"Hamma xavotirda". Mavjuda Mirzayeva va “Kompromatuzb ishi”

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva va Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev

Human.uz mustaqil vebsayti jurnalistlari hibsga olinganidan bir hafta o‘tib, DXX tergov qilayotgan shov-shuvli “Kompromatuzb ishi” tafsilotlari jamoatchilikka qorong‘iligicha qolmoqda.

27-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati, Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana bir necha jurnalistni qo‘lga olganini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik hibsga olinganlar orasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ham borligi norasmiy manbalar orqali ma’lum bo‘ldi.

Ya’ni, davlat idorasi matbuot xizmati rahbarining hibsga olingani va nega hibsga olingani haqida shu kunga qadar bir satr rasmiy bayonot berilmadi.


Mirzayeva uyida tintuv

Shu kunda DXX xizmati ishinini tergov qilayotgan jurnalistlar Telegram tarmog‘idagi Kompromatuzb kanali administratorlari sifatida tovlamachilik qilganlikda gumon qilinayotgani 27-yanvar kuni ma’lum qilingan.

“DXX organlari tomonidan fuqaro I.A.dan kelib tushgan murojaatga asosan, fuqaro D.X. va boshqalarning «Telegram» messendjeridagi «Kompromat.uzb» va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va xozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deb xabar qildi Telegram tarmog‘idagi Xavfsizlik kanali.

29-yanvarga kelib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudi ajrimi bilan jurnalist Mavjuda Mirzayeva ham hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda jurnalistning qizi mahalliy Internet nashrlariga intervyu berdi, ammo so‘ngra birdaniga matbuot bilan aloqasini uzgani kuzatildi.

Keyinchalik Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi, Mirzayeva ham “Kompromatuzb” Telegram kanali ishi doirasida qo‘lga olinganini bildirdi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu jurnalist ham JKning 165-moddasi, 2-qismi v-bandida ko‘zda tutilgan “tovlamachilik” jinoyatini sodir etishda gumon qilinayotgani aytilmoqda.

Prokuratura organlaridagi yana bir manba Ozodlikka sizdirgan hujjatlarga ko‘ra, Mirzayevaning uyida tintuv o‘tkazishga oid qaror 27-yanvar kuni imzolangan.

Ayni hujjat asosida DXX Toshkent viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan 27- yanvar kuni Mavjuda Mirzayevaning Toshkent shahri, Sirg‘ali tumanidagi uyida tintuv o‘tkazilgan.

29-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudi ajrimi bilan Mirzayevaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 10 kunlik qamoq belgilangan.

Tergovga yaqin manbalarning Ozodlikka bildirishicha, hibsga olinganlar go‘yoki "uyushgan jinoiy guruh a’zolari" sifatida ko‘rilmoqda.

Kompromatuzb Telegram kanalida “amalga oshirilgan jinoyatlar” nimalardan iborat ekani haqida hozirgacha hech qanday ma’lumot yo‘q. DXX ham bu haqda boshqa tafsilot bergani yo‘q.

"Hibsda 4 kishi qoldi"

Prokuratura organlaridagi manbaga ko‘ra, bu ish doirasida dastlab 10 ga yaqin odam qisqa muddatga ushlangandi, ayni paytda ulardan 4 nafari hibsda qoldirilgan:

  • Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev,
  • Daliyevga oldi-berdi ishlariga aloqadorlikda gumon qilinayotgan qarindoshi,
  • “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov,
  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva.

Qolganlar, shu jumladan taniqli jurnalist Human.uz sayti bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari hibsdan chiqarilgan.

Ammo, ularga nisbatan tergov harakati to‘xtatilganmi yoki yo‘qmi - bu haqda Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q. Xususan, jurnalist Muslim Mirzajonov OAV bilan aloqaga chiqmayotir.

Rasmiylar Mirzayeva masalasida jim

Bundan tashqari, davlat idorasi - Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida matbuot xizmatini boshqargan Mavjuda Mirzayeva haqida ham shu kunga qadar biror rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Hatto, Mirzayeva ishlagan vazirlik bu borada biror munosabat bildirgani yo‘q.

Ozodlik davlat idorasi matbuot xizmatini boshqargan taniqli jurnalistning hibsga olinishi borasida mavjud savollar bilan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasiga matbuot xizmatlariga murojaat qildi.

Har ikki idora Mirzayeva bilan bog‘liq jinoyat ishi ularda mavjud emasligi, bu borada biror ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Ayni paytda bu ish tergovini yuritayotgan DXX matbuot xizmatiga murojaat qilish esa imkonsiz - bu tashkilotning hanuz na rasmiy sayti, na matbuot xizmati va na matbuot kotibi haqida ochiq manbalarda ma’lumot bor.

Ozodlik mavjud barcha ma’lumotlarni hibsdagilarning yaqinlari, tergov ishidan xabardor jurnalist va blogerlar hamda huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayangan holda aniqlamoqda.

Mirzayeva, shuningdek hibsdagi boshqa jurnalistlarning yaqinlari, advokatlari Ozodlik bilan muloqotga rozi bo‘lmayotir.

Ozodlikka hibsdagi hamkasblari haqida munosabat bildirgan qariyb barcha o‘zbekistonlik jurnalist va bloger - bu ish doirasidagi hibs va tergovlar - ularda chuqur xavotir va qo‘rquv uyg‘otganini gapirmoqdalar.

"Nega emas, qanday hibsga olishgani xavotirli"

Qo‘rquv esa, aksar suhbatdoshga ko‘ra, rasman ro‘yxatdan o‘tib ishlayotgan ommaviy axborot vositasi binosiga noma’lum shaxslarning hech bir hujjat va ogohlantirishsiz bostirib kirishi, jurnalistlarning kuch bilan noma’lum manzilga olib ketilishidan uyg‘ongan.

27-yanvar kuni Human.uz tahririyati tarqatgan bayonotda aynan shu haqda xabar qilingan edi:

“Bugun 27-yanvar, soat 10:00 atrofida Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari o‘zini “organ xodimlari” deb tanishtirgan insonlar tomonidan Human.uz saytining Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisidan olib ketilgan. Shuningdek, “organ xodimlari” tomonidan ofisdagi eshiklar buzib kirilgan va ayni damda barcha ma’lumotlar, qurilmalar tintuv qilinmoqda. Human.uz sayti tahririyati to‘satdan va ogohlantirishlarsiz olib ketilgan barcha insonlar salomatligi va holatidan qattiq qayg‘uda”.

Ya’ni, hozir aksar o‘zbekistonlik hamkasblari - Human.uz tahririyati jurnalistlarining hibsga olinishi sabablari emas, balki aynan mavjud qonunchilikka zid tarzda - kuch qo‘llagan holda va hatto, "shturm bilan" hibsga olinganidan xavotir inhor qilmoqda.

“Umid qilamanki, tergov jarayonida Xurshid Daliyev va Mavjuda Mirzayevaning barcha qonuniy haqlariga rioya qilinadi. Shuningdek, advokat va oilasi, yaqinlari bilan aloqa qilish haqqiga ham rioya qilinadi. Umid qilamanki, ularga hibs, tergov chog‘ida bosim o‘tkazilmaydi va sud jarayoni ochiq hamda shaffof o‘tadi. Jurnalistlar jamoasi qonun ustuvorligiga tayanadi. Agar ular aybdor bo‘lsa, bu ochiq va ishonchli ravishda isbotlanishi lozim. Agar aybdor bo‘lmasa, ozodlikka chiqarilishi kerak", deydi jumladan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Nikita Makarenko.

“Kompromatuzb ishi” nega hozir qo‘zg‘atilgani qiziq"

Ayni paytda, shu kunda tarmoqlarda bot-bot tilga olinayotgan savollardan biri “Kompromatuzb ishi” nega aynan hozir qo‘zg‘atildi, degan savol bo‘lmoqda.

Xususan Telegram tarmog‘ida 130 mingdan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan Kompromatuzb kanali anchadan buyon ziddiyatli xabarlarni bemalol ulashib kelayotgandi.

Bu kanalda u yoki bu davlat tashkiloti yoki alohida shaxslarga nisbatan ochiq manbalarda uchramaydigan va odatan, yashirilgan aybi, noqonuniy harakatlarini fosh qiluvchi ma’lumotlar anchadan buyon berilayotgan edi.

O‘zbekistonlik bir necha jurnalist va davlat idoralari xodimlarining Ozodlik bilan muloqotda aytishicha, bu kanal qisqa muddatda aynan davlat va hokimiyat idoralari orasida shu qadar ommalashgandiki, hatto davlat xodimlari orasida “Kompromatuzb chiqib ketasiz” qabilidagi qochirimlar urf bo‘la boshlagan edi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan taniqli o‘zbekistonlik jurnalist, bu sayt ishining aynan hozir to‘xtatilishini - O‘zbekistonda keyingi haftalarda kuzatilgan qator siyosiy voqealar - Toshkent hokimining ishdan ketishidan boshlab, qator idoralar rahbarlarining almashishigacha bo‘lgan voqealar - ya’ni O‘zbekistondagi siyosiy elita va klanlar orasidagi ichki ziddiyatining yuzadagi bir ishorati bo‘lishi mumkin, deb baholaydi:

“Ba’zi jurnalist va blogerlarning hukumatdagi tuzilmalar bilan o‘ta korruptsiyalashgan aloqalari haqida eshitib kelardim. Tergovga tortilgan jurnalistlar haqida biror narsa deyishim qiyin. Hammasini tergov va sud hal qiladi… Lekin, bu jarayonlar nega birdaniga boshlangani qiziq. Xo‘sh, tergovga qadar AOKA Kompromatuzb adminlariga ogohlantirish xati yuborganmidi yoki ommaviy tarzda bo‘lsa ham, biror bir ogohlantirish berilganmidi? Ya’ni, “arqon” nega birdaniga, bugun uzildi?”

Shu kunga qadar, AOKA - O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi - huquqni muhofaza qiluvchi organlarni Human.uz internet-nashri xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilish hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham Human.uz internet nashri jurnalistlarining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotir bildirdi.

"Bundan faqat jurnalistlar yutqazadi"

Jurnalistlar ularga nisbatan ilgari surilgan ayblovdagi jinoyatni sodir qilganmi-qilmaganmi - bunga sud qaror beradi.

Ammo, jurnalistlar aybdor bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’iy nazar - shu kunga qadar jamoatchilik “Kompromatuzb ishi” doirasida guvoh bo‘lgan manzaraning aks-ta’siri bo‘lishi aniq, deydi O‘zbekistondagi yirik Internet nashrlaridan birida ishlaydigan yana bir jurnalist Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda:

"Baribir, bundan faqat jurnalistlar yutqazadi. Birinchidan, hech qanday oldi-berdiga aralashmasdan qo‘ldan kelgancha jamiyatdagi illatlarni baralla aytayotgan hamkasblarda o‘z-o‘zidan senzura paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, xalq orasida jurnalistlarga ishonch pasayadi. Uchinchidan, buni tuhmat deb biladiganlar orasida davlat boshqaruviga ishonchsizlik paydo bo‘ladi. To‘rtinchidan, shundoq ham jurnalist va blogerlarni yoqtirmaydigan davlat organlari, rahbarlari qo‘lida tayyor kaltak paydo bo‘ladi. Bu yog‘iga ta’nalarini, kinoyalarini tindirishmaydi... Xullas, demokratiyaga tashlangan qadamlar sekin ortga chekinadi".