Toshkent viloyati Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limidan 20-noyabr kuni ikki o‘lik chiqqan.
Daryo.uz nashri marhumaning qarindoshiga tayanib yozishicha, ayol unga qilingan “noto‘g‘ri ukol sabab” olamdan o‘tgan bo‘lsa, uning qizi ayolga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam payti qornida jon bergan bo‘lishi mumkin.
Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Marhabo Abdulazizova marhumaga homiladorlik o‘ttiz hafta, siydik yo‘li infeksiyasi va o‘tkir yog‘li gepatoz tashxisi qo‘yilganini aytgan.
Mas’ulning qaydicha, tobi qochgan homilador ayol bir necha bor shifoxonaga keltirilgan, ammo u “oilaviy sabablarga ko‘ra uyida davolanishni ma’qul ko‘rgan”.
Ahvoli og‘irlashgan ayol 20-noyabr kuni yana shifoxonaga keltirilgan. Favqulodda vaziyat sabab u kesarcha kesish amaliyotiga olingan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay u soat 17:50 da vafot etgan.
Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shahboz Rustamov ayolning o‘limida shifokorlarning aybi yo‘qligini ta’kidlagan.
Daryo.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘kaliklar tumanda malakali shifokorlar kamligi, homilador qizlarini tuman shifoxonasiga olib borishdan qo‘rqishlarini aytishgan.
Ushbu hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirda vazirlik bosh akusher-ginekologi rahbarligidagi guruh xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganini ma’lum qilgan. Vazirlik munosabatida ayol bilan birga uning homilasi ham vafot etganiga aniqlik kiritilmagan.
Bu so‘nggi oylarda jamoatchilik e’tiboriga tushgan tug‘ruqxonadagi navbatdagi fojiadir. 2024-yil avgust oyida Andijon shahridagi tug‘ruqxonada ham ayol vafot etgandi. O‘shanda shifokorlar ayoldagi ko‘richakni “sehr” deb atagani, “chalpak va holvaytar tarqatish”ni tavsiya qilgani e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.