Andijon maktablarida SSV taqiqlagan dezinfeksiya tunneli o‘rnatish buyurildi

Andijondagi dezinfeksiya tunneli

Andijon viloyat xalq ta’limi rasmiylari joriy haftadan umumta’lim maktablarida dezinfeksiya tunnellari o‘rnatish haqida og‘zaki buyruq berdi.

Maktablar rahbarlari a’zo bo‘lgan ichki Telegram guruhida erkak mulozim barcha maktablarga dezinfeksion tunnel o‘rnatish haqida buyruq beradi. (Ozodlik ixtiyorida mavjud ushbu audio uni yuborgan xodim iltimosiga binoan e’lon qilinmayapti)

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2020 - yilda rasman taqiqlangan dezinfeksiya tunnellarini nima asosda Andijon umumta’lim maktablarida o‘rnatishga buruq berildi?

Ozodlik bu savolni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligida telefon go‘shagini ko‘targan va ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimga berdi. Umumta’lim maktablari uchun ma’sul bo‘lgan bu mulozim¸ mamlakatda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat qayta yomonlashgani munosabati bilan respublikaning barcha maktablarida gigiyena xavfsizligi bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilgani, ammo bu tadbirlar doirasida dezinfeksiya tunneli o‘rnatish ko‘zda tutilmaganini ma’lum qildi.

Dezinfeksiya tunneli

O‘zbekistonda taqiqlangan

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020 - yilning sentabr oyida maxsus bildirish e’lon qilib, dezinfeksiya tunnellarining koronavirusga qarshi kurashda foydasiz chora ekanligini tan olgan edi.

Tunnel taqiqlanganiga oid SSV tezkor xabari

Vazirlik o‘z bildirishida dezinfeksiya tunneli inson organizmiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini ham ta’kidlagan.

«Maktablar faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rtaga chiqqanda, bolalarning sog‘ligiga salbiy ta’sirlari inobatga olinib, Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’lim muassasalari oldida dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish qat’iyan man etilishini ta’kidlagan edi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Boshqarma boshlig‘i buyurdi

Joriy yilning 6 - aprel kuni Andijon viloyati maktab direktorlarining Telegram guruhida tarqatilgan audioda erkak mulozim “Boshqarma boshlig‘i buyrug‘iga binoan har bir maktab oldiga dezinfeksiya tunnellari o‘rnatish shartligini” ta’kidlaydi. Audioni taqdim etgan Ozodlik manbasi buyruqni direktorlarga yetkazgan xalq ta’limi boshqarmasi mulozimining ismi-sharifini berolmasligini aytdi.

Audiodagi mulozimning so‘zlariga ko‘ra¸ maktab kiraverishiga dezinfeksiya tunnellari o‘rnatish joriy yilning 5 - aprelida Andijon viloyat hokimligi xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i tarafidan berilgan.

Topshiriqqa ko‘ra¸ gigiyena vositalari¸ maskalar zaxirasi va tunnel uchun ketadigan harajatlar ota onalardan pul yig‘ish yoki homiylar ko‘magida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Ozodlikka bog‘langan maktab direktorlari bu vazifalarni amalga oshirish xarajati ular zimmasiga yuklanganidan shikoyat qildi.

Xarajati o‘qituvchilarning bo‘ynida

Andijon maktablaridan birida xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ o‘tgan yili yig‘ishtirib olingan yoki omborlarda to‘planib qolgan tunnellar maktablarga o‘tkazilmoqda.

“O‘tgan yilgidan farqi tepada xlor sepadigan dushi yo‘q. Uning o‘rniga tunnel poliga xlorli vanna yoki xlorli to‘shama qo‘yilgan”.

Paxtaoboddagi maktab direktori o‘tgan yili Ozodlik bilan suhbatda dezinfeksiya tunneli 1 million 500 ming so‘mdan o‘rnatib berilganini aytgan edi.

“Pulini o‘qituvchilarning avgust oyi oyligidan olib qolish lozimligi aytildi. Keyin har oyda dezinfeksiya uchun kamida 20 ming so‘mlik xlor ishlatilar ekan. Uning puli ham maktab zimmasida. Bu degani, yana o‘qituvchilar va maktab xodimlaridan pul yig‘iladi, degani”.

Sog‘liqqa zarar

Kasb kasalliklari bo‘yicha mutaxassis¸ oliy toifali shifokor Shafoat Oqmirzayevaning Ozodlikka aytishicha, “dezinfeksiya tunnellarida foydalaniladigan xlorli eritmalar inson salomatligiga zarar keltirgani bois” o‘tgan yili vazirlik uni taqiqlagan.

“Xlorning inson organizmi va ayniqsa, bolalarning nafas yo‘llariga tushishi yomon oqibatlarga olib kelishi tasdiqlangan. Dezinfeksion tunnel ichidan tez-tez o‘tgan o‘qituvchi va o‘quvchilar astma¸ allergik rinit kabi kasalliklarga chalinishi mumkin. Andijonlik ota-onalar va maktab mutasaddilari bu masalaga jiddiy qarashi lozim. Tunellar ëpiq makon bo‘lgani uchun ichida viruslar to‘planadigan inkubatorga ham aylanib qoladi. Bolalar sog‘ligini o‘ylasak, tunnellarni o‘rnatmaslik kerak. Agar o‘rnatilgan bo‘lsa, demontaj qilish kerak”¸ - dedi Shafoat Oqmirzayeva.

Ozodlik Andijon maktablarida boshlangan dezinfeksiya tunneli o‘rnatish amaliëti mamlakatning boshqa hududlaridagi ta’lim muassasalarida ham kuzatilayotgani yoki yo‘qligi borasida hozircha ma’lumotga ega emas.