Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, shu yilning 24-iyun kuni Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan hukumat yig‘ilishida aholi tomonidan kurilgan, ammo Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 400 dan ortiq masjid va xonaqohlarni "buzish", ularning ayrimlarini ishlab chiqarish inshootiga aylantirish maqsadida tadbirkorlarga berish topshirilgan.
Yig‘ilish tafsilotidan xabardor manbaning so‘zlariga ko‘ra, IIV va DXX rahbarlari ham ishtirok etgan yig‘ilishda Aripov ushbu qarorni "yangi joriy etiladigan dunyoviy davlatchilik konsepsiyasi" bilan tushuntirgan.
Ayni paytda Bosh vazir ushbu jarayonda "odamlarning hissiyotlarini inobatga olish, aholi orasida ehtimoliy janjallarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish" muhimligini ta’kidlagan.
Aripovning hukumat masjlisidagi so‘zlarini Ozodlikka bir-biridan mustaqil O‘zbekiston hukumatiga yaqin ikki manba tasdiqladi.
Ulardan birining izoh berishicha, buzilishi yoki ishlab chiqarish uchun tadbirkorlarga berilishi haqida so‘z borayotgan bu obyektlar aholi mablag‘lari hisobidan qurilgan, tashkilot maqomiga ega bo‘lmagan va soliq to‘lamaydigan obyektlardir.
"Ularni buzish yoki boshqa maqsaddagi obyektga aylantirish uchun sud qarori kerak bo‘ladi. Hukumat bu tomonini qanday hal qilmoqchi ekani menga qorong‘i", dedi Ozodlikka gapirgan manba.
Uning ta’kidlashicha, bosh vazir masalaning hassosligi va odamlarning ehtimoliy noroziligining oldini olish uchun aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish haqida maxsus topshiriq bergan.
Bu borada hukumatning maxsus qarori bor yoki yo‘qligi Ozodlikka ma’lum emas.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ozodlik 24-iyun kuni o‘tgani aytilayotgan hukumat majlisi tafsilotlari va Aripovning topshirig‘i yuzasidan rasmiy izoh olish uchun Bosh vazirning matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovga murojaat qildi.
Telegram orqali yozishmada hozirda Bosh vazir Aripov bilan birga Urumchi safarida ekanini aytgan Hidoyatov Ozodlik manbalari taqdim etgan ma’lumotni inkor qilmadi. Bu masalada "material tayyorlanayotgani"ni aytib, rasmiy ma’lumotni Ozodlikka taqdim etishga va’da berdi.
Ozodlik maqola nashrga tayyorlanayotgan vaqtda Bosh vazir matbuot kotibidan rasmiy ma’lumot olgani yo‘q.
Eski amaliyot
Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik ulamolardan biri hukumatning ro‘yxatga olinmagan masjidlarni buzish yoki tadbirkorlarga berish qaroridan xabari yo‘qligi, bu kabi qarorlardan, odatda "uning ijrosi boshlangandan so‘ng xabar topishlari"ni aytdi.
Uning aytishicha, bu kabi tajriba O‘zbekistonda yangilik emas.
"Oldingi prezident davrida ham shunaqa ishlar bo‘lgan edi. Ro‘yxatdan o‘tmagan masjidlarni ishlab chiqarishga, tadbirkorga, unga-bunga berasan, degan topshiriq bo‘lgan. Masjidlarni do‘kon, odamlarga yashash joyi qilib berishgan. Ko‘pini tadbirkorlarga bervorgan. Bu masjidlar aholining puliga savob uchun qilingan narsalar edi. Aholidan so‘rash kerak edi aslida", deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘zbekistonlik ulamo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pincha aholi vakillari masjidni hashar yo‘li bilan qurib qo‘yishadi va uni ro‘yxatdan o‘tkazish haqida keyin o‘ylaydilar. Ba’zida esa eskidan mavjud, ammo yopiq turgan masjidlarni qayta ochishga harakatlar bo‘ladi.
2018-yil mayida Daryo.uz nashri davlat xabar agentligi O‘zAga iqtibos bilan Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan jome’ masjidlardan tashqari tashkilot maqomiga ega bo‘lmagan 65 ta mahalliy masjidlar mavjudligi haqida yozgan.
Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov namozxonalarni mahalliy masjid sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun «O‘zbekiston respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi qarorga asosan tegishli hujjatlar to‘planib, vazirlikga taqdim etilishi, Adliya vazirligi tasdiqlagach, Toshkent shahar hokimiyati ko‘rib chiqishi"ni aytgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Mulozimga ko‘ra, "Vazirlar Mahkamasi qarorida masjid ro‘yxatga kiritilishi uchun belgilangan tartiblar ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra yon atrofdagi masjidlar orasidagi masofa, yong‘in xavfsizligi, diniy tashkilotning nomi, turi, manzili, qaysi dinga mansubligi, maqsadi, vazifalari va faoliyatining asosiy turlari haqida ma’lumotlar to‘planishi kerak. Barcha ishlar, hujjatlar to‘liq taqdim etilsa va ular asosli bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart".
O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil yanvar holatiga mamlakatda 2118 ta masjid foliyat ko‘rsatgan.
Muqoyasa uchun - 2022-yil noyabr holatiga 13,3 million musulmon aholisi yashaydigan Qozog‘istonda masjidlar soni 2788 tani tashkil etadi.
O‘zbekistonning yirik shaharlarida musulmonlar Juma va Hayit namozlarida joy yetishmasligidan ko‘chalarda namoz o‘qishadi.
Mirziyoyev hokimiyatga kelgach mamlakatda o‘nlab yangi masjid ochilgan va azon chaqirganda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishga ruxsat berilgan. Ammo so‘nggi paytlarda diniy erkinliklar doirasi torayib borayotgani kuzatiladi.
Oldinroq Ozodlikda O‘zbekistonda imomlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilishi ta’qiqlangani va ulardan xorijga chiqish pasportlarini topshirish so‘ralgani haqida yozgan.
O‘tgan yil sentyabr oyida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida mamlakatda "diniy radikallashuv kuchayib borayotganidan" tashvish bildirilgan, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bu sohadagi nazorat kuchaytirilishi aytilgan.
Majlisda ishtirok etgan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, davlat xizmatchilari, hukumat a’zolari orasida ham xizmat joylarida namoz o‘qish, shar’iy nikoh asosidagi ko‘pxotinlik va diniy rusumdagi anjumanlarga borish tendensiyasi kuchaygani tanqid ostiga olingan.
Ozodlik manbasi Bosh vazir Aripovning “Amaldorlar yo dinni tanlasin, yoki davlatdagi ishini tanlasin” degan so‘zlarini keltirgan.
Buning ortidan O‘zbekistonning qator masjidlarida ovoz kuchaytirgichlarda azon ovozlari pasaytirilgani va Toshkentda dindorlarga qarashli do‘kon va yemakxonalar yopilgani haqida xabarlar olingan.
Ro‘yxatdan o‘tmagan masjidlar bilan bog‘liq xabar prezident Shavkat Mirziyoyevning "diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi masalalar ko‘rib chiqilgan"yig‘ilishidan bir hafta o‘tib paydo bo‘lmoqda.
Rasmiy xabarda aytilishicha, 19-iyun kuni prezidentga diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berilgan.
Mirziyoyev "hozirgi tahlikali davrda, dunyoda turli kuchlar din mohiyatini buzishga va yoshlarni haqiqiy yo‘ldan adashtirishga urinayotgan bir paytda islomning asl mohiyati, muqaddas dinimizning insonparvar g‘oyalarini yoshlar orasida targ‘ib qilish muhimligi"ni ta’kidlagan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Diniy ta’lim ustidan nazorat kuchayadi
25-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatda bolani noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Unga muvofiq
- ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi;
- bu kabi huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi;
- Xuddi shunday huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, BHMning 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi bu chora voyaga yetmaganlarning terroristik guruhlar ta’siriga tushib qolishi oldini oladi deb hisoblaydi. Loyihani parlament hukmiga havola qilgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov mamlakatda litsenziyasiz diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hujralar “kun sayin ko‘payib borayotgani”, buning ortidan terroristik tashkilotlar ta’siriga tushib qolayotganlar safi kengayayotganidan bahs etdi.
Ammo muhokama chog‘ida O‘zbekiston parlamentida kamdan-kam kuzatiladigan bo‘linish yuz berdi.
Deputat O‘ktam Islomov ushbu qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini poymol etishi mumkinligidan ogohlantirdi.
O‘zbekiston fuqarolari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limdan keyin, ya’ni 18 yoshga to‘lganidan keyingina professional diniy ta’lim olishi mumkin. Islomov voyaga yetmaganlar uchun qonuniy professional diniy ta’lim imkoni mavjud bo‘lmagani holda noqonuniy diniy ta’lim uchun jazo kiritilishini mantiqsizlik deya talqin qildi.
Qonunchilik palatasi a’zosi Doniyor G‘aniyev taklif etilayotgan hujjat farzandiga diniy ta’lim bergan ota-onani ham javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, uni qayta ko‘rish chiqishni taklif qildi.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov loyihani faol qo‘llab-quvvatladi. Siyosatchi o‘z chiqishida yangi qonun dinni shunchaki o‘rgatishga emas, balki dinni noto‘g‘ri o‘rgatishga qaratilganini urg‘uladi.
“Dinni o‘rganish uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Yosh bolaga ham, professional nuqtayi nazardan o‘rganish uchun ham. Shuning uchun bu nizoni keltirib chiqarish kerak emas. Bir yoshli bolaga ota-onasi Qur’oni karimni yodlatsa, bu qonunga xilof harakatmi? Albatta, yo‘q. Shuning uchun biz jamiyatga bu qonunni singdirayotgan paytimizda to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak”, dedi “Milliy tiklanish” raisi.
Jamoatchilik vakillari esa yangi qonun Konstitutsiyada mustahkamlangan e’tiqod erkinligiga daxl qilishidan xavotirda.
“Topib olgan gapimiz: diniy radikalizm, fanatizm kuchayib ketyapti!.. Kuchayib ketayotgan bo‘lsa, dinni teranroq o‘rgatish kerak emasmi? Taqiqlash bilan natijaga erishib bo‘ladimi?” deb yozdi o‘zining Feysbuk sahifasida noshir Alisher Nazar.
Hozirda Istanbulda yashayotgan diniy bloger va o‘tgan yili O‘zbekistonda faoliyati to‘xtatilgan Azon.uz asoschisi Mubashshir Ahmad bu borada Turkiya tajribasidan o‘rnak olishga chaqirdi.
“Hozir Turkiyada maktab o‘quvchilari ta’tilda. Shuning uchun ularni “Yozgi Qur’on kurslari”ga keng jalb qilingan. Ishonavering, turk chujuqlari bizning bolalarimizdan ko‘ra zamonaviyroq va intiluvchanroq. Binobarin ekstremizm va radikalizmdan yiroq”, deb yozdi Mubashshir Ahmad o‘zining Feysbuk sahifasida.
AQSH Davlat departamenti o‘zining 2022-yildagi diniy erkinliklar bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston hukumati yoshlar uchun diniy ta’limni qattiq nazorat qilishda davom etayotgani, jumladan, hukumat ruxsatisiz faoliyat yuritayotgan xususiy diniy maktablarni yopish va ruxsatsiz diniy ta’lim bergan shaxslarni jarimaga tortish amaliyotini tanqid qilgan.