Tixanovskaya Yevropa davlatlarini Belarus «uyg‘onishini» qo‘llashga chorladi

Minsk Mustaqillik maydoniga 18 avgust kuni o‘n minglab muxolifat tarafdorlari namoyishga chiqdi.

19 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlarining o‘n birinchi kuni boshlandi.

Muxolifatning so‘nggi saylovdagi prezidentlikka nomzodi Svetlana Tixanovskaya ayni kuni videomurojaat e’lon qilib, Yevropa davlatlari yetakchilarini o‘z mamlakati «uyg‘onishini» qo‘llashga chorladi.

Yevropa Ittifoqi yetakchilari 19 avgust kuni navbatdan tashqari video sammit o‘tkazib, Belarusdagi vaziyatni muhokama qiladi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagani, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgani e’lon qilindi.

Saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan ham Belarusda, ham xorijda saylov natijalari soxtalashtirilgani haqida shubha paydo bo‘ldi. Saylovoldi rallilarida o‘n minglab odam qatnashgan Tixanovskaya aslida 60-70 foiz ovoz to‘plaganini iddao qilmoqda.

18 avgust kuni muxolifat muvofiqlashtiruvchi kengashi tashkil etildi. Lukashenko kengash tuzilganini «hokimiyatni bosib olish urinishi», deb baholadi.

Kengash a’zolarini «oshkora natsistlar» deb atagan Lukashenko o‘z so‘zi davomida:

- Ular oz emas, ko‘p emas, hokimiyatni topshirishni talab qilishmoqda. Demak, biz buni hokimiyatni bosib olish urinishi sifatida baholaymiz, dedi.

Lukashenko kengash a’zolariga nisbatan «adekvat choralar ko‘rilishi» bilan tahdid qildi.

O‘z videomurojaatida Tixanovskaya YeI yetakchilarini saylov natijalarini tan olmaslikka chorlab, Lukashenko Belarus xalqi hamda butun jahon nazarida legitimligini yo‘qotganini ta’kidladi.

Ingliz tilida so‘zlagan Tixanovskaya saylovdan keyin tinch namoyishchilarga qarshi keskin kuch qo‘llanilganini qoraladi.

Yevropa kengashi prezident Sharl Mishel Belarus xalqi «o‘z kelajagini hal qilishga hamda o‘z yetakchilarini erkin tanlashga haqli» ekanligini aytdi.

18 avgust kuni Mishel Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, Belarusda saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi gumon va namoyishchilarga qarshi choralarini muhokama qildi. 18 avgust kuni Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Putin bilan suhbatlashdi.

Merkel matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kansler Belarus rasmiylari tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmasligi kerakligini hamda siyosiy mahbuslarni ozod qilishi kerakligini aytgan. Shuningdek, Merkel Lukashenko muxolifat bilan muzokara olib borishi kerakligini aytgan.

Kreml suhbatlar haqida e’lon qilgan bildiruvda Rossiyaning vaziyat normallashishiga umid qilayotgani aytildi. Bir vaqtning o‘zida Kreml Belarus ichki ishlariga boshqa mamlakatlar aralashmasligi kerakligini ta’qidladi.

Dam olish kunlari Lukashenko ham Putin bilan ikki marta suhbatlashdi. Rossiya matbuotiga ko‘ra¸ Putin Belarusga xavfsizlik yordamini ko‘rsatishni va’da qilgan.

Saylov ortidan Litvaga qochishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya 16 avgust kuni «milliy lider bo‘lishga tayyor ekani»ni bildirdi.

- Men mamlakatimizda barqarorlik o‘rnatilishi, normal hayot tarziga qaytishi, barcha siyosiy mahbuslar qamoqlardan ozod etilishi va qisqa muddatda yangi prezidentlik saylovi o‘tkazilishiga imkoniyat yaratib beruvchi qonunchilik bazasi ishlanib chiqishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olib, milliy lider sifatida maydonga chiqishga tayyorman, dedi Tixanovskaya o‘z bayonotida.

Belarusdagi norozilik namoyishlari Markaziy saylov komissiyasi Lukashenkoni prezidentlik saylovining rasmiy g‘olibi bed e’lon qilgani ortidan boshlanib ketdi.Hozirgacha norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, ikki odam o‘ldi. Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.

Namoyishchilarga qarshi qo‘llanilgan keskin choralar Lukashenkoga qarshi kayfiyatni kuchaytirdi. Mamlakatdagi yirik korxonalar ishchilari norozilik namoyishlarini davom ettirib, muddatsiz ish tashlash e’lon qildi. Mamlakat bo‘ylab yoyilib borayotgan ish tashlash qatnashchilari ham Lukashenko iste’fosini talab qilmoqda.