"Dengizdan suv qochganda.." Kichik Orolning so‘nggi baliqchilari

Kichik Orol sohili — Orol dengizining shimoliy qismi. Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024

Tastubek – Orol dengizi bo‘yidagi kichkina baliqchilar ovuli. Dengizdan suv qochganda bu yerda hayot deyarli to‘xtab qolgandi. Ko‘korol to‘g‘oni qurilgach dengizning shimoliy qismi qaytadan suvga to‘ldi, suv bilan birga baliqchilar ham qaytishdi. Bugungi kunda shimoliy Orol yana sayozlashgan, suv tortilib bormoqda, ammo Tastubekda hayot o‘z maromida davom etayotir: baliqchilar har kuni to‘r tashlab, kamtarona o‘ljani yig‘ib oladilar. Ozodlik radiosi qozoq xizmati muxbiri Pyotr Trotsenko Kichik Orol deb bilingan Orol dengizining Qozog‘iston tomonidagi baliqchilarning bugungi hayoti haqida hikoya qiladi.

Sahar vaqti. Quyosh ufqdan bosh ko‘targanicha yo‘q, kupe ichi ko‘roydin. Men eski, shaloq poyezdda Orolbo‘yi cho‘llari bo‘ylab ketyapman. Darcha ortidagi manzara soatlab o‘zgarmaydi: sariq-bo‘z chalacho‘l, beton simyog‘ochlar, chang bosgan giyohlarni o‘ychan kavshayotgan og‘irkarvon tuyalar. Kamina Qizilo‘rdadan otlanib, bir zamonlar bahaybatligi uchun dengiz nomini olgan ko‘l sohilida bo‘lgan Orol shahriga boryapman. Temiryo‘l bekati hamon Aral teңіzі deb ataladi, garchi bu yerda qachonlardir katta suv bo‘lganini eslaydiganlar kam qolgan bo‘lsa-da.

Poyezd derazasidan olingan Orolbo‘yi dashti. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Men tushgan kupeli vagon shu qadar abgor va ko‘hnaki, Orol dengizi to‘lqinlari shahar etagini yuvib turgan, bandargohda baliqchi kemalar qantarig‘liq turgan zamonlarni ko‘rgan bo‘lsa ajab emas. O‘shandan beri yarim asrdan ziyod vaqt o‘tdi. Hozirda portning ochilib qolgan tubida qaynoq cho‘l shamoli mayda tuzli tuproqni havoga ko‘targancha g‘uvillab yuradi.

Safarim Orol shahrida tugamaydi. Undan o‘tib, bu yerlardan o‘nlab kilometrga chekingan dengiz bo‘ylariga chiqishim kerak. 1980-yillar oxirida Orol dengizi shiddat bilan qurib, ikki – shimoliy va janubiy qismga bo‘lingan. Shimoliy qismga (hozir uni Kichik Orol deyishadi) Sirdaryo daryosi quyilgan, uning suvi janubiy Orolga ketib qolmasligi uchun daryo etagida to‘g‘on qurishga qaror qilingan edi.

Orol dengizidagi cho‘lga aylangan bandargoh. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

To‘g‘on o‘rnida dastlab qum va tuproq uyib, band ko‘taradilar, lekin u chidash bermaydi va ikki marta yuvilib ketadi. Axiyri Jahon banki chinakam beton inshoot qurilishiga pul ajratadi va 2005-yilda 13 kilometrli Ko‘korol to‘g‘oni bino bo‘ladi. Ammo u ham muammoni to‘liq yecha olmaydi.

Birinchidan, konstruksiya yetarlicha baland emas – atigi 6 metr: Kichik Orol suvi shuncha ko‘tarilgach, ortiqchasini qaqrab yotgan janubiy qismga qo‘yib yuborishga to‘g‘ri kelmoqda, bu-ku mayli, biroq suv bilan birga baliqlar ham oqib ketadi va haddan ortiq sho‘r muhitda nobud bo‘ladi. Boz ustiga, to‘g‘on janubiy Orolni Sirdaryo suvidan uzib qo‘yib, halokatini tezlashtirdi. Hozirda Kichik Orolda suv hajmini oshirish uchun to‘g‘onni yana 6-8 metrga ko‘tarish haqida gapirilmoqda, ammo bunga juda katta mablag‘ kerak bo‘ladi.

Orol dengizining shimoli uzra uchayotgan qag‘oq (chayka). Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024

2000-yillar o‘rtalarida Kichik Orolni qutqarish loyihasi muvaffaqiyatli hisoblangan: havza to‘lgan, suv sho‘ri kamaygan, baliq esa ko‘paygan. Orolni tiklashdan umid uzilmagan bo‘lsa-da, avvalgi nekbinlik yo‘q, chunki Sirdaryo suvi yil sayin tortilmoqda.

Shunga qaramay, chalajon dengiz bo‘yida odamlar hanuz yashashyapti. Ular yuz yillar burungi ota-bobolari kabi, baliq ovlab tirikchilik qilishda davom etmoqdalar.

Qachondir Orol dengizining tubi bo‘lgan yerlarda mollar cho‘zilib yotibdi. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

TASTUBЕK

Orol shahrida poyezddan tushib, mashinaga o‘tiraman. Qahri qattiq iqlim va dabdala yo‘llarga chidamli kattakon yapon ulovi meni shahardan yuzlab chaqirim olisda va dengizdan atigi besh kilometr berida joylashgan Tastubek ovuliga olib ketmoqda. Ovul ahli baliq ovlash va mol boqish bilan shug‘ullanadi. Tastubekda shulardan boshqa tirikchilik manbai yo‘q.

Haydovchi – Serik ismli 40 yoshlar chamali yigit. Orol shahrida tug‘ilib, katta bo‘lgan. Shahrini yaxshi ko‘radi, hech qayerga ko‘chib ketishni istamaydi. Serik shahar yaqinida bir paytlar dengiz bo‘lganini ota-onasining hikoyalaridan biladi, xolos. U davrlarda atrof-muzofotdagi barcha odamlarning turmushi dengiz bilan uzviy bog‘liq edi.

Bir paytlar Orol dengizining tubi bo‘lgan yarim cho‘l hudud. Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024

– Onam 25 yil Orol baliqni qayta ishlash zavodida ishlagan. Katta zavod bo‘lgan, butun shahar shu korxona tufayli bunyod qilingan, – deydi Serik. – Orol to‘la bo‘lgan yillar baliq zavodida salkam uch ming kishi ishlagan ekan. Otam esa kemasozlik zavodida ishlagan. Dengizdan suv qochgach bu korxonalarning bari yopilib ketdi.

Orol shahrida Serikning kichkina biznesi bor: u sayyohlarni Orolbo‘yidagi taniqli joylarga tomoshaga olib boradi. Huvillab yotgan baliqchi manzilgohlariga, Kichik Orolga, Ko‘korol to‘g‘oniga. Ajnabiylar ilgari kemalar qabristonini ko‘rishga ishqiboz edi, lekin mahalliy aholi eski kemalarni allaqachon bo‘laklab tashib ketib, pullab yuborgan. Serik sayyohlik biznesi daromadli ish, lekin mavsumiy, qishda bu yerlarga chet elliklar kam keladi, deydi.

Birdan asfalt tugab, eski toshyo‘lga chiqamiz. Chang-to‘zg‘on ko‘tarilib, ulovimiz silkina boshlagach Serik oynalarni ko‘taradi va konditsionerni qo‘shadi. Konditsioner bo‘lmasa bunaqa joylarga uzoq safar, ayniqsa begona odamni holdan toydirishi aniq. Lekin mahalliy aholi uchun jazirama, chang-to‘zon va shamol – har kuni bo‘ladigan oddiy narsalar.

Kichik Orolda tong otmoqda. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

– Aytishlaricha, ilgari odamlar ko‘p kasal bo‘lgan: shamol dengiz tubidagi tuzni har yoqqa sochgan, har ikki kishidan birining o‘pkasi yo buyragi og‘rir ekan. Lekin hozir nolishmaydi, kasallik kamaydi. Yoki ko‘nikishdi. Kichik Orolda suv ko‘tarilgan, sho‘r avvalgidan ancha kam.

Gapga andarmon bo‘lib Jalanash qishlog‘iga yetganimizni bilmay qolibman. U ham burun baliqchilar manzilgohi bo‘lgan, ammo dengiz chekinganidan so‘ng huvillab qolgan. Bu tomonlama Tastubekning omadi bor ekan – Ko‘korol to‘g‘oni qurilishi mahalliy baliqchilarning joniga oro kirdi.

Aka-ukalar Serjan va Nurjan tonggi baliq oviga chiqmoqda. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

1990-yillarda Orolda suv juda tortilib, shusiz ham kichik ovul (30 yil muqaddam Tastubekda qariyb 90 ta xonadon bo‘lgan)da hayot deyarli to‘xtaydi. Boshqa boradigan joylari bo‘lmagan 7-8 oila qoladi, xolos. To‘g‘on qurilib, Orol dengizining shimoliy qismiga suv qaytgach, odamlar Tastubekni qora tortib kela boshladilar. Ularning aksari baliq ovlab boy bo‘lishdan umidvor ishsiz yosh-yalang edi.

Bugungi kunda Tastubekda 120 jon istiqomat qiladi, balki kamroqdir . Anig‘ini menga hech kim aytolmadi. Qishloqda to‘rt yillik maktab, elektr bor, bultur esa sim tortib internetni ulab berishibdi: sust ishlasa ham WhatsApp orqali foto jo‘natish va Tik-Tok'da roliklarni ko‘rishga yaraydi. Lekin mobil aloqa chatoq, aniqrog‘i, yo‘q. Internet o‘tkazilgunicha ovulliklar qarindoshlari bilan gaplashish va dunyodan xabardor bo‘lish uchun Tastubekdan chiqishga majbur bo‘lishgan ekan.

Tastubek ovulidagi baliqchilardan birining ayoli Oyko‘rki. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Biz ota-bobosi baliqchi o‘tgan aka-ukalar – Serjan va Nurjanning uyiga keldik. Kattasi, Serjan anchadan beri Orol shahrida yashar, lekin tez-tez yurtiga kelib turar ekan. Nurjan esa bir umr Tastubekda yashagan va hech qayerga ketmoqchi emas. U baliqchilik va chorva bilan shug‘ullanadi: tuya, ot boqadi. Xotini Oyko‘rki maktabda muallima bo‘lib ishlaydi, ikkovlon to‘rt bolani katta qilishmoqda.

Nurjan baliq to‘rini tashlamoqda. Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024

Past bo‘yli, yuzi shamol va oftobdan qorayib ketgan vazmin tabiatli Nurjon o‘zi haqida istar-istamas, go‘yo birov majburlayotgandek kuchanib gapiradi.

– Otam shu yerlarda baliq ovlagan, bobom ham, men ularning ishini davom ettiryapman. Tastubek menga yoqadi: tinch-osuda, biqinimizda dengiz, baliq bor. Xohlasam ertagayoq ko‘chib ketishim mumkin, lekin ketmayman, chunki vatanim shu yer. Yozda qimiz va qumron sotamiz, kuzda bo‘rdoqiga mol boqamiz, qish va bahorda baliq tutamiz.

Nurjan kattakon yangi uy solgan ekan, pardozi hali bitmagani uchun oila yozlik oshxonada yashab turishibdi. Hovlida tuyalarni qamash uchun qo‘ra va bir nechta og‘il bor. Kechqurunlari Oyko‘rki moyalarni sog‘ib, qumron tayyorlaydi. Bo‘sag‘ada tozi it yotibdi. Nurjan kuzda qamishzorlarda o‘rdak, cho‘lda esa quyon otish mumkinligini aytadi.

Orol dengizi sohilida baliq oviga hozirlik. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Baliqchilik ham mavsumiy mashg‘ulot. Bu bilan asosan qish va kuzda shug‘ullanishadi. Sovuqda baliq serharakat bo‘ladi va to‘rga ko‘p tushadi, qolaversa o‘ljani shaharga aynitmasdan, betalofat yetkazish mumkin. Yozda baliq narxi tushib ketadi, ovning ham barakasi uchadi, chunki baliq salqin joy qidirib dengiz tubiga tushib oladi. Ushlash qiyin bo‘ladi. To‘g‘ri, ovulliklar yozda ham baliq ovlashadi, lekin asosan o‘z ro‘zg‘orlari uchun yoki oz-moz sotishga. O‘lja suv sathiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq: suv qochgan sari, baliq ham kamayadi.

– Taxminan 2019-yildan dengiz yana tortila boshladi, chunki Sirdaryo suvi kamaydi, suv bilan birga baliq ham – deydi Nurjan. – Ba’zi yillar kuniga 80-100 kilogacha baliq ovlardik, hozir bunaqa o‘ljani faqat tushimizda ko‘ramiz.

Kichik Orol qirg‘og‘idagi baliqchilar avtoulovlari. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Kech kira boshlaydi. Nurjan bilan Serjan baliqchilik anjomlarini shaylab, motorni tekshirishadi va daqqiyunusdan qolgan “uazik”da dengiz tomonga ravona bo‘lamiz. “Uazik”lar – Tastubekda eng ommabop transport, yagona ulov desayam bo‘ladi, har holda men shundan boshqasini ko‘rmadim. Serjan sababini tushuntirdi: bu atroflarda yo‘l yo‘q, pishiq, arzon va to‘rtala g‘ildiragi tortadigan “uazik” esa bunaqa joylar uchun juda bop ekan.

Kichik Orol qirg‘og‘i tong otarkan. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Dengiz bo‘yida allaqachon bir-biridan eski “uazik”lar tizilib turar, baliqchilar suvda kuymalangancha qayiqlarni shaylar va anjomlarni tashishmoqda edi. Serjan bilan Nurjan ham to‘r va qayiqni mashinadan tushirishdi, 20 daqiqadan so‘ng dengizga chiqdik.

Qayiq tobora ildamlab kunbotar tarafga suzadi, sohil ko‘zdan yo‘qoladi va parrak tagida yashiltob suv ko‘piklana boshlaydi. Nurjan qayiqning quyrug‘ida o‘tirgan ko‘yi bir qo‘li bilan rulni aylantiradi, ikkinchi qo‘lida esa to‘r solinadigan joyni aniq topish uchun GPS-navigatorni ushlab turadi.

Nihoyat, qayiq sekinlashadi. Serjan bilan Nurjan anjomlarni tayyorlaydilar, so‘ngra GPS-navigatordan koordinatalarni tekshirishadi. Biz to‘xtagan joy chuquremas ekan: tip-tiniq suv qatlami aro dengiz tubida o‘sgan suvo‘tlarni ko‘rish mumkin edi.

– Chuqurlikni o‘lchamadik-ku, lekin dengiz baribir sayozlashyapti, – deydi Serjan to‘r chigalini yozib ukasiga uzatarkan. – Bu yil suv o‘tgan yilgidan salgina ko‘tarilgan, baliq ham ko‘proq.

Nurjan baliq to‘rini dengizga tashlamoqda. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

Qirg‘oqqa qaytamiz. Og‘a-inining gapiga ko‘ra, Orolda zog‘orabaliq, oqqayroq, sudak, cho‘rtan va xumbosh kabi baliqlar ovlanadi. Nurjan 1980-yillar oxirida Orolga Azov dengizidan qalqonbaliq (kambala) chavoqlari keltirilganini va ular kutilmaganda bu yerga tuppa-tuzuk moslashganini so‘zlab beradi. Keyin bir kitobda o‘qidimki, qalqonbaliq qaytaga sho‘r suvni yaxshi ko‘rarkan, tez ko‘payarkan. Shu bois Ko‘korol to‘g‘oni qurilib, Orol suvida tuz sezilarli darajada kamaygach qalqonbaliq tanqislashib ketibdi.

Tastubekka yetgunimizcha qorong‘i tushadi. Baliqchilarni uyda tuya go‘shtidan beshbarmoq kutib turgan ekan. Ovqatdan so‘ng hovlida yotdik. Yoz tunlari bir tutam, to‘rlarni esa quyosh chiqmasdan tekshirish kerak.

Kichik orolda tonggi baliq ovi. Qizilo‘rda viloyati, 4-iyul, 2024

TONG

Endi ko‘zim ilinganida budilnik shovqin soldi. Soatga qaradim: 3.30. Vaqt bo‘libdi. Tastubek suv quygandek jim-jit: tong oldi shunaqa bo‘ladi, hatto qo‘riqchi itlar va tunda ov qiladigan qushlar ham uxlaydigan mahal. Faqatgina ko‘rshapalaklar xo‘rak qidirib ovul uzra sassiz uchardi.

Tastubek ovulida tong yorishmoqda.

Eski “uazik” tanish yo‘ldan silkina-silkina ketmoqda. Hali uyqumiz o‘chmagani sababli gaplashishga hech kimda hafsala yo‘q, chiroqlarning sariq nuri yoritib turgan cho‘lga tikilgan ko‘yi jimgina ketyapmiz. Mashina ortidan tozi itlar ergashib kelmoqda – nonushtaga yangi baliq yeb mazaxo‘rak bo‘lib qolishgan shekilli. Qirg‘oqda allaqachon baliqchilarning bir nechta “uaziki” saf tortib turardi. Balki ular kechasi uyga ketishmagandir.

Nurjan etiklarini kiyib dengizga chiqishga hozirlanmoqda.

Aka-uka motorli qayiqni tushirib, qo‘nji uzun rezina etik kiyib olishgach, suzib ketdik. O‘n daqiqadan keyin qayiq birinchi to‘r oldida to‘xtadi: plastik idishdan yasalgan po‘kakni tonggi g‘ira-shirada tezda topdik. Serjan qayiqning burun qismida tik turgancha to‘rni ehtiyotkorlik bilan, lekin chaqqon torta boshladi, Nurjan esa uning yonida baliqlarni to‘rdan chiqarib olib, qayiq tubiga tashlardi. Birinchi to‘rga 18 ta o‘rtacharoq zog‘orabaliq ilinibdi.

Kichik orolda tonggi baliq ovi. Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024

Ikkinchi to‘rda ozroq ekan: o‘shanday kattalikdagi o‘ntacha zog‘orabaliq va bir juft tovonbaliq sanadik.

– Yozgi mavsum uchun yomon emas, – deydi Serjan. Ammo ovozidan hafsalasi pir bo‘lgani sezilib turardi. Bizdan birmuncha uzoqda, dengiz to‘lqinlari uzra yana bir qayiq chayqaladi. Nazarimda, ularning ham ovi uncha baroridan kelmagan.

Tepamizda surbet chag‘alaylar baliqdan umidvor bo‘lib charx uradi, ammo qayiqda odam ko‘p bo‘lgani uchun yaqinlashishga yuraklari betlamaydi. Aka-uka to‘rlarni suvga qaytargach, qayiqni qirg‘oqqa haydaydilar. Oldinda ularni oddiy qishloq tashvishlariga to‘la navbatdagi kun kutib turibdi: ot va tuyalarga qarash, yana motori taqillab qolgan “uazik”ni tuzatish kerak.

Orol dengizida tonggi baliq ovi. Qizilo‘rda viloyati, 3-iyul, 2024