Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy zaharlanganini to‘liq tergov qilmasa, Germaniya o‘z ittifoqchilari bilan yangi sanksiyalar qo‘llashi mumkinligidan ogohlantirdi.
Rasmiy Moskva Navalniyning zaharlanishi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermay, hujumga aloqasi yo‘qligini iddao qilmoqda.
Maas Navalniy zaharlanishi ortida Rossiya hukumati turganini ko‘rsatuvchi bir necha ishoratlar borligini aytdi.
Germaniya matbuoti xabarlariga ko‘ra, Maas «Aynan nima sodir bo‘lganiga yaqin kunlarda oydinlik kiritishga Rossiya yordam bermasa, hamkorlarimiz bilan bu vaziyatga chora ko‘rishni muhokama qilishga majbur bo‘lamiz», degan.
Maas, shuningdek, Germaniya Rossiya gazini Yevropaga yetkazishni ko‘zlovchi Nord Stream 2 («Shimoliy oqim-2») loyihasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligini aytgan.
Avvalroq kantsler Angela Merkel Navalniy ishini, ishga tushirilishiga oz qolgan Nord Stream 2 loyihasiga bog‘lamaslik kerakligini aytgan edi.
Maas ham quvur loyihasini to‘xtatib qo‘yish Germaniya va Yevropadagi ko‘plab shirkatga zarar keltirishini aytdi.
«Nord Stream 2 loyihasida 12 Yevropa davlatining 100 dan oshiq shirkati ishtirok etmoqda», dedi vazir.
Ammo, u Moskvaga qarshi sanksiya joriy qilinadigan bo‘lsa ham, Yevropa shirkatlariga ziyon kelmaydigan yo‘sinda joriy qilinishini aytdi.
2 sentabr kuni Germaniya rasmiylari Navalniy asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangani to‘g‘risida «inkor qilib bo‘lmaydigan dalillar» borligini e’lon qilgan edi.
Maas «Novichok» o‘tmishda Rossiya harbiylari tomonidan ishlatilgani va undan oz sonli odam foydalana olishini aytdi.
2018 yilda sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal ham Britaniyaning Solsberi shahrida aynan «Novichok» moddasi bilan zaharlangan edi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri, Rossiya Navalniyga qarshi jinoyatni tergov qilishda qatnashmasa, bu zaharlanish hodisasiga hukumat aloqador ekanini ko‘rsatuvchi yana bir alomat bo‘lishini ta’kidladi.
Rossiya Germaniya ayblovlarini rad etmoqda va dalil etarli emasligini aytib, jinoyat ishini ochishdan bosh tortmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Germaniya rasmiylari Rossiya Bosh prokuraturasi so‘ragan ma’lumotlarni bermaganini aytdi.
Kotib Facebookda «Berlin zudlik bilan o‘tkazishga chorlayotgan tergovni o‘zi kechiktiryapti. Atayinmi?» deb yozdi.
Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchayotgan paytida komaga tushib, Omsk kasalxonasiga yotqizilgan edi. O‘shandaëq uning tarafdorlari muxolifatchi maxsus zaharlanganini taxmin qilgan edi.
Omsk shifoxonasida ikki kun qolgan Navalniy maxsus samolyot bilan Germaniyaga olib kelindi.
Ayni damda u Berlindagi «Sharite» shifoxonasida sun’iy komada qolmoqda.
4 sentabr kuni NATO Rossiyani Kimyoviy qurollarni man etish tashkiloti yetakchiligida o‘tkaziladigan xalqaro tergovni to‘liq qo‘llashga chorladi.
Alyans kotibi Yens Stoltenberg Rossiya «jiddiy savollarga javob berishi kerak», dedi.
Stoltenbergning aytishicha, NATOga a’zo davlatlar Moskvani o‘zining «Novichok» dasturini Kimyoviy qurollarni man etish tashkilotiga taqdim etishga chorlagan.