G‘arb davlatlari Rossiyaning koronavirus vaksinasiga shubha bilan qaramoqda

Rossiya prezidenti va hukumatining hali odamda yakuniy sinovdan o‘tmagan vaksinani targ‘ib qilayotgani¸ hatto rossiyalik mutaxassislarni ham xavotirga solmoqda.

Seshanba kuni Rossiya inson organizmida koronavirusga qarshi davomli immunitet keltirib chiqaruvchi jahondagi ilk vaksinani ishlab chiqqani e’lon qildi. Bu xabar ortidan ko‘pchilik mutaxassislar Rossiya vaksinasi samarasiga ishonchsizlik bildirmoqda.

Prezident Vladimir Putin Gamaleya tadqiqot instituti Rossiya Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan va «Sputnik» nomi berilgan vaksina xavfsiz ekani, hatto o‘z qizlaridan biri uni olganini aytdi.

- Juda samarali ekanligini, davomli immunitet berishini bilaman, - dedi prezident.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi klinik sinovlar hali yakunlanmagani, 2000 odam ishtirokidagi yakuniy sinov bosqichi chorshanba kuni boshlanishini bildirdi.

G‘arb davlatlari Rossiya vaksina dasturi savol tug‘dirishini aytib, unga shubha bildirib kelmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot kotibi tashkilot Rossiya Sog‘liqni saqlash rasmiylari bilan muntazam aloqada ekani, ammo tashkilot Rossiya vaksinasini ma’qullashi uchun hali erta ekanligini aytdi.

Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi esa «Rossiya vaksinasi sifati, samarasi va xavfsizligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q»ligini bildirdi.

Rossiya sentabr oyida vaksinani keng ko‘lamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu vaksina bilan¸ birinchi navbatda¸ tibbiyot xodimlarini emlash rejalashtirmoqda.

Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi direktori Kirill Dmitriyev rus vaksinasiga bildirilayotgan shubhalar Rossiyani yomonotliq qilishni ko‘zlovchi «puxta rejalashtirilgan matbuot hujumlari» mahsuli ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 xorij davlati rus vaksinasini olish uchun oldindan buyurtma bergan.

Bu orada kasallikning ikkinchi to‘lqini haqida xavotirlar urchir ekan, jahon bo‘ylab vaksina ishlab chiqarish poygasi avj olmoqda.

Seshanba kuni Indoneziyada Xitoyning Sinovac Biotech shirkati ishlab chiqqan CoronaVac vaksinasi sinovining yakuniy uchinchi bosqichi boshlanayotganini e’lon qilindi. CoronaVac vaksinasi allaqachon 9 ming nafar braziliyalik tibbiyot xodimi orasida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, jahon bo‘ylab olimlar 165 ta vaksina loyihasi ustida ishlamoqda. Ularning oltitasi sinovlarning so‘nggi bosqichiga yetgan.

Ayni paytda tashkilotning sog‘liqni saqlash sohasida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturlari direktori Maykl Rayan vaksina ishlab chiqarilganidan keyin COVID-19 birdaniga to‘xtab qolmasligidan ogohlantirdi.

- Bizda poliomielit va qizamiqqa qarshi samarali vaksinalar mavjud, ammo ushbu kasalliklarni yo‘q qilish yoki to‘xtatish uchun hali ham kurashmoqdamiz. Vaksina bilan uni olishni xohlovchi va talab qiluvchi aholini emlash imkoniyati ham bo‘lishi kerak, - dedi u.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar koronavirusga chalinganlar soni 20 milliondan oshdi, ularning 737 mingga yaqini nobud bo‘ldi.

Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi Evropa davlatlarini ayrim karantin choralarini qayta joriy qilishga chorladi.

Fransiya poytaxti Parij¸ shuningdek Ispaniyada jamoat joylarida niqob taqish talabi qaytadan joriy qilindi.