Qirg‘izistonda qonun to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlashiga qaramay, ko‘p xotinli nikohlar soni ortib bormoqda.
"Ozodlik" radiosi qirg‘iz xizmati jurnalistlari aniqlashicha, "oila qurishning islomiy tamoyillari" niqobi ostida ishlaydigan maxfiy nikoh agentliklari bu borada ko‘p xotinli erkaklarga yordam bermoqda. Ular erkaklarga ikkinchi xotin topishni, ayollarga esa ikkinchi yoki uchinchi xotin bo‘lib turmushga chiqishda ko‘maklashishni va’da qilishadi.
"Ikkinchi xotin bo‘lishga roziman", "Yashirin nikoh uchun erkak izlayapman", "Xotinim bor, lekin Allohning roziligi uchun yana bir marta uylanishga tayyorman" kabi e’lonlar endi ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz segmentida tez-tez uchramoqda. "Islom tamoyillari bo‘yicha oila qurish" xizmatlarini taklif qiluvchi nikoh agentliklarining reklamalari ham ko‘payib bormoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shunday agentliklardan biri "Al-Hayot"dir. Uning Instagram sahifasida bo‘lajak er-xotinlarning uchrashuvlaridan olingan suratlar, shuningdek, mijozlar anketalarni to‘ldirayotgani aks etgan videolar joylashtirilgan. U yerda boshqa savollar qatorida ushbu agentlik uchun muhim va hal qiluvchi savol ham bor: "Ko‘p xotinlilik haqida fikringiz qanday?"
Agentlik faoliyatini targ‘ib qilishda turli mahalliy mashhurlar, jumladan, qo‘shiqchi Anjelika ham yordam bergan. "Birinchi uchrashuv bo‘ladi, ikkinchisi bo‘ladimi – bu endi o‘zingizga bog‘liq," deb ta’kidlagan u.
Fikr-mulohazalarga qaraganda, bunday agentliklar xizmatlaridan foydalanishni xohlovchilar ko‘p. Ular orasida Mayram (ismi o‘zgartirilgan) ham bor edi. U bir necha yil oldin agentlik orqali ikkinchi xotin bo‘lib turmushga chiqqan. Aytishicha, uylangan erkak bilan atigi uch marta uchrashgandan so‘ng shunday qarorga kelgan.
"nikah.kg degan sayt bor edi. Men u yerda bir yarim yil davomida er izladim. Muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng u yerdan chiqib ketmoqchi edim, lekin oxir-oqibat bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim, – deydi Mayram. – Bungacha uch marta uchrashgandik. U birinchi xotini kasal bo‘lib, u bilan yaqinlik qila olmasligini aytdi. Shuning uchun rozi bo‘ldim."
Oqibatda, Mayram turmushga chiqqan erkak uni nafaqat birinchi xotinidan, balki boshqa ko‘plab qarindoshlaridan ham yashirdi. Ayol Daun sindromi bilan og‘rigan o‘g‘il farzand dunyoga keltirganda, hamma narsa o‘zgardi.
"U bolaning o‘ziga xos xususiyatlar bilan tug‘ilganini bilishi bilanoq, bizga bo‘lgan munosabati butunlay o‘zgardi. O‘shanda biz kasalxonada yotgan edik. U bir marta ham bizni ko‘rgani kelmadi, hatto qo‘ng‘iroq ham qilmadi, – deydi Mayram. – Men o‘zim aloqaga chiqmoqchi bo‘ldim, lekin u g‘oyib bo‘ldi. Keyin ajrashdik."
Ayol va uning farzandi endi hech qanday huquqqa ega emas: na sobiq erining mol-mulkining bir qismiga, na o‘g‘li uchun alimentga. Ularning nikohi norasmiy hisoblanardi: chunki u FHDYda emas, balki diniy nikoh marosimi orqali tuzilgan edi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston parlamenti tomonidan 8 yil oldin qabul qilingan qonunga ko‘ra, agar nikohlanuvchilar o‘z nikohini FHDYda ro‘yxatdan o‘tkazmagan bo‘lsa, imomlarga nikoh o‘qish taqiqlanadi. Ammo masjidlarda bu taqiqqa kamdan-kam hollarda amal qilinadi va buni hatto yashirishmaydi ham.
"Agar erkak, aytaylik, ajrashgan, ayol esa, masalan, beva bo‘lsa, biz ular uchun nikoh o‘qiymiz. Agar, masalan, erkakning xotini bo‘lsa va u xotinining ruxsatisiz ikkinchi xotin olmoqchi bo‘lsa, biz baribir marosimni o‘tkazamiz, – deydi Bishkekdagi "7-aprel" masjidi bosh imomining o‘rinbosari Toshtemir Eshmatov. – Lekin, albatta, xotinidan ruxsat olinsa, yaxshiroq bo‘lardi."
Huquq himoyachilari ko‘p xotinli oilalar tuzog‘iga tushib qolgan qirg‘izistonlik ayollarning murojaatlari ko‘payganini ta’kidlashmoqda.
"Bizga asosan birinchi xotinlar murojaat qilishadi. Ikkinchilari ham, lekin birinchilari ko‘proq, – deydi Bishkekdagi "Sezim" inqiroz markazi rahbari Bubusara Risqulova. – Har birining o‘z tarixi bor. Masalan, eri bilan birgalikda biznesi bo‘lsa-da, farzand ko‘ra olmagan ayol bor. Eri ajrashmoqchi edi-yu, lekin mol-mulkining bir qismini unga berishdan qo‘rqardi. Shuning uchun u xotinining roziligi bilan ikkinchi xotin oldi. U uch farzand tug‘di, keyin uni haydab yuborishdi, bolalarini esa bermayaptilar."
Huquqshunoslar va inson huquqlari himoyachilarining fikricha, Qirg‘izistondagi ko‘pxotinlilik muammosi bu sohadagi qonunchilikdagi kamchiliklar tufayli yanada kuchaymoqda. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ikkixotinlilik yoki ko‘pxotinlilik – bu erkakning umumiy ro‘zg‘orni yuritadigan ikki yoki undan ortiq ayol bilan birga yashashidir. Ammo huquqshunoslarning ta’kidlashicha, ko‘p hollarda erkaklar o‘z xotinlari bilan turli uylarda yashaydi va ularning qonunni buzganligini isbotlashning iloji yo‘q.