"Hindistonga bormadim". Tojikistonda erkak jigarining bir qismini ayoliga berdi

Muhammad Lolaxonov turmush o‘rtog‘i Lola Iraliyeva bilan amaliyotdan so‘ng.

Tojikistonning Xatlon viloyati Shahritus tumanida yashovchi 53 yoshli Muhammad Lolaxonovning turmush o‘rtog‘i Lola Iraliyevaga jigarining bir qismini bergani shifokorlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan "misli ko‘rilmagan sadoqat va muhabbat ramzi" deya olqishlanmoqda.

20 yil jigar xastaligi bilan kurashgan turmush o‘rtog‘i uchun Lolaxonov Dushanbedagi Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi ilmiy markazida jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyotidan o‘tishga qaror qilgan.

Lolaxonov 3-yanvar kuni Ozodlik radiosining tojik xizmatiga bergan intervyusida rafiqasini qattiq sevishini va u uzoq yillar farzandlari bilan birga bo‘lishini istashini aytdi.

“Xotinim qariyb 25 yildan beri kasal. Xayriyatki, shifokorlarga murojaat qildik, operatsiya qildirdik va hammasi yaxshi o‘tdi. Men bolalarimni yaxshi ko‘raman, ular uchun buni qilishim kerakligini bilardim. Mening qizlarim va o‘g‘illarim hatto jigarlarining bir qismini berishga tayyor edi, lekin men bu mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim», deydi u.

Muhammad Lolaxonov va Lola Iraliyeva turmush qurganiga o‘ttiz yil bo‘lgan, to‘rt farzandi bor. Lolaxonov xotinini davolashning turli usullarini qidirgan, Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lib ishlagan, uning davolanishi uchun tinim bilmay harakat qilgan.

Xorijda davolanish yo‘llarini ham o‘rganib chiqqan Lolaxonov pirovardida xotinini Dushanbeda operatsiya qildirishga qaror qiladi. U transplantatsiya qilishda yordam bergan do‘stlari va qo‘shnilariga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Turmush o‘rtog‘ining cheksiz sadoqatidan ta’sirlangan Lola Iraliyeva o‘zining baxti va bugungi to‘kis turmushi haqida gapirib, “Erim meni sevishini doim bilardim. Hozir hammasi joyida”, deydi. Lolaxonov o‘z qarori nafaqat rafiqasining dardini yengillashtirishi, shu bilan birga, bu o‘zgalar o‘rtasida bir-birlariga mehr va hurmat uyg‘otishiga ham umid qilishini aytadi.

Lolaxonovning harakati haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘ldi, foydalanuvchilar uni fidoyi turmush o‘rtog‘i sifatida olqishladi.

Tojikistondek patriarxal me’yorlar hukmron bo‘lgan jamiyatda bunday sadoqat noyob hodisadir. Bu voqea ayollarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlik holatlari haqida keng tarqalgan xabarlar manzarasida sodir bo‘ldi. Lolaxonovning mehr-oqibatli xulqi alohida ajralib turadi.

Dushanbedagi shifoxonaning jigar transplantatsiyasi bo‘limi mudiri Muhammadsharif Mirg‘oziyev erkakning o‘z jigari bir qismini xotiniga berish holatlari kamdan-kam bo‘lishini aytib, donorlarning aksariyati odatda ayollar, masalan, onalar yoki opa-singillar deydi. Tojikistonda otalar o‘z farzandlari uchun xayriya qilish holatlari kuzatilsa ham, Lolaxonov o‘z oilasiga donor bo‘lgan ikkinchi erkakdir.

Tojikistonda buyrak, jigar va boshqa organlarni ko‘chirib o‘tqazish amaliyotlari bir necha yillardan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hozirda mamlakatda jigar transplantatsiyasi zarurati haqida aniq statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa ham, 2023-yilda 60 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan, donorlarning aksariyati qarindoshlardir. Biroq, erkak o‘z jigarining bir qismini xotiniga berishi Tojikistonda hozircha birinchi holat.