Gaz ballonni oshxonaga qanday ulash kerak? - Energetika vaziri o‘rinbosaridan "layfxak"

O‘zbekistonda qabul qilingan tartibga ko‘ra, bo‘shagan gaz ballonlari 45 kunda bir marta almashtiriladi. Surat Energetika vazirligi rasmiy saytidan olindi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari gaz ta’minotidan uzilgan tadbirkorlar e’tirozlariga javoban, ularga oshxonasidagi o‘choqqa suyultirilgan gaz ulashni o‘rgatdi.

Vazirlik matbuot xizmati vazir o‘rinbosari bayonoti yuzasidan paydo bo‘lgan savollarga javob berishni istamadi.

Gaz ta’minoti idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, aholiga suyultirilgan gaz sotishga limit o‘rnatilgan.

Ayrim ekspertlar fikricha, gaz taqchilligi muammosini hal qilish uchun hukumat shu paytgacha hukumatlar yoki kompaniyalar bilan imzolangan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatovning gaz ta’minotidan uzilgan tadbirkorlarga bergan maslahati to‘g‘risida gazeta.uz 9 - noyabr kuni xabar qildi.

Vazir o‘rinbosaridan layfxak

“Hech kim tappi, ko‘mir yoki o‘tin yoqishga o‘t demayapti. Gaz balloni sotib olinadi, unga suyultirilgan gaz to‘ldiriladi, shundan so‘ng oshxonaga ulangan tabiiy gaz quvuri uziladi va maxsus shlang orqali ballon o‘rnatiladi. Tamom-vassalom”, - degan Behzod Normatov.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov (surat vazirlik rasmiy saytidan olindi)

Suyultirilgan gaz maxsus ballonlarda bo‘lishini, ballonlar plitalarga qanday ulanishini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Bas, shunday ekan, nega bunday maslahat berganini so‘rash uchun Behzod Normatov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik vazir o‘rinbosari bayonoti ortidan Energetika vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, mamlakatda qancha miqdorda suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi, ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz aholining necha foizi ehtiyojini qondira olishini so‘radi. Yozma savollarga hozircha javob olingani yo‘q.

Shikoyatlar oqimidan bir shikoyat

Ayni paytda Ozodlikka keyingi yillarning kuz-qish mavsumi uchun xarakterli bo‘lgan elektr quvvati va gaz taqchilligiga doir shikoyatlar kelishda davom etmoqda. 10 - noyabr kuni Farg‘onaning Bag‘dodidan yozgan fuqaroga ko‘ra, u suyultirilgan gaz to‘ldirilgan so‘nggi ballonni sentabr oxirida sotib olgan. “Gazni choy qaynatish va bir marta ovqat qilishga ishlatamiz, xolos. Uy isitamiz desak, bir ballon gaz ikki kungayam yetmaydi. Gazimiz oktabr tugamay ,tugagan. Qachon kelishi noma’lum”, deb yozdi Bag‘dod tumani yashovchisi.

Bu suratni Ozodlikka jo‘natgan farg‘onalikning aytishicha, ballon, shlang va o‘txonadan iborat bu to‘plam narxi 70-80 dollar turadi. Biroq bir ballon gaz bu moslamada yoqilsa, ikki kunga yetmaydi.

Bir oyda bitta oilaga 12 kg 600 gr., lekin tarqatish 45 kunda bir marta

“Bag‘dodtumangaz” korxonasi mutaxassisi (ismi V.) 10 noyabr kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, bir tomondan hamyurtining shikoyati o‘rinli ekanligini tan oldi, ikkinchi tomondan esa, aholining “shikoyat qilishi o‘rinsiz” ekanini ilova qildi.

“Suyultirilgan gaz ta’minotida grafikka tushib oldik - 45-50 kunda yetkazib berish grafigiga. 1 oyda 1 oilaga 12 kg 600 gr suyultirilgan gaz berilishi belgilab qo‘yilgan. 45-50 kunda bir tarqatilishi hisobga olinsa, har bir oilaga 20 kilodan to‘g‘ri keladi”, - dedi “Bag‘dodtumangaz” korxonasi mutaxassisi. Uning aytishicha, tuman aholisining 90 foizi suyultirilgan gazga o‘tkazilgan. Bag‘dod tumanida taqriban 200 ming kishi atrofida aholi yashaydi.

Energetika vazirligi aholiga suyuq gazni 45 kunda bir marta sotishni gaz ballonlariga shtrix kodli stikerlar o‘rnatish bilan nazorat qilmoqchi.

Nima uchun suyultirilgan gazni sotishga bu kabi limit belgilangani ma’lum emas.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainov Ozodlik bilan suhbatda shu kunda mamlakatda qancha suyultirilgan gaz ishlab chiqarilayotganiga oid aktual ma’lumotga ega emasligini bildirar ekan, bunday dedi:

“Qancha ishlab chiqarilayotganiga oid so‘nggi statistika qo‘limda yo‘qligi uchun bir narsa deyishim qiyin, lekin miqdor katta ekanligini ayta olaman. Biroq muammo ildizi ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gazning eksport qilinayotganidadir”.

Anvarmirzo Husainovning aytishicha, O‘zbekiston tabiiy gazdan tashqari suyultirilgan gazni ham qo‘shni davlatlarga eksport qiladi. Shu yil sentabrda O‘zbekiston Tojikistonga suyultirilgan gaz eksportini yil oxirigicha to‘xtatib qo‘ygani xabar qilingan edi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarining aytishicha, suyultirilgan gaz aholiga talab darajasida sotilmayotganining yana bir sababi bu yonilg‘ining ayrim ishlab chiqarish korxonalari, masalan, “Navoiyazot” kabilar uchun xomashyo ekanligidadir.

Ba’zi muhim raqamlar

2019 - yilning yozida «O‘zbekneftegaz» kompaniyasi rahbari Bahodirjon Siddiqov mamlakat gaz eksportiga oid ma’lumotlarni birinchi marta ochiqlar ekan, “mamlakatda gazga bo‘lgan ichki ehtiyoj 39- 40 milliard kubometrni tashkil etishi”ni aytgan, o‘shanda mamlakatdagi iste’molchilarning yarmi suyultirilgan gazga o‘tkazilgani aytilgan edi.

Prezident Mirziyoyev shu yil fevralida o‘tkazgan maxsus yig‘inda “joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 60¸8 milliard kubometr tabiiy gaz kerak”ligini aytgan, bu esa¸tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyoj haqida rasmiylar hozirga qadar aytib kelgan raqamdan 20 mlrd kub metrga ko‘p deganidir.

Aytilgan 20 mlrd kub metr yetmayotgani uchun hukumat bu yil ham xo‘jalik yurituvchi subyektlar 1 - noyabrdan boshlab gaz ta’minotidan uzilishini bidirib, ularga muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishni tavsiya qildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatovning oshxonadagi o‘choqqa suyultirilgan gaz ballonini ulashga oid maslahati mana shu holat bilan bog‘liq.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston "Lukoyl" kompaniyasidan 5 milliard kub metr gaz sotib olgan.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida gapirgan Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov "Lukoyl" O‘zbekistonga gazni eksport narxidan arzon sotganini aytgan.

“Lukoyl” O‘zbekistonda 2004 - yildan beri gaz qazib oladi. O‘tgan yili shirkat 14 mlrd kub metrdan ko‘proq gaz qazib olgan va bu gazning katta qismi eksportga, asosan Xitoyga ketgan. 2020 - yili kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatini 16 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalagan edi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainovning fikricha, O‘zbekiston davlatlar va kompaniyalar bilan gaz qazish va gaz sotishga doir kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishi lozim. Masalan, jamoatchilik anchadan buyon “O‘zbekneftegaz” “Lukoyl” bilan tuzgan konsortsiumda “Lukoyl” ulushi nega 90% qilib kelishilganini tushunolmay keladi.

"Bu kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilishi, kamida 50 ga 50 qilib tuzilishi kerak", - dedi Anvarmirzo Husainov.

Prezident Mirziyoyev 2019 - yili Senatdagi chiqishida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirarkan, mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolash vaqtida milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytgandi.

Keyingi paytlarda mamlakat jamoatchiligi aholini energiya manbalari, xususan, suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadigan korxonalar monopolist ekanligiga e’tibor qaratib, muammo yechimi bu ishni xususiy sektorga berishda ekanligini aytmoqda.

2015 - yildan buyon amalda bo‘lgan tartibga muvofiq, suyultirilgan gazni tovar-xomashyo birjasidan faqat yuridik shaxslar sotib olishi va realizatsiya qilishi mumkin.