"Bu ikki davlat o‘rtasidagi masala". Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi Nukus voqealaridan oldin va keyin

Nukusdagi norozilik namoyishi. 1-iyul, 2022-yil.

Qozog‘iston mamlakatda yashab kelayotgan etnik qoraqalpoqlar – Qoshqarboy Toremuratov hamda Jangeldi Jaqsimbetovga qochqin maqomini berishdan bosh tortdi. Ular 2022-yil sentabrdan beri O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra tergov hibsxonasida saqlanmoqda: Toshkent ularni “respublika konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz”da ayblab xalqaro qidiruvga bergan.

Qozog‘istonda Toshkent so‘roviga binoan qoraqalpoq diasporasining jami besh vakili hibsda ushlab turilibdi. Ularning barchasi – Aqilbek Muratovning do‘stlari va safdoshlaridir. Aqilbek necha yildirki, Qozog‘istondagi qoraqalpoqlar birligi uchun kurashadi. Ozodlik qozoq xizmati u bilan uyushma qanday paydo bo‘lgani va bugun bo‘layotgan voqealar xususida suhbatlashdi.

“Bolalarimga nima deyman?”

Aqilbek Muratov 35 yoshda, kasbi dasturchi. O‘zining aytishicha, “chet eldagi qoraqalpoq diasporasining boshini biriktirish bilan shug‘ullanish 22 yoshigacha tushiga ham kirmagan”.

Aqilbekning tomirlarida ham qoraqalpoq, ham qozoq qoni bor. Ammo umrining yarmiga qadar nasl-nasabi bilan jiddiy qiziqmagan. O‘zbekistonning Navoiy viloyatida maktabda o‘qib yurganida unga “qozoq” deb laqab qo‘yishgan ekan, uyda onasining qistovi bilan faqat qozoqcha gaplashgan va aslim kim deb o‘ylab ham ko‘rmagan.

“2013-yilda uylandim, ota bo‘lgim keldi. Shunda o‘zimga savol berdim: men kimman, qaysi xalqqa mansubman, aslim haqida bolalarimga nima deyman? Farzandlarim o‘zlarini nasl-nasabsiz deb his qilmasliklari uchun nima qilishim kerakligini o‘ylab uyqum qochdi”,- deydi Aqilbek.

Ma’lum bo‘ladiki, u qoraqalpoqlar tarixi va madaniyati to‘g‘risida hech vaqo bilmas ekan. Faqat u emas, boshqalar ham.

“Men tug‘ilib, o‘sgan Navoiy viloyati hududi 1936-yilgacha Qoraqalpog‘iston avtonomiyasining bir qismi bo‘lgan esa-da, mahalliy qoraqalpoqlar tili va o‘zligini deyarli unutgan. Madaniy xotira, til xotirasi qolmagan hisob. Qoraqalpoqlar tarixini hech kim bilmaydi. 2000-yillar boshlaridagina O‘zbekiston hukumati qoraqalpoq maktablarini ochishga kirishdi, biroq bu maktablarda bolalar hanuz juda kam”,- hikoyasida davom etadi suhbatdosh.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст

2013-yilda u o‘ziga hammaslaklar qidira boshlaydi va ijtimoiy tarmoqdagi butun dunyo qoraqalpoqlari guruhida Qoshqarboy Toremuratov bilan tanishadi.

“Unga Olmaotada diaspora tuzishni taklif qildim. Rozi bo‘ldi. Biz guruhlarga xabar jo‘natib, tanishuv uchun Panfilov bog‘ida to‘planishimiz haqida e’lon berdik. Ammo yig‘inga ikkimizdan boshqa hech kim kelmadi. Ikkovlon selfi-suratga tushib, uni “Qoraqalpoqlarning Olmaotadagi birinchi syezdi” deb atadik”, – deydi kulib Aqilbek Muratov. – U paytlar o‘z ofisim bor edi, har yakshanba yig‘in bo‘lishi haqida peshma-pesh e’lon berib borardim. Ishimiz juda sust edi: bir yakshanba uch kishi kelsa, keyingisida – besh kishi, uchinchi yakshanbada kutilmaganda 50 kishi kelar, undan keyin yana atigi to‘rt-besh kishi to‘planardik. Lekin baribir odamlar jonlandi, har yakshanba yig‘ilish odat tusiga kirdi. 2014-yil boshlariga dovur shunday davom etdi.

Muratovga ko‘ra, Qozog‘istonda va xususan Olmaotada yashovchi qoraqalpoqlar salmog‘iga doir aniq ma’lumot yo‘q. U bilan Toremuratov tashkil qilgan uyushma hisob bo‘yicha ikkinchi aslida. Birinchisi Aqtauda paydo bo‘lgan. 2022-yilda uning yetakchisi Niyatbay O‘razbayev O‘zbekistonda qidiruvga beriladi va “hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsion tuzumni ag‘darish maqsadida fitna uyushtirish” ayblovi bilan sirtdan 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Yangi tashkilotda bora-bora ishlar yurishib ketadi. Ular sayt ochib, qoraqalpoq xalqi tarixiga oid voqealarni yorita boshlaydilar. Aqilbek tarix va madaniyat haqida qiziq ma’lumotlar topar, Qoshqarbay esa ularni tarjima qilardi. Saytning o‘zida ular onlayn-radioni ham ishga tushirishadi.

Aqilbek Muratov va Qoshqarbay Toremuratov 2022-yilda.

Toremuratovga qarshi jinoyat ishi

2014-yilning bahorida Aqilbek Muratov va Qoshqarbay Toremuratov doxil diaspora faollari Navro‘z sayli tashkil qilmoqchi bo‘ladilar. Maqsad – qoraqalpoqlarni ko‘proq jalb qilish orqali birlikni mustahkamlash edi. Biron ellik kishi kelsa kerak, deb umid qilishadi. 180 nafar mehmon keladi. Bu katta muvaffaqiyat edi. Tadbir nafaqat Qozog‘istonda, balki Qoraqalpog‘istonda ham tilga tushadi.

Ko‘p o‘tmay, Rossiya Ukrainaga tegishli Qrim yarimorolini noqonuniy anneksiya qiladi. Bu voqea geosiyosiy silkinish bo‘lishi bilan birga, Olmaotadagi bir hovuch qoraqalpoq diasporasi taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Anneksiyadan so‘ng, chet elda yashovchi qoraqalpoq faoli Aman Sagidullayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat yo‘llab, “mustaqil Qoraqalpog‘iston Respublikasini barpo etishda yordam va dastak” so‘raydi.

“Sagidullayev Qoraqalpog‘iston ASSR bir paytlar RSFSR tarkibida bo‘lganini pesh qilib “biz ham Rossiya qanoti ostiga qaytishni istaymiz”, deya ochiq targ‘ib qila boshladi. Mavzu darhol jahon matbuotida, ayniqsa Rossiya OAVlarida keng yoritildi. O‘shanda biz o‘zimiz xohlamagan holda nazarga tushdik. Sagidullayev O‘zbekiston tashqarisidagi barcha etnomadaniy markazlarni O‘zbekistondan ajralib chiqish tarafdorlarining maxfiy shu’balari, deb atay boshlagach vaziyat chuqurlashdi. Holbuki biz ayirmachilik bilan shug‘ullanmasdik, bunaqa maqsadimiz yo‘q edi”, - hikoya qiladi Muratov.

Voqealar diaspora tezda ta’sir qildi. Aqilbek aytishicha, odamlar “siyosatga aralashib qolishdan” qo‘rqib yig‘inlarga qatnamay qo‘yadilar. Saytda “biz biron harakat, partiya yoki tashkilotga mansub emasmiz, bizni faqat qoraqalpoqlar tarixi va madaniyati qiziqtiradi”, deya diskleymer joylash ham foyda bermaydi.

2014-yil sentabrda Qoshqarbay Toremuratovga qarindoshlari qo‘ng‘iroq qilib, “onang o‘lim to‘shagida yotibdi” deya xabar qiladilar. Qoshqarbay uyiga tezroq yetib olish uchun chegarani noqonuniy kesib o‘tadi, ya’ni pasportida muhr bo‘lmaydi, onamni joni uzilmasidan ko‘rib qolay deb, shoshadi. Biroq u tomonda ma’lum bo‘ladiki, onasi kasal emas ekan, Toremuratovni maxsus xizmatlar kutib turgan ekan. Uni chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun qo‘lga oladilar.

Safdoshiga qarshi ochilgan ish va shu bo‘yicha tayinlangan qamoq jazosi siyosiylashtirilganiga Muratovning ishonchi komil.

“Toremuratovni olti yarim yilga hukm qilib, Qarshi shahridagi qamoqxonaga jo‘natishdi. U yerda terrorizm, diniy radikalizm va siyosiy ekstremizm uchun sudlanganlar saqlanadi. Oddiy mahkumlar yo‘q, barchasi siyosiy mahkumlar. “Chegarani noqonuniy kesib o‘tish” moddasi qo‘yilgan odamni u yerga yubormagan bo‘lishardi. Chiqqanidan keyin o‘zidan eshitganman, “qamoqxonada siyosatga, dinga va ekstremizmga aloqasi bo‘lmagan yagona mahkum edim”, degandi”, - deydi Muratov.

Toremuratovni 2017-yilda – prezident Islom Karimov o‘lib, Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng muddatidan oldin ozod qilishadi. Qoshqarbay blog ochib, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy mavzularda yoza boshlaydi. Aqilbek Muratov esa diaspora bilan shug‘ullanishda davom etadi: qoraqalpoqlarga huquqiy masalalarda yordam beradi.

“Odamlar turfa muammolar bilan kelishadi: kimdir mehnat qulligiga tushib qolgan, yana biri hujjat ololmaganidan arz qilgan, boshqasi ish joyida jarohat olgan... Men konsullik bilan ishlashda ularga vositachi sifatida ko‘maklashaman. Madaniy tadbirlarimizni davom etdiryapmiz, Navro‘zni nishonlashni kanda qilmaymiz”, - deydi u.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Нукус воқеаларини ёритган Телеграм-канал ортида ким турибди?

Nukus g‘alayoni va undan keyingi voqealar

Hamma yoq tinchib, hayot yana o‘z iziga tushdi. Ammo 2022-yilning yozida yangi noxush voqealar kutib turgandi: Toshkent O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalarni e’lon qiladiki, ularda, jumladan, Qoraqalpog‘istonni muxtoriyat maqomidan va O‘zbekiston tarkibidan chiqish huquqidan mahrum etish ko‘zda tutilgandi.

“25-iyun kuni men Qapchag‘aydan qaytayotgan edim. Mashinada ijtimoiy tarmoqlarni qaray boshladim. Qarasam, katta yangilik: Konstitutsiyaga tuzatishlar e’lon qilinibdi. Reaksiyani ko‘rish uchun qoraqalpoqlar guruhlariga kirdim: odamlar juda norozi, darg‘azab edi. Menga har yoqdan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Uyda yangilik saytlarini oraladim – barchasi Shavkat Mirziyoyevning vakolat muddati uzaytirilishi haqida yozishmoqda, lekin Qoraqalpog‘iston haqila lom-mim deyishmasdi”, -hikoya qiladi Muratov.

Aqilbek petitsiya uyushtirib, Qozog‘istonda yashovchi qoraqalpoqlardan imzo to‘plashga kirishadi – ularni tuzatishlardan norozilik ko‘lamini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston elchixonasiga eltib bermoqchi edi. Imzo yig‘ib yurarkan, yoniga bir necha notanish erkak yaqinlashadi.

“Olmaota shahri ichki siyosat bo‘limidanmiz, Ostonadan “ularni to‘xtatinglar” degan buyruq bor, deyishdi. Men qonunni buzmaganimni aytdim, ular esa “bu ikki davlat o‘rtasidagi masala, diplomatiya” deb javob berishdi”, - deydi Muratov.

Aqilbek Nukusda norozilik namoyishi avj olgan kunni yaxshi eslaydi.

“O‘sha kunlar uxlay olganimiz yo‘q. O‘zimizni go‘yo kursiga bog‘lab qo‘yilib, qarshingda tug‘ishgan odamingni qanday qiynoqqa solishayotganini tomosha qilishga majburdek his qilardik”, - deydi u.

Nukusdagi g‘alayon ayovsiz bostiriladi, Muratov va Qozog‘istondagi boshqa qoraqalpoqlar O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari so‘roqlariga javob beraverib charchaydilar.

So‘ngra Toshkent so‘roviga binoan faollar qo‘lga olina boshlaydi.

Aqilbek hibsdagi safdoshlari – Qoshqarbay Toremuratov, Jangeldi Jaqsimbetov, Tleubeka Yuldasheva, Ziuar Mirmanbetova, Raisa Xudoyberganovalar bilan hamisha xabarlashib turibdi. “Ularning ahvoli yaxshi, Qoshqarbayning yana uchta sudi qolgan”, qo‘shimcha qiladi u.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қорақалпоғистон: Тармоқларда энг кўп берилган саволларга эксперт жавоби

Shov-shuvli bayonotlar bilan chiqqan va Putinga murojaatnoma yozgan Aman Sagidullayev O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilib, sirtdan 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ozodlik Toremuratov hamda Jaqsimbetovlar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tomonlar, xususan, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasidan izoh ololmadi. Odamlarga qochqin maqomini olishda ko‘maklashuvchi Qozog‘iston inson huquqlari xalqaro byurosi esa boshpana berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni hali olishmaganini bildirdi.

Muratov odamlar “nega siz hali-hamon ozodlikdasiz?” deya savolga tutishayotganini aytadi.

“Bu yerda ikki omil bor. Birinchidan, men ko‘plab huquq faollari va jurnalistlar bilan aloqadaman, Yevroparlament siyosatchilari ham men bilan bog‘lanib turishadi. Mening qo‘lga olinishim katta shov-shuv bo‘lur edi. Ikkinchidan, men yaqin-yaqinlargacha qoraqalpoq tilida video suratga olmaganman, qoraqalpoq auditoriyasiga murojaat qilmaganman. Bu ishni ongli ravishda qilganim yo‘q, shunchaki shu yerdagi muammolar bilan shug‘ullanganman”, - deya tushuntiradi Muratov.

Nukusdagi g‘alayonlar uchun javobgarlik “tashqi kuchlar” zimmasiga yuklandi. Bu xorijdagi qoraqalpoq faollari ta’qib etilishiga turtki bo‘ldi.

Xalqaro tashkilotlar va qator mamlakatlar hukumatlari, shuningdek Yevropa ittifoqi Toshkentni Nukus voqealarini har tomonlama tekshirib, tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. O‘zbekiston bu chaqiriqlarni rad etdi.

Inson huquqlari tashkilotlari Qozog‘iston hukumatiga ham murojaat qilib, qoraqalpoq faollarini O‘zbekistonga bermaslikka chaqirgan.

  • 2023-yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi.
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSH va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • Yangi konstitutsiya bo‘yicha referendum bir necha marta kechiktirildi - va nihoyat, shu yilning 30-aprelida o‘tgan referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasi qabul qilindi, unda Qoraqalpog‘istonning "suveren" va O‘zbekistondan "ajrab chiqish huquqi" saqlab qolindi.