Yevropa Ittifoqi Belarus saylovi natijasini tan olmadi; namoyishlar davom etmoqda

Minskda ayollarning norozilar bilan birdamlik aksiyasi 20 avgustda ham davom etdi.

19 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlarining o‘n birinchi kunida poytaxt Minsk ko‘chalariga yana minglab odam chiqdi.

Ayni kuni Yevropa Ittifoqi liderlari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini tan olmasligini ma’lum qilib, mamlakat hukumatiga qarshi sanksiya joriy qilishini bildirdi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagani, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgani e’lon qilindi.

Saylov natijalar e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari to‘xtamayapti. Mamlakatdagi yirik korxonalar ishchilari norozilik namoyishlarini davom ettirib, muddatsiz ish tashlash e’lon qildi.

19 avgust kuni Lukashenko Ichki ishlar vazirligiga namoyishlarni bostirishni buyurdi. Ammo bu namoyishlarning borishiga ta’sir ko‘rsatmadi.

Yevropa Ittifoqi 19 avgust kuni Belarusdagi bo‘hron yuzasidan sammit o‘tkazdi. Yig‘in ortidan Yevropa kengashi prezident Sharl Mishel:

- Belarus xalqining o‘z kelajagini belgilash huquqini to‘liq qo‘llaymiz va tez orada YeI zo‘ravonlik, repressiya va saylov natijalari soxtalashtirilganiga mas’ul ko‘p sonli shaxsga qarshi sanksiya joriy qiladi, - dedi.

Germaniya kansleri Angela Merkel esa:

- Saylov na erkin, na adolatli bo‘ldi. Shu sababdan saylov natijasini tan olib bo‘lmaydi, - dedi.

Saylovoldi rallilarida o‘n minglab odam qatnashgan Tixanovskaya aslida 60-70 foiz ovoz to‘plaganini iddao qilmoqda.

19 avgust kuni Lukashenko xorijdan «jangchilar va qurol-aslaha» kirib kelayotganini iddao qilib, mamlakat chegaralarida nazoratni kuchaytirishni buyurdi.

Xavfsizlik kengashi yig‘inida Lukashenko:

- Minskda boshqa tartibsizliklar bo‘lmasligi kerak. Odamlar charchadi. Ular tinchlikni talab qilishmoqda, - dedi.

Hozirgacha norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, uch odam o‘ldi. Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi. Matbuot xabarlariga ko‘ra, 19 avgust kuni Brest shahrida politsiya namoyishchilarga qarata o‘q otganida jarohat olgan 44 yoshli shaxsning joni uzilgan.

Ozodlikka chiqarilgan yuzlab namoyishchi hibsda politsiya ularni kaltaklaganini va tahqirlaganini so‘zlab berdi.

19 avgust Lukashenkoning namoyishchilarga qarshi choralarni kuchaytirish chaqiriqlariga qaramasdan, yuzlab odam Ichki ishlar vazirligi binosi oldida to‘plandi. Imorat oldiga to‘plangan ko‘p sonli xavfsizlik kuchlari xodimlari namoyishni kuzatib turish bilan cheklandi.

Namoyishchilar Lukashenko iste’fosini hamda hibsda qolayotgan namoyishchilar ozodlikka chiqarilishini talab qilmoqda.

19 avgust kuni Belarus saylov komissiyasi mamlakatni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko ikki oy ichida qasamyodga keltirilishini ma’lum qildi. «TASS» agentligining xabar berishicha, inauguratsiya sanasi hali belgilanmagan.

Tixanovskaya ayni kuni videomurojaat e’lon qilib, Yevropa davlatlari yetakchilarini o‘z mamlakati «uyg‘onishini» qo‘llashga chorladi. O‘z videomurojaatida Tixanovskaya YeI yetakchilarini saylov natijalarini tan olmaslikka chorlab, Lukashenko Belarus xalqi hamda butun jahon nazarida legitimligini yo‘qotganini ta’kidladi.

Ingliz tilida so‘zlagan Tixanovskaya saylovdan keyin tinch namoyishchilarga qarshi keskin kuch qo‘llanilganini qoraladi.

18 avgust kuni muxolifat muvofiqlashtiruvchi kengashi tashkil etildi. Lukashenko kengash tuzilganini «hokimiyatni bosib olish urinishi», deb baholadi.

Saylov ortidan Litvaga chiqib ketishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya vakili Olga Kovalkova muxolifatchining Minskka qaytishi kutilayotganini aytdi.

- Biz faqat qonun doirasida ish tutyapmiz. Vaziyat jiddiy. Rasmiylarning dialog boshlashdan boshqa ilojlari yo‘q. [Aks holda] vaziyat faqat og‘irlashadi, - dedi Kovalkova.

Polsha Tashqi ishlar vazirligi Belarus muxolifatining taniqli faollari Valeriy va Veronika Sepkalolar mamlakatga yetib borganini ma’lum qildi. Sobiq diplomat Sepkaloning 9 avgustda bo‘lib o‘tgan saylovda o‘z nomzodligini ko‘rsatishiga izn berilmadi. Uning rafiqasi Veronika esa saylovoldi poygasida Tixanovskayani qo‘lladi.

Dam olish kunlari Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki marta suhbatlashdi. Rossiya matbuotiga ko‘ra, Putin Belarusga xavfsizlik yordamini ko‘rsatishni va’da qilgan.

19 avgust kuni AQSh prezidentligiga Demokratik partiya nomidan nomzod Jo Bayden Rossiyani Belarusdagi bo‘hronga aralashmaslikka chorladi.