"O‘zbekistonda geylar hibs va ta’qiblar bilan bir qatorda gomofoblar hujumiga duchor bo‘lmoqda. Hukumat geylarga teng huquq va erkinlik berishi, gomoseksualizmni jinoyat, deb ko‘ruvchi Sovet davridan qolgan qonunni bekor qilishi kerak!" Bunday chaqiriq bitilgan bayonotni Human Rights Watch xalqaro tashkiloti 23 -martda e’lon qildi.
Markaziy Osiyo o‘lkalari orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.
Turkmaniston o‘z qonunini qayta ko‘rib chiqishini aytgan. O‘zbekistonda esa 2021 - yil 22 - fevralda muhokamaga qo‘yilgan yangi Jinoyat kodeksi loyihasi 154-inchi moddasida gomoseksualizm uchun jinoiy jazo o‘zgarmagan holda saqlanib qolgan.
Inson huquqlari xalqaro Human Rights Watch tashkiloti 23 - mart kungi bayonotida "O‘zbekiston erkaklar o‘rtasidagi o‘zaro kelishilgan jinsiy hatti-harakatlarni dekriminallashtirishi va shu orqali ularning shaxsiy daxlsizligi, xavfsizligi hamda ularning kamsitilmasligini kafolatlashi kerak", deyilgan.
Bu yerda gap O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi bir jinsli seksual munosabatlar uchun uch yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan 120-modda (Besoqolbozlik) haqida bormoqda.
"120-modda O‘zbekistondagi gomoseksual va biseksual erkaklarni o‘ta himoyasiz qilib, jamiyatda ularni chetga surib tashlagan. O‘zbekiston gomoseksualizm jinoyat, deb ko‘riladigan sarqitdan voz kechib, Jinoyat kodeksidan geylar huquqlarini buzuvchi bandlarni olib tashlashi kerak", - deydi Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Xyu Uilyamson.
Human Rights Watch tashkiloti O‘zbekistonda to‘qqiz nafar gey bilan suhbat o‘tkazgan.
Ular gey bo‘lganliklari uchun politsiya tomonidan hibsga olinish, tahdid, ruhiy bosim va hujumlarga ko‘p bora duch kelganliklarini aytishgan.
Alisher hikoyasi
2020 - yil yozida Alisher (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) u bilan Internetda suhbatlashayotgan odam bilan tanishgani va uchrashishga kelishib olganini so‘zlab bergan.
Alisherning aytishicha, erkak uni o‘z xonadoniga taklif qilgan va Alisher rozi bo‘lgan.
Ular ko‘p qavatli uyga kirishganidan so‘ng, erkak Alisherning uyali telefonini ushlab, uning yuziga musht tushirgan.
Hujumga yana bir kishi qo‘shilib, Alisherning boshiga bir necha marta urgan, keyin qochib ketishgan.
Alisher ularning orqasidan quvib, telefonini qaytarib berishni talab qilgan.
"Erkaklar urishlari, hatto o‘ldirishlarini aytish bilan meni qo‘rqitishdi. Bir million o‘zbek so‘m (taxminan 100 AQSh dollari) to‘lagan taqdirda, qaytarib beramiz, bo‘lmasa, politsiyaga olib boramiz, deb qo‘rqitishdi. Erkaklar politsiyada ishlayotganliklarini da’vo qilishdi", - deb aytgan Alisher HRW bilan suhbatda.
Politsiyani qo‘liga tushsa, telefonni qaytarib ololmayman deb xavotirlanib, Alisher pul to‘lashga rozi bo‘lgan. Uning telefonida barcha kontaktlari bor edi.
Alisher advokat yolladi va politsiyaga xabar berdi, ammo 120-moddaga binoan javobgarlikka tortilishidan qo‘rqib, hujumning gomofobik sabablari haqida da’vo qilolmadi.
Temur hikoyasi
2020 - yilning kuzida, 20 yoshli Temur (uning iltimosiga ko‘ra ismi o‘zgartirilgan) Telegramdagi geylar tanishuv guruhida Internetda tanishgan odam bilan muloqot qilishni boshlagan.
Ularning aytishicha, suhbat jinsiy mavzularni o‘z ichiga olgan.
Temur shuningdek, erkak bilan o‘zining yalang‘och rasmlarini o‘rtoqlashgan. Garchi ularning dastlabki almashinuvi do‘stona bo‘lgan bo‘lsa-da, bir muncha vaqt o‘tgach, erkak tahdid qila boshlagan. Odobsiz so‘zlarni ishlatib, Temurga "u bunday odamlarni (geylarni) yomon ko‘rishini" va "Alloh barcha "bunday" odamlarni yo‘q qilishi kerakligini" aytgan.
Temur duch kelgan ta’qib va tahdidlarni quyidagicha tasvirlab berdi:
"U menga jinsiy orientatsiyamni boshqalarga oshkor qilishini, gomofobik onlayn guruhlarga yuborishini aytib, tahdid qildi. Erkak pul undirmoqchi ham bo‘ldi, ammo pulim yo‘qligini va hech narsa to‘lamoqchi emasligimni aytib, uni ijtimoiy tarmoqlarda to‘sib qo‘ydim", - degan Temur HRW bilan suhbatda.
O‘zbekistonda geylarning gomofoblar tajovuziga uchragani va samosud qilinib, tahqirlangani haqida Ozodlik ko‘p bora xabar bergan.
2017 - yil sentabrida Farg‘onada qip-yalang‘och yechintirib qo‘yilgan yigitni gomofoblar pivo butilkasiga o‘tirishga majburlayotgani aks etgan video tarmoqlarni larzaga solgandi.
17 daqiqalik videoda kaltak zarbi, haqorat va tahdidlardan dahshatga tushib, dir-dir qaltirayotgan yigitni zo‘ravonlar geylikni tan olishga majbur qiladi, unga "yoqib yuborish yoki so‘yib tashlash" bilan po‘pisa qilib, orqasi bilan pivo shishasiga o‘tirishga majburlashadi.
"O‘zbekistonning sovet o‘tmishidan ko‘chirma modda"
Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi 120-modda O‘zbekistonning sovet o‘tmishidan ko‘chirma hisoblanadi va u insonning xalqaro huquq bilan himoya qilinadigan shaxsiy daxlsizlik kabi fundamental huquqlarini buzadi.
Postsovet o‘lkalar orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.
Turkmaniston o‘z qonunini qayta ko‘rib chiqishini aytgan. Tojikiston allaqachon qonunchiligini o‘zgartirgan.
O‘zbekistonda esa yangi Jinoyat kodeksi ko‘rib chiqilmoqda. 2021 - yil 22 - fevralda e’lon qilingan loyihaning 154- moddasida gomoseksual aloqalar jinoyat sifatida nazarda tutilgan va jazo belgilangan.
O‘zbekiston rasmiylari gomoseksualizmni dekriminallashtirishga qaratilgan chaqiriqlarni rad etib keladi
2020 - yil mart oyida BMTning Inson huquqlari qo‘mitasining O‘zbekistonni ko‘rib chiqishi chog‘ida O‘zbekiston hukumati vakili "LGBT turmush tarzi Islom tomonidan ma’qullanmagan va o‘zbek tafakkuriga mos kelmasligini" aytgan.
O‘zbekistonda yashovchi, The Guardian, Al Jazeera, The Diplomat i Eurasianet nashrlariga ishlovchi polyak jurnalisti Agneshka Pikulitska sevgini taqiqlash bilan urf-odatlarni mustahkamlab bo‘lmasligini aytadi:
“Ikki tomon rozi bo‘lgan kattalar o‘rtasidagi sevgini taqiqlash urf-odatlaringizni mustahkamlamaydi. Dunyo o‘zgarib bormoqda, yoshlar Internetga kirish imkoniyatiga ega va mahalliy LGBT hamjamiyati istasangiz ham, istamasangiz ham bor. Ba’zi do‘stlarimga gey huquqlarini dastaklab chiqqani uchun o‘lim va boshqa tahdidlar bo‘ldi. Hozir bitta to‘g‘ri yo‘l bor va u 154 (120) ni bekor qilishdir. Tojikiston buni allaqachon qildi”, - deydi jurnalist Ozodlik bilan suhbatda.
Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 120-moddasini bekor qilish va yangi Jinoyat kodeksidan bir jinsli munosabatlarni jinoiy javobgarlikka tortadigan har qanday qoidalarni chiqarib tashlash orqali bir jinsli munosabatlarni dekriminallashtirishi kerak.
"Hukumat, shuningdek, jinsiy orientatsiya va jinsiy identifikatsiyaga asoslangan hujumlar va ta’qiblarni, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan odamlarga qarshi 120-moddadan foydalanish tahdidlarini tekshirishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak.
Hukumat LGBT vakillariga nisbatan zo‘ravonlik, ta’qib va nafratga qarshi kurashishi hamda LGBT masalalari bo‘yicha ishlaydigan nodavlat guruhlarning ro‘yxatga olinishi va ishlashiga ko‘maklashishi kerak", - deyiladi HRW bayonotida.
Ikki yil avval AQShda yashovchi o‘zbekistonlik LGBT vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, vatandagi geylarga teng huquq va erkinlik berishni so‘rashgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bayden farmoni
HRW bayonoti AQSh prezidenti Jo Bayden butun dunyo bo‘ylab lesbiyanka, gey, biseksual, transgender, kvir va interseks (LGBTQI) odamlarning huquqlari himoyasini kengaytirishga qaratilgan farmonni imzolagan bir paytda aytildi.
"Barcha insonlarga hurmat va ehtirom bilan muomala qilish kerak va kim bo‘lishidan va kimni sevishidan qat’i nazar, har bir inson qo‘rqmasdan yashash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak", deyiladi farmonda.
O‘tgan oy e’lon qilingan hujjat Bayden 2011 - yilda vitse-prezident bo‘lib ishlayotgan paytida chiqarilgan ko‘rsatmaga tayanadi.
"Qo‘shma Shtatlar eng muhim qadriyatlarimizni ochiqchasiga himoya qilgan holda va qat’iyat bilan ushbu kurashning boshida turishi kerak", deyiladi farmonda.
Hujjat xorijda ishlaydigan AQSh agentliklarini LGBTQI chet el hukumatlari tomonidan jinoyatga tenglashtirilishiga qarshi kurashishga chorlaydi.
Chet el hukumatlari LGBTQI shaxslarning huquqlarini cheklab qo‘ygan holatlarda AQSh agentliklari tegishli chora ko‘rishi, shu jumladan, moliyaviy sanksiyalar va viza cheklovlarini joriy qilishi mumkin bo‘ladi.