Rossiyada o‘tgan hafta oxirida yuz bergan vagnerchilar va uning rahbari Yevgeniy Prigojinning qurolli isyoni o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kremlning imperiyachilik siyosatini tanqid qilib kelayotgan faollar ushbu g‘alayonni Rossiyaning zaiflashuvi va O‘zbekistonning mutlaq mustaqilligi yo‘lidagi imkoniyat o‘laroq baholadi.
“Prigojin Rostovdan qahramonlarcha chiqib ketmoqda. U nafaqat siyosiy elitani qo‘rqita oldi, balki rus xalqi kuchlilarga ergashishi va Putinning ancha kuchsizlanganini ko‘rsatib berdi. Putin Prigojin bosqini vaqti ma’lum vaqtga ikkinchi odam bo‘lib qoldi. Bu esa diktatura uchun chinakam sharmandalik”, deb yozdi bloger Zafarbek Solijonov.
BBC jurnalisti Ibrat Safo g‘alayon qanday tugashidan qat’i nazar, Rossiya zamonaviy tarixidagi eng katta burilishlardan biri ekanini urg‘uladi.
Faollar fikricha, Ukraina askarlari “yengilmas rus armiyasi” haqidagi afsonani yo‘qqa chiqargan bo‘lsa, “Vagner” isyoni Rossiya mudofaa tizimida ulkan darzlar mavjudligini ko‘rsatib berdi.
“2020: Rossiya armiyasi dunyodagi ikkinchi armiya. 2022: Rossiya armiyasi Ukrainadagi ikkinchi armiya. 2023: Rossiya armiyasi Rossiyadagi ikkinchi armiya”, deya kinoyaga yo‘g‘rilgan post qoldirdi Telegramdagi “Fayzbog‘” kanali.
AQSHdagi Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov Prigojin isyoni Rossiyaning nafaqat harbiy, balki razvedka jabhasida ham kuchsiz ekanini fosh etdi deb hisoblaydi.
“Bularning hammasi “qirol aslida kiyimsiz” ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Hukmning va, ayniqsa, avtoritar hukmning qiziq tarafi uning legitimlik bazasi juda zaif va qandaydir afsonaga qurilishi kerak. Putinda bu harbiy va, deylik, istixborot masalasida qudrat edi. Odamlar o‘ylar ediki, Putinda kuchli armiya va maxsus xizmatlar bor, ular kuchli, bilguvchi va qudratli. Aynan shu mifning ustida Putin legitimligi turar edi. Reallik ko‘rsatdiki, bir necha ming xususiy harbiy kompaniya ishchilari mudofaa markazlarini tezda egallab ola biladi va markaziy kuchlar hech nima qila olmas ekan”, deydi Hoshimov.
“Putinning siyosiy umri juda tez qisqarib bormoqda. U Kiyevni uch kunda olmoqchi edi. Endi, uning o‘zi Rossiya hokimiyatini saqlab qolish bilan ovora bo‘ladi”, deb yozdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Telegramdagi “Tashqarida” kanali muallifi ta’kidicha ham, garchi yakuniga yetmagan bo‘lsa-da harbiy isyon Putinning intihosi boshlanganidan dalolat bermoqda.
“Mutlaq xo‘jayin – mutlaq emas, kuch ishlatish – davlat monopoliyasi emas, avvaldan aniq bo‘lsa ham bunchalik yaqqol ko‘rinmagan haqiqat bu – davlatni qonunlar boshqarmaydi, kuch va uning sohiblarining aytgani bo‘ladi: bosh prokuror ertalab prezidentga “qonunan” ochilganini ta’kidlagan “xoin”ga nisbatan jinoiy ish kechga yopilib qoldi, “xoin”ning o‘ziga xavfsizlik kafolatlandi. Bu qandaydir film emas, dunyoning eng yirik davlatida bo‘lgan voqea. Bu hali boshlanishi, yakunning boshlanishi”, deb hodisalarga chizgi beradi “Tashqarida” kanali muallifi.
Mahalliy ziyolilar fikricha, Rossiya siyosiy tuzumini qattiq silkitgan isyon mamlakatni yakka shaxs boshqaruviga topshirib qo‘yish qanchalik xavfli ekanini yana bir karra isbotladi. Shunga ko‘ra taniqli jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Rossiyadagi so‘nggi voqealarni “davlatni qanday boshqarmaslik kerakligi haqida qimmatli qo‘llanma sahifalari” deb atadi.
“So‘z va matbuot erkinligining bo‘g‘ilishi, fikrlar xilma-xilligiga toqatsizlik, saylovlarning qimmatbaho va kulgili tomoshaga aylantirilishi, cheklanmagan hokimiyatning bir qo‘lda to‘planib qolishi, hokimiyatlar bo‘linishi va bir-birini tiyib turishi prinsiplarining falaj qilinishi – bari yakunda mamlakatning sharmanda va parokanda bo‘lishiga olib boruvchi omillardir. Xulosa qilish kerak”, deb yozdi Muhrim A’zamxo‘jayev.
O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi, Telegramdagi “Seriya penalti” kanali muallifi Yuriy Saruxanyanga ko‘ra esa, Prigojin g‘alayoni “boshqaruv muddatini nollashtirgan holda oliy hokimiyatni saqlab qolish barqarorlik kafolati” degan qarash shunchaki propaganda o‘ylab topgan yolg‘on ekanini tasdiqladi.
“Siyosiy plyuralizm va raqobat bo‘lmagan muhitda hokimiyatning almashib turmasligi turg‘unlik va tanazzulga yetaklaydi. Bunday hokimiyat kun sayin samaradorligini yo‘qotadi. Bunday tizimda ilgarilama harakat bo‘lishi mumkin emas – hokimiyatni saqlamoq uchun bir joyda depsinib turiladi, xolos”, deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi tahlilchi.
Olim va bloger Eldor Asanov nazdida, Prigojin Putin boshchiligidagi ulkan mashinaning bir murvati, tizimning bir qismi. U shunchaki o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqchi bo‘ldi. Agar u Putinga chinakam mafkuraviy raqib bo‘lganida, Kremlni osonlik bilan ag‘darib tashlashi mumkin edi.
“Bu o‘rnak avtoritar, bir kishiga bog‘lanib qolgan tuzumlar qay darajada zaifligini, elitada hech kim bir-biriga ishonmasligini, sadoqat izhor qilib yurganlar osonlik bilan boshqa tomonga o‘tib ketishini, keng omma esa majburdangina chidab yurishini yaxshi ko‘rsatib berdi”, deb xulosa yasaydi Eldor Asanov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди