Ukrainaning Rossiya bosqinidan ozod qilingan Chernigov viloyatida jasadlari tashlab ketilgan rus askarlariga tegishli hujjatlar orasidan O‘zbekiston pasporti topildi.
Ukraina qurolli kuchlari harbiysining Ozodlikka aytishicha, hujjatlar viloyatning Nova Basan tumanida topilgan, pasport egasining jasadini tanish imkonsiz.
Ozodlik bu pasport nusxasini O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga yo‘lladi va hozirda savollarga javob kutmoqda.
Agar shaxsi va vafoti tasdiqlansa, bu Ukraina hududidagi jang maydonida rus armiyasi safida o‘lgan Ozodlikka ma’lum ilk o‘zbekistonlikdir. Urush sharoitida bunday ma’lumotlarni tezkor tasdiqlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.
Ammo keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, Kreml ta’biricha “maxsus harbiy operatsiya” deb atalayotgan bu urushga Rossiya tomonidan jalb qilinayotgan o‘zbekistonliklar haqida norasmiy ma’lumotlar ko‘paymoqda.
Ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan Ukraina qurolli kuchlarining birinchi toifali serjanti, O‘zbekiston pasportining egasi “o‘lgan bo‘lishi mumkin”ligini taxmin qildi.
“Pasportni Chernigov viloyatining Nova Basan tumanida topdik, uni men suratga oldim. Bu tumanda rus askarlariga tegishli pasport va harbiy biletlar topildi, shuning uchun bu pasport egasi ruslar tomonida urushgan, degan fikrga keldik. Katta ehtimol bilan u o‘lgan”, dedi serjant Ozodlik bilan suhbatda.
Ozodlikda nusxasi bo‘lgan pasport Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanida 1993 yilda tug‘ilgan O.S.ga tegishli. Hujjat 2019 yilning 12 iyunida Xorazm viloyatida berilgan.
Ozodlik bu pasport egasining shaxsi rasman tasdiqlanguniga qadar, ma’lumotlarni to‘liq oshkor qilmaydi.
Ukraina QK serjantining Ozodlikka aytishicha, pasport egasining urushga qadar Ukrainada bo‘lgan mehnat muhojiri yoki talabasi bo‘lishi ehtimoli juda oz:
“Chunki, o‘sha hujjatlar topilgan joyda biznikilar ruslarga qarshi shturmni boshlagan edi va bu yerda yonib ketgan harbiy texnika, yonib ketgan jasadlar juda ko‘p. Bundan tashqari, mahalliy aholidan ham so‘radik, ular bunaqa shaxsni tanimayapti”.
Uning aytishicha, urush sharoitida bu jasadlarning shaxsini aniqlash yoki dushman askarlari jasadining qidirilishi imkonsiz. Zotan, rus armiyasidan ozod etilayotgan hududlarda dahshatli vayronalar hamda ular ostida qolayotgan jasadlar ko‘p.
Ukraina QK serjanti urush maydonida dushman saflarida bo‘lgan o‘zbekistonlikni shaxsan ko‘rmaganini ham ilova qildi.
Bu o‘zbek pasportining fotonusxasi ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadagi urushni yoritayotgan aksar sahifalar, Telegram-kanallarida yoyildi.
Hozircha Ukraina qurolli kuchlari tomonidan bu pasport egasi yoki jang maydoniga tushib qolgan, u yerda asir olingan yoki o‘lgan O‘zbekiston fuqarolari haqida biror rasmiy ma’lumot berilmadi.
Ozodlik pasport nusxasini O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga ham yo‘lladi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, Ozodlik tegishli tartibda yo‘llagan rasmiy so‘rovga aniqlik kiritilishini bildirdi.
Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, mamlakat fuqarolarini Ukrainadagi urushga aralashmaslik, buning oqibatida O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirib keladi.
“Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz”, deyilgan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi avvalroq e’lon qilgan bayonotida.
Ammo Rossiya tomonidan turli yo‘llar bilan urush maydoniga borib qolayotgan o‘zbekistonliklar haqida tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar borasida O‘zbekiston rasmiy idoralari biror rasmiy ma’lumot bermagan.
Ozodlik avvalroq Ukraina hududiga Rossiyadagi xususiy harbiy shirkatlar tomonidan yo‘llangan o‘zbeklar haqida xabar bergan edi.
10-sentabrь kuni tarmoqlarda Ukraina hududida rus askarlari bilan birga qo‘lga olingan ikki o‘zbekistonlikning videosi tarqalgandi.
Videoga ilova qilingan xabarda, o‘zbeklar Ukrainaning 25-havo-desant brigadasi harbiylari Xarkov viloyatining Balakleya shahri ostonasida rus qo‘shinlari safini yorib o‘tishi paytida qo‘lga olingani aytilgan.
Qo‘lga olingan asirlar O‘zbekistondan ekani, xususiy harbiy bo‘lim tarkibida minomyotchi sifatida jang qilganini aytishgan.
“Biz O‘zbekistondan ikki kishimiz. Moskvada edim. Hujjatsiz ishlardim. Qurilishda ishlab yurgandim – bu yerga yuborishdi. Mashinada 5 kishi edik. Hech kimga o‘q uzganim yo‘q! Endi kelgan edik. Samarqanddanman”, deydi ko‘zlari bog‘langan birinchi asir videoda.
Ukrain harbiylarining “Oilang bormi?” degan savoliga u: “Ota-onam bor, 5 yil hujjatsiz ishlab yuruvdim, qarzim bor edi”, deb javob beradi, o‘zini avvaliga “Bobojonov”, keyin esa “Boysuxanov” deb aytgan o‘zbekistonlik yig‘lamsirab.
“Familiyam va ismim A. M. S. o‘g‘li. O‘zbekistondan, Samarqanddanman. Yoshim 22 da. “Redut” xususiy harbiy kompaniyasida 120 mm minomet batareyasida xizmat qilib kelganman. Ukrainaga KAMAZda olib kelishdi. O‘zbekistondan yana bir yigit bor edi. Bungacha Moskvada yashardim. Talaba edim, pul kerak bo‘ldi”, deydi ikkinchi asir.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa rasmiy idoralar, bu masalada hozircha biror izoh bergani yo‘q. Bu o‘zbekistonliklarning keyingi taqdiri noma’lum.
Asirlar haqida xabar bergan ukrainalik bloger Yuriy Butusovning Ozodlikka aytishicha, ikki o‘zbekistonlikni Ukraina razvedka boshqarmasi hibsga olgan. Ozodlik Ukraina QKga rasman murojaat yo‘lladi, hanuz javob kutmoqda.
Ukraina urushiga Rossiyaning bir necha xususiy harbiy shirkatlari ham jalb etilgan. Ular yollagan askarlar orasida Rossiyaga pul ishlash uchun borgan mehnat muhojirlari hamda o‘zbekistonlik professional harbiylar borligi haqida norasmiy ma’lumotlar bor.
Ukrainadagi teroborona - harbiy va ko‘ngillilardan iborat maxsus hududiy mudofaa bo‘linmasi tarkibidagi 40 yashar o‘zbekistonlik Farruh Nurmatov, aynan shu xususiy shirkatlar o‘zbekistonliklarni yollamoqda, degan xulosada.
“Oxirgi ma’lumot, Rossiya qamoqlarida uzoq yillarga qamalgan o‘zbekistonliklarning urushga olib ketilayotganini aytishyapti. Bundan tashqari, Rossiyada o‘zbekistonliklar yig‘iliadigan oshxonalarga, korxonalarga borib: “Fuqaroliklni oson olasiz, pul ishlaysiz”, deb o‘zbeklarni o‘zbeklar yollayotgani aytishyapti. Ya’ni, bunaqa norasmiy gaplar juda ko‘p”, deydi Nurmatov.
Ammo bunday ma’lumotlarning rasmiy tasdig‘i yo‘q. Shu bois urushga jalb qilingan o‘zbekistonliklarning soni borasida aniq ma’lumot yo‘q.
Bundan tashqari, KUkrainadagi urushni “maxsus harbiy amaliyot” deb atagan Rossiya tomoni markaziy osiyolik muhojirlarning urushga yo‘llanayotgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Shu yilning 25-sentabrida Putin e’lon qilgan qisman mobilizatsiyaga ham xorij fuqarolari jalb qilinmasligi aytilgan.
O‘tgan hafta Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, o‘zbekistonlik va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari Ukrainadagi urushga safarbar qilinayotgani haqida tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarni “feyk” deb atadi.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmati, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.
Hozirga qadar O‘zbekistonda bu jinoyatda ayblanib qamoqqa tashlangan o‘zbekistonliklar haqida ham ochiq manbalarlarda biror ma’lumot yo‘q.
Ozodlik bu boradagi barcha savollarni to‘plab, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga rasman yo‘lladi, javob kutmoqda.