Ozodlik tanishgan hujjatlar mintaqadagi eng yirik zavodlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston metallurgiya kombinati ("O‘zmetkombinat" AJ) aktivlari hokimiyatga yaqin kompaniyalarga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu jarayon Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondagi kattayu kichik korxonalardagi davlat ulushini xususiylashtirish haqida 2021-yil imzolagan farmoni asosida amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda zavodning faqat birja orqali bozor narxida sotilishi lozim bozorbop mahsulotlari maxfiy qaror va kelishuvlar bilan kompaniyaning de-fakto xo‘jayiniga aylangan Baxtiyor Fozilovga tegishli kompaniyalarga arzonga berilmoqda.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlar¸ qolaversa¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar shuni tasdiqlaydi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va "O‘zmetkombinat" rahbariyati mazkur hujjatlar va Ozodlik manbalari bildirgan ma’lumotlarga hozircha javob bermadi.
Davlatning bozor narxi 900 milliarddan qimmat yeri Mirziyoyev kuyoviga aloqador kompaniyaga 74 milliardga berildi
2022-yilning 1-fevral kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Bir qator davlat ko‘chmas mulk obyektlarining savdo jarayonlari yuzasidan axborot” chiqardi.
Unda xususan “Mirzo Ulug‘bek tumani, Shahriobod ko‘chasi, 53-uy manzildagi bo‘sh turgan bino-inshootlar bo‘yicha savdo” tugagani bildirildi. Xabarga ko‘ra¸ bu inshoot 74,0 milliard so‘m (2022-yil 1-fevral kungi MB kursi bo‘yicha taqriban 6.9 million AQSh dollari) ga sotilgan.
Xabarda aniqlama berilmagan bu manzilda "O‘zmetkombinat" AJning Temir saqlash va yuklash ombori joylashgan. Uning umumiy maydoni 5,8 gektar¸ hududdagi inshoot sathi esa 4 351 kvadrat metr.
"O‘zmetkombinat"ning bu ombori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 2021-yilning 18-noyabr kuni oldindan belgilangan shartlar bilan e-auksion.uz portalida savdoga qo‘yildi.
Bu joyga xaridor bo‘lganlardan uning hududida “maishiy xizmat, sport va ijtimoiy (ta’lim, sog‘liqni saqlash) xizmatlar, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, istiqomat majmualari va o‘ziga xos infrastrukturaga ega zamonaviy kompleks barpo etish talab etildi”.
Kombinatning bu mulki Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 30-iyul kungi PF-6273-sonli farmoni bilan sotuvga qo‘yilgan. Farmonga ilova qilingan ro‘yxatga tushgan inshootlar “davlat aktivlarini xususiylashtirish amaliyotini kengaytirish hamda iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” maqsadida to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali sotilishi lozim.
Bu savdoning ochiq va shaffof bo‘lganini ko‘rsatuvchi¸ xususan¸ ommaviy savdoda kimlar qatnashgani¸boshlang‘ich narx qancha bo‘lgani¸ xaridorlarning qancha narx va qanday loyihalarni taklif qilganiga oid biror ma’lumot rasmiy manbalarda yo‘q.
Shuningdek¸ "O‘zmetkombinat" mulkining aynan qaysi boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yilganiga oid biror e’lon na Davlat aktivlari agentligi va na "O‘zmetkombinat" rasmiy sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi kanalida mavjud emas. Odatda savdoga qo‘yiladigan davlat obyektiga oid e’lon bu sayt va kanallarda bir emas¸ bir necha marta qo‘yiladi.
Agentlikning 1-fevral kungi rasmiy ma’lumotida faqat Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga asosan “Golden House Development” MChJ 74,0 mlrd. so‘m xarid qiymatini to‘lash sharti bilan savdo g‘olibi deb topilgani aytildi.
Toshkentdagi aksar qurilish loyihalarini maxfiy qarorlar orqali qo‘lga kiritib kelayotgan Golden House Development MChJ 2011-yili tashkil etilgan. Kompaniya Mirabad Avenue brendi egasi ham. Golden House Development MChJning joriy mulkdori ORIENT GROUP MANAGEMENT.
2020-yil bahorida tuzilgan bu MChJ Orient Group konglomerati tarkibiga kiruvchi 60 ga yaqin kompaniyadan biri. ORIENT GROUP MANAGEMENT asosiy mulkdorlari ham Orient Groupning qog‘ozdagi ta’sischilari bo‘lgan - Payzullajon Mirzayev va Saken Po‘latovdir.
Orient Group Ozodlik surishtiruvining ko‘rsatishicha¸ Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat suveren jamg‘armasidan eng katta mablag‘ olayotgan ko‘p milliard dollarlik biznes imperiyasiga aylangan.
Uning mulkdorlari orasida Mirziyoyevning kuyovi¸ prezident xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarov ham bor.
Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumatiga aloqador manbalar¸ "O‘zmetkombinat"ning 6 gektarlik yerini 74 milliard so‘mga aynan Mirziyoyev kuyoviga aloqador kompaniyaga berilishini¸ “kuppa-kunduz kungi o‘g‘rilik”ka qiyosladi.
Xaritadan ko‘rilishicha¸ bu hudud Toshkentning chet el elchixonalari¸ hashamatli villalar¸ xususan¸ Mirzo Ulug‘bek tumani soliq idorasi binosi yonida joylashgan. Ozodlik gaplashgan toshkentlik mulozim¸ mazkur savdoning bozor narxlaridan aql bovar qilmas darajada arzonga sotilganini aytadi.
“Toshkentlik yirik developer Murod Nazarov 2021-yil aprelida Kirill Altman bilan suhbatda Toshkent markazida bir sotix yerning narxi 150 ming dollarga yetganini aytgan edi. Demak¸ bozor narxida hisoblansa¸ 5¸8 gektar yerning o‘zi¸ undagi ulkan binoni inobatga olmagan taqdirda¸ 87 million AQSh dollari yoki 940 milliard so‘mga teng bo‘ladi. Prezidentning kuyoviga bu joy bozor narxidan qariyb 13 baravar arzonga - 6.9 millionga berildi. Ochiq auksion bo‘lgani¸ unda qatnashganlarning qancha narx taklif qilganiga oid biror ma’lumot yo‘q. Auksiondagi boshlang‘ich narx ham sir¸ faqat oxirgi narx¸ 74 milliard bor xolos”.
Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan mazkur savdo tafsilotidan xabardor Toshkent mulozimi¸ mazkur yer uchun qimmat narx taklif qilgan xaridorlarning turli bahona va bosim ostida savdoga qo‘yilmaganini bildirdi.
"Bu savdoda qatnashgan kompaniyalardan birining 216 milliard so‘m taklif qilganidan xabarim bor. Albatta¸ bu ham bozor narxidan bir necha baravar arzon¸ lekin 74 milliarddan bir necha baravar ko‘p. Ochiqcha bosimlardan keyin kompaniya o‘z taklifini qaytarib olishga majbur bo‘ldi. Bundan boshqa kompaniyalar ham nisbatan qimmat narx taklif qildi. Lekin davlat mulki bozor va mamlakat qonunlariga zid ravishda¸ 20 yil oldingi balans narxida tepadagilarning o‘ziga tegdi"¸ deydi O‘zbekiston metallurgiya kombinati aktivi sotilish jarayonidan xabardor mulozim.
Ozodlik Toshkent markazidagi davlat mulkining bozor narxidan bir necha baravar arzonga prezident oilasiga aloqador qurilish kompaniyasiga sotilganiga oid savollar bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga murojaat qildi.
Agentlikning matbuot xizmati mas’uli Ozodlik savollarini mutaxassislarga yuborish va ular javobini Telegram orqali bildirishini aytdi. Hozircha Ozodlikka rasmiy javob kelmadi.
Ayni paytda agentlik rasmiysi¸ savdoning auksion orqali o‘tkazilgani¸ bu auksionda 74 milliard so‘mdan ortiq baho berilmaganini taxmin qilishini bildirdi.
Davlatga qarashli O‘zmetkombinat Fozilovning xususiy kompaniyalariga maxfiy imtiyoz bermoqda
Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar¸ O‘zbekiston metallurgiya kombinatining nafaqat qimmatbaho aktivlari¸ balki u ishlab chiqarayotgan bozorbop mahsulotlarning ham ayni boshqaruv tepasidagilarga oid kompaniyalarga arzongarovga berilayotganini ko‘rsatadi.
Shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan kombinatga yaqin mulozimlar taqdim etgan hujjatlar 2021-yil yanvaridan O‘zbekiston metallurgiya kombinati boshqaruvi norasmiy tarzda taqdim etilgan Baxtiyor Fozilovga qarashli xususiy kompaniyalar bilan tuzilgan eksklyuziv shartnomalardir.
O‘zbekiston metallurgiya kombinati bosh direktori Rashid Pirmatov 2021-yil 21-sentabr kuni qo‘l qo‘ygan buyruqqa ko‘ra¸ 2021 yil 18 oktyabrdan boshlab kombinatda ishlab chiqarilayotgan issiqlik o‘tkazmas materiallari ichki iste’molchilarga faqat tovar va xom-ashyo birjasi orqali sotilishi shart.
Bu mahsulot turar-joy binolari va turli inshootlar¸ isitish va texnologik quvurlarini izolyatsiya qilish uchun ishlatiladi va kattayu kichik qurilishlarning keti ko‘rinmayotgan O‘zbekistonda bozori chaqqon.
“Pirmatov buyrug‘igacha¸ istalgan kompaniya "O‘zmetkombinat" bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishi mumkin edi. Ammo o‘tgan 18- oktabrdan bu taqiqlandi. Shunga qaramay¸ 2022- yil boshida yashirin kelishuv bilan faqat uchta kompaniya issiqlik o‘tkazmas materiallarning eng qimmat va sifatlisini bozor narxidan ancha arzonga sotib olish bo‘yicha kelishuv qilgan. Uchala kompaniya ham Baxtiyor Fozilovning shaxsiy kompaniyalaridir”¸ deydi bu jarayondan bevosita xabardor mulozim.
Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlar¸ O‘zbekiston metallurgiya kombinati ishlab chiqarayotgan issiqlik o‘tkazmas materiallarni faqat birja orqali sotish haqidagi Pirmatov buyrug‘ining u qabul qilinganidan uch oy o‘tib-o‘tmay buzilganini ko‘rsatadi.
2022-yilning yanvar va fevral oylarida Pirmatov buyrug‘iga imzo chekkanlardan biri¸ Pirmatovning 1-o‘rinbosari Dilshod Ahmedov bu mahsulotni Singapurda ro‘yxatga olingan Enter Engineering PTE Ltd va Samarqanddagi Mironkul Stroy Servis MChJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish haqidagi shartnomalarga qo‘l qo‘ygan.
Baxtiyor Fozilov Enter Engineering kompaniyasining asosiy mulkdori ekanini Intellinews muxbiri bilan suhbatda o‘zi e’tirof qilgan.
Mironkul Stroy Servis kompaniyasi esa Fozilov va uning qarindoshlari egalik qiluvchi shu nomdagi biznes tizimi tarkibiga kiradi. Bu MChJ 63.9 foiz aksiyasiga Baxtiyor Fozilov va uning ikki jiyani egalik qiladi.
Ayni paytda¸ O‘zmetkombinatda maxsus imtiyoz olgan kompaniyaning qudratli mijozi Fozilov bilangina cheklanmaydi.
Mironkul Stroy Servis MChJning yana bir mulkdori – 25 foiz aksiyalari egasi SOTHIS RESEARCH MChJ. Bu kompaniya aksiyalarining 50 foizi sobiq MXX raisi Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif Rustamovich Inoyatovdir.
O‘zmetkombinat AJ Fozilovning Enter Engineering kompaniyasi bilan 2022-yilning 14 va 23-fevral kunlari ikkita kelishuv imzolagan. Bu kelishuvlarlarda kombinat 2022-yil davomida Enter Engineering kompaniyasiga 2400x1140x100 mm kattalikdagi 500 tonna issiqlik o‘tkazmas plita yetkazib berishni zimmasiga oladi. Kelishuvda mahsulotning har bir tonnasiga 750 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan.
2022-yilning 19-yanvar kuni Mironkul Story Servis MChJ bilan ham ayni mahsulot xaridi bo‘yicha kelishuv tuzilgan. Unda mahsulotning bir tonnasiga 8 000 550 so‘m narx belgilangan. Jami 3000 tonna plita qiymati 24 001 650 000 so‘mga baholangan.
Ozodlik ixtiyoridagi ichki hujjatga ko‘ra¸ O‘zbekiston metallurgiya kombinatida bir yilda jami 12 000 tonna issiqlik o‘tkazmas plita ishlab chiqariladi.
Fozilov va Inoyatovga qarashli kompaniyalarga maxfiy kelishuv va oldindan belgilangan arzon narx bilan sotib bo‘lingan plitalar "O‘zmetkombinat" yillik mahsulotining qariyb 30 foizini tashkil etadi.
“O‘zbekistondagi hamma yuridik shaxslar "O‘zmetkombinat" AJ da ishlab chiqarilayotgan issiqlik o‘tkazmas materiallarini FAQAT O‘zbekiston Respublikasi tovar va xom-ashyo birjasi orqali sotib oladi. Bu buyruq hozir ham amalda. Birjadagi narx bozor talabiga qarab o‘zgaradi. Masalan¸ hozir qurilish sezoni boshlandi va tonnasi 13 000 000 so‘mga chiqadi. Lekin Fozilovning kompaniyalari O‘zmetkombinatga bu mahsulotni yil davomida o‘zgarmaydigan 8 000 000 so‘m atrofida sotish majburiyatini yuklab qo‘ydi. Bu hujjatlarga Fozilov va Inoyatovning zavoddagi vakili Dilshod Ahmedov qo‘l qo‘ygan”¸ deydi jarayondan bevosita xabardor mulozim.
7-aprel kuni Ozodlik gaplashgan "O‘zmetkombinat" marketing bo‘limi mulozimi ham bu mahsulot faqat birja orqali sotilishi¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish o‘tgan yil oxirida to‘xtatilganini tasdiqladi.
Ozodlikning birjani aylanib o‘tib¸ zavod bilan kelishilgan narxda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imtiyozi berilishi mumkinmi¸ degan savoliga zavod xodimi bunday istisnoni kombinat emas¸ hukumat berishini bildirdi.
“Bunday imtiyozni olish juda qiyin. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori kerak. Ular falon kompaniya davlat ahamiyatiga ega falon obyekt quryapti¸ shunga istisno tariqasida materialni bevosita ishlab chiqaruvchidan belgilangan narxda olishiga ruxsat berilsin¸ deb qaror chiqarib berishi kerak”¸ dedi "O‘zmetkombinat" mulozimi.
Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarda "O‘zmetkombinat"ning Enter Engineering va Mironkul Stroy Servis MChJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishiga Vazirlar Mahkamasining biror qarori asos bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q.
O‘zbekiston boshqaruvining oligarxlashib borayotgani mavzuidagi Ozodlik surishtiruvlarida aynan hokimiyat tepasidagi shaxs va guruhlarga yaqin kompaniyalarga maxfiy qarorlar vositasida nihoyatda katta imtiyozlar berib kelinayotgani oshkor bo‘lgan edi.
Xususan¸ bu surishtiruvlarda Baxtiyor Fozilovga aloqador deyarli barcha kompaniyaning prezident va Bosh vazir qarorlari bilan “istisno tariqasida” soliq¸ boj va kredit imtiyozlari olib kelayotgani o‘rtaga chiqqan edi.
2021-yilning 20-yanvar kuni aksiyalarining qariyb 75 foizi davlatga qarashli O‘zbekiston Metallurgiya kombinati AJ boshqaruvida o‘zgarish bo‘ldi. O‘shanda Ozodlikka bir-biridan mustaqil gapirgan Toshkent mulozimlari kombinatning maxfiy kelishuv bilan samarqandlik oligarx Baxtiyor Fozilovning Eriell guruhiga berilganini bildirgan edi.
O‘tgan bir yil ichida na Toshkent hukumati¸ na Eriell va uning rahbari bu xabarga raddiya bergan emas.