AQSH Gazprombank doxil Rossiya banklariga qarshi sanksiya kiritdi

Arxiv surati

AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning Gazprombank va “DOM.rf” bankiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bundan tashqari, Vashington yana o‘nga yaqin bankni sanksiya ro‘yxatiga kiritgan.

Gazprombankda Rossiyaning xorijdagi diplomatik muassasalariga bank ishtirokida operatsiyalar o‘tkazishga imkon beruvchi asosiy litsenziya mavjud.

Gazprombankka qarshi sanksiyalar uning SWIFT tizimidan uzib qo‘yilishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, bankning xorijda ishlaydigan Union Pay kartalari bor.

AQSH Moliya vazirligi xabarnomasida Rossiya mazkur bankdan Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun harbiy anjomlar sotib olish va rossiyalik harbiylarga pul o‘tkazish uchun foydalanayotgani aytilgan.

Gazprombank va “DOM.rf” o‘z aktivlari hajmiga ko‘ra Rossiyaning eng yirik kredit tashkilotlari o‘ntaligiga kiradi.

Shuningdek, sanksiya ro‘yxatiga Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosarlari Dmitriy Tulin va Vladimir Chistyuxin, Markaziy bank milliy to‘lov tizimi departamenti rahbari Alla Bakina va moliyaviy tizim barqarorligi departamenti boshlig‘i Yelizaveta Danilova ham kiritilgan.

Gazprombank AQSH va Yevropa Ittifoqining sektoral cheklovlari ostida edi. Xususan, bank xorijdan uzoq muddatli moliyalashtirish ololmaydi.