etgan, qirg‘izistonlik Azimjon Asqarovga oid ishlarni muvofiqlashtirgan va uning uchun yig‘ilgan pulni yetkazib berish bilan shug‘ullangan. “U hech bir iltimosga yo‘q demasdi, barcha uchrashuv va tadbirlarda qatnashardi”, deya o‘z suhbatdoshlaridan iqtibos keltiradi The Insider nashri.
“Bir duyno – Qirg‘izstan” harakati 2010-yil iyun voqealari ortidan umrbod qamoqqa hukm qilingan huquqbon Azimjon Asqarovni ozodlikka chiqarish bilan shug‘ullangan edi. 2020-yilda Asqarov 69 yoshida qamoqda zotiljam kasalidan vafot etdi.
Harakat rahbari Tolekan Ismailova Ozodlik bilan suhbatda Ivan Jixaryov ismli volontyor yoki huquq himoyachisi haqida hech qachon eshitmaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi paytlarda Rossiyadan hamkorlik takliflari bildirilgan ko‘p maktublar kelyapti.
“So‘nggi paytlarda ofisimizga Rossiyadan ko‘plab takliflar kelyapti, maktublarda ular o‘zlarini monitoring bilan shug‘ullanuvchilar, hujjatli filmlar rejissyorlari yoki huquq faollari deb tanishtirishadi. Ammo biz Rossiya bunaqa texnologiyalardan foydalanishini allaqachon bilib olganmiz. Ukrainada urush boshlangan kundan boshlab asosan madaniyat sohasiga mansub kishilar kelyapti. Hozirda biz jurnalistlar va relokantlarni ham tekshiradigan bo‘ldik. Jigaryovmi, Jixaryovmi – kim bo‘lsa ham – Saxarov markazi huzuridagi Moskva inson huquqlari maktabida u Asqarovga yordam berganini aytishdi, lekin o‘zini ko‘rmaganmiz, u haqda eshitmaganmiz. Balki u Asqarov bilan penitensiar tizim orqali aloqada bo‘lgandir. Asqarov ishi ochilganida Rossiyaning asl basharasi fosh bo‘lardi. 2010-yili norozilik aksiyalari chog‘ida ham, iyun voqealarida ham ko‘plab josuslar ushlangan edi. O‘shandan beri ulardan dom-darak yo‘q. Hech kim sud qilinmadi, shaffoflik bo‘lmadi”, deydi Tolekan Ismailova.
“Qirg‘izistonga qiziqish ortib boradi”
Markaziy Osiyo mamlakatlarida Rossiya maxsus xizmatlari agentlari ish olib borayotgani haqidagi xabarlar shu bilan bir nechta bo‘ldi.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Orozbek Moldaliyev MDH mamlakatlari o‘rtasida bir-biriga nisbatan ayg‘oqchilik qilmaslikka doir kelishuv borligiga qaramay, Qirg‘izistonga Rossiya va boshqa mamlakatlarning josuslari suqilib kirayotganini urg‘ulaydi. Ekspertning taxminicha, ularni mamlakatdagi diniy vaziyat, millatlararo aloqalar va mudofaa masalalari qiziqtirishi mumkin.
“Chegara bilan bog‘liq muammolar uzil-kesil bartaraf etilgani yo‘q, qirg‘iz-tojik chegarasida ikki marta mojaro chiqdi, murakkab vaziyat yuzaga keldi. O‘shanda biz hujum bo‘lishidan g‘ofil qolganimiz juda achinarli. Biroq ushbu muammolarni anglaydigan mamlakatlar bor, shuningdek bizni mojaroga undaydigan mamlakatlar ham. Tevaragimizdagi davlatlar ham ikki mamlakatning bir-biriga munosabati va bu adovat qachon barham topishi haqida so‘rab-surishtiradi. Shu jumladan, biz a’zo bo‘lgan KXSHT va MDH kabi tashkilotlar ham. Shu bois biz o‘zimiz xavfsizlikka juda sinchkovlik bilan qarashimiz va vatanparvarlik masalasini yuqori darajaga ko‘tarishimiz kerak”, deydi Moldaliyev.
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi sobiq sudyasi Klara Sooronkulova dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashgani sayin yirik davlatlarning Qirg‘izistonga qiziqishi ortib boradi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Ukrainaga bosqindan so‘ng Rossiya o‘z ta’sirini kuchaytirishga urinmoqda.
“Yaqin G‘arbda vaziyat keskinlashgani sari Qirg‘izistonga qiziqish ortib boradi. Ayniqsa, Rossiyada. Chunki ular sobiq SSSRni tiklashga qaratilgan bosqinchilik siyosatini yuritishmoqda. Ular o‘zlarining geosiyosiy maqsadlari, vazifalari haqida ochiq gapirishadi. Hozirda o‘z ta’sirlarini kuchaytirishga intilishyapti. Rossiyaning tajriba va tendensiyalari bizda ham yoyilmoqda. Ular bizda ham nohukumat tashkilotlar va OAVlarga oid qonunni qabul qilinishini xohlashyapti, ichki ishlarimizga aralashishyapti. Biz esa yetarlicha qarshilik ko‘rsatayotganimiz yo‘q. Bu mamlakatimiz mustaqilligiga katta xavf tug‘diradi. Bizda nohukumat tashkilotlar mamlakat siyosiy jarayonlarida ishtirok etishmagan, davlat to‘ntarishi o‘tkazishmagan. Ular inson huquqlarini himoya qilishgan, xolos”, deydi Sooronkulova.
Ma’lum bo‘lishicha, Ukrainada urush bo‘layotganiga va Yevropa joriy etgan sanksiyalarga qaramay, Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari soxta ismlar bilan Ukrainaga va Yevropa mamlakatlariga borib, turli operatsiyalar o‘tkazishgan. The Insider o‘z surishtiruvida shunaqa josuslardan biri – podpolkovnik Maksim Rodionov haqida yozdi.
U Smirnov degan familiya bilan “hujjatli kino rejissyori” sifatida Hujjatli kino ijodkorlari gildiyasi a’zosi hamda “Tomiris” video ishlab chiqarish studiyasi asoschilaridan biri bo‘lgan.
Surishtiruvchilar ta’kidlashicha, bunaqa studiyalar niqob o‘laroq qo‘llanadi va Smirnov shundan foydalanib, Yevropaning bir necha shahriga, shuningdek Qirg‘iziston va Qozog‘istonga borib kelgan.
The Insider ma’lumotiga ko‘ra, uchinchi josus – Konstantin Medvedev – ismini o‘zgartirmagan. U GRU Harbiy akademiyasini tamomlagandan so‘ng “Dengiz sug‘urtasi” jurnalining “chet eldagi muxbiri” bo‘lgan, keyin esa “Tribuna” gazetasida ishlagan. “Ish bo‘yicha qanday vazifalarni bajargan bo‘lmasin, Medvedevga yaxshi haq to‘laganlar. Soliq idorasi qaydlariga ko‘ra, u 2021-yilning o‘zida Sberbank va VTBdan dividendlar ko‘rinishida 45 mln rubl (o‘sha davr kursida yarim mln yevro) olgan. Holbuki Rossiyada ofitserning o‘rtacha oyligi 50 ming rubl atrofida edi”, deb yozadi nashr.
"Fitna ortida FSB turibdi”
Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti (MOAU) sobiq prezidenti Endryu Kachins Qirg‘izistondan deportatsiya qilinishi ortida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) turganini aytadi.
“MOAU qator hujumlarga uchradi. Avval bizni LGBT-hamjamiyat tarafdori deya yomonotliq qilishdi, 8-mart kuni ayollar huquqlari himoyasi uchun o‘tkazilgan marsh esa “MOAU uyushtirgan aksiya” deb tanqid qilindi. 2019-yil dekabrda AQSH Kongressi tomonidan moliyalanadigan Ozodlik radiosi va Kloop.kg nashri Qirg‘iziston bojxonasida ildiz otgan korrupsiyaga bag‘ishlangan surishtiruvini e’lon qilgach, odamlar norozi bo‘lib mitingga chiqishdi. Mitingga kelgan 1000 kishidan yarmi MOAU talabalari va xodimlari ekan, deb mish-mish tarqatib bizni yana malomatga qo‘yishdi. MOAU sha’niga juda ko‘p tuhmatlar bo‘ldi”, degan edi Endryu Kachins Qirg‘izistonni tark etganidan so‘ng.
Amerikalik olim 2020-yilgi parlament saylovi arafasida unga bo‘hton qilishgani haqida shunday deydi:
“Pandemiya prezident Jeenbekov ma’muriyatining noshudligini ochib qo‘ydi. 2020-yilning yozi juda og‘ir bo‘ldi. Bu halokat edi. Siyosiy beqarorlik tobora ortayotgani sezilib turardi. Men chet elda 5 oy qolib ketib, 19-avgustda Bishkekka qaytdim. Ikki kundan so‘ng elchi Donald Ludan menga qisqagina xabar bilan bir nechta video keldi: “Qaytganing bilan tabriklayman. Ular seni kutishayotganga o‘xshaydi. Mana bu videolarni ko‘rgin-da”. Roliklardan birida go‘yo AQSH hukumati Qirg‘izistondagi saylovda muxolifatni dastaklash rejasini amalga oshirish uchun meni ta’tildan chaqirib olgani haqida gap borardi. Bishkekka kelgan kunimdan boshqa hech qanaqa fakt yo‘q edi. Provokatsiya sifatida juda yaxshi ishlangan video edi, lekin kadr ortidan ruscha so‘zlayotgan odam qirg‘izcha ismlarni buzib talaffuz qilardi. Shundan ma’lumki, fitna ortida Rossiya razvedkasi – FSB turibdi”.
2021-yil iyunda Bishkekning Pervomaysk tuman sudi Endryu Kachinsni giyohvand moddalarga oid modda bo‘yicha aybdor deb topib, uni jarimaga tortish va Qirg‘izistondan badarg‘a qilish haqida qaror chiqardi.
23-aprel kuni IIV Endryu Kachinsga Dubaydan pochta orqali jo‘natilgan tabletka va kapsulalarda psixotrop moddalar aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Kachins ushbu preparatlarni AQSHdagi davolovchi shifokori tayinlaganini aytgan.
62 yoshli taniqli olim Bishkekdagi universitetga 2019-yil boshida rahbar qilib tayinlangan edi. 2021-yil iyunda esa universitet Vasiylar kengashi uning Qirg‘izistondagi faoliyati tugatilganini e’lon qildi. Shundan so‘ng u rafiqasi bilan birga mamlakatni tark etdi.
Atambayevdan mukofot olgan qotil
So‘nggi yillarda chet el fuqarolari, jumladan Rossiya maxsus xizmatlari vakillari va ularga aloqador jinoyatchilarga qonunga xilof ravishda qirg‘iz pasporti berilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
Bellingcat, Der Spiegel hamda Rossiyaning The Insider nashri 2020-yilda o‘tkazgan surishtiruvda Vadim Sokolov nomiga pasport olgan asl ismi Vadim Sokolov bo‘lgan Rossiya fuqarosi 2019-yilda Berlinda o‘ldirilgan Gruziya fuqarosi, chechen millatiga mansub 40 yoshli Zelimxon Xangoshvili o‘limiga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olingani aniqlangan edi. Surishtiruvchilar Krasikov FSBning “Vimpel” maxsus bo‘linmasida xizmat qilganini va muqaddam odam o‘ldirishda ayblanganini ham aniqlashdi.
Surishtiruvda aytilishicha, Krasikov 2007-yilda Kareliya Respublikasining Kostomuksha shahrida tadbirkor Yuriy Kozlovni o‘ldirishda gumon qilinib, qidiruvga berilgan. Biroq keyinchalik qidirilayotgan shaxsga doir ma’lumot Interpol va Rossiya bazalaridan o‘chirilgan. Shundan so‘ng u Vadim Sokolov nomi bilan yangi pasport olgan.
2014-yilning 20-noyabrida Kostomuksheda ushbu jinoyat ishi doirasida Vladimir Fomenko (1976-yil tug‘ilgan) va Oleg Ivanov (1976-yilda tug‘ilgan) hibsga olinadi.
Surishtiruvchilarga ko‘ra, Fomenko Rossiya oldidagi xizmatlari uchun yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan. 2011-yilda esa Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi hukumati rahbari Almazbek Atambayev nomidan Glock-100 to‘pponchasi bilan taqdirlangan.
Krasikov, Fomenko kabi, Qirg‘izistonda bo‘lgani ma’lum. U mamlakatga ilk daf’a 2011-yilda kelgan. 2017-yil 31-avgustda ham u Bishkekka kelgan va shaharda besh kun bo‘lgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Kiyevdagi portlash
2019-yil 4-aprel kuni Kiyevda Ukraina razvedka xizmati ofitserining avtomobili portlatiladi. Ushbu voqea ortidan ushlangan Aleksey Komarichev hamda Timur Dzortovlarning yonidan Aleksey Lomako va Ruslan Kirik nomlariga olingan qirg‘iz pasportlari topiladi.
Ukraina maxsus xizmati tasvirga olgan so‘roq videosida mahbus Timur Dzortov qirg‘iz pasportini qanday olgani haqida so‘zlab bergan:
“Hujjatlarni bizga Moskvada, “Toj Mahal” restoranida berishdi. Pasport Qirg‘iziston fuqarosiga tegishli, rasm esa meniki. Ammo men Qirg‘iziston fuqarosi emasman, Rossiya fuqarosiman. Bu hujjatlardan niqob sifatida foydalandik”.
Shov-shuvli xabarlar ortidan Qirg‘iziston Davlat ro‘yxatga olish xizmati pasportlar soxta, deya bayonot berdi. Rossiyada qirg‘iz pasportlarini tayyorlash va sotish yashirin biznesga aylangani masalasi Jo‘qorg‘u Keneshda ham muhokama qilindi.