AQShning BMTdagi elchisi Kelli Kraft Eronni «terrorizmni moliyalashtiruvchi jahondagi 1-raqamli davlat» deb atadi.
Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh keyingi haftada BMT Xavfsizlik kengashida Eronga qurol-aslaha sotishga qo‘yilgan embargoni uzaytirishni ovozga qo‘yishini ma’lum qilgan edi.
Elchi Kraft Rossiya va Xitoy kengashdagi veto huquqlaridan foydalansa, «terrorizmni moliyalashtiruvchi 1-raqamli davlatning homiysiga» aylanishidan ogohlantirdi.
Kraft Vashington Rossiya va Xitoy «Yaqin Sharqda tinchlikni saqlash ahamiyatini anglashiga» umid qilishini aytdi.
Ayni paytda elchi Rossiya va Xitoy haqida gapira turib:
- Ular o‘z chegaralari tashqarisida tartibsizlik, mojaro va to‘s-to‘polonni targ‘ib qilishda davom etadi. Shunday ekan, ularni burchakka haydashimiz kerak¸dedi.
5 avgust kuni Pompeo Eronga qurol sotishga qo‘yilgan cheklovni uzaytirish bo‘yicha AQSh rezolyutsiyasi BMT Xavfsizlik kengashida ovozga qo‘yilishini ma’lum qilishi ortidan Kraft va AQSh Davlat departamentining Eron bo‘yicha maxsus vakili Brayan Huk matbuot anjumanini o‘tkazdi.
Anjumandan bir necha soat o‘tib¸ Huk iste’foga chiqqanini e’lon qildi.
Rossiya va Xitoy Tashqi ishlar vazirlari 15 davlat a’zo Xavfsizlik kengashida AQSh rezolyutsiyasi yetarlicha ovoz to‘plasa, unga veto qo‘yishini bildirgan. Ikki vazir o‘tgan oyda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga yozgan maktubida AQShning Eronga qarshi siyosatini keskin tanqid qilgan edi.
5 avgust kuni Pompeo Eronga qurol sotish istagidagi davlatlar «navbatga turayotgani», bu holat Yaqin Sharqni yanada beqarorlashtirishi, Yevropa va Isroilga tahdid solishi¸ qolaversa amerikaliklar hayoti uchun xavf tug‘dirishini aytdi.
Vashingtonga ko‘ra, agar amaldagi embargo oktabr oyida o‘z yakuniga yetganidan keyin Eron qurol-aslaha xarid qilishiga va sotishiga Xavfsizlik kengashi to‘sqinlik qilmasa, Eronga qarshi barcha BMT rezolyutsiyasi qayta joriy qilinadi. BMT rezolyutsiyalarini qayta tiklash mexanizmi 2015 yilda dunyoning qudratli davlatlari va Eron o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuvda belgilangan.
Rossiya, Xitoy hamda Tehron bilan erishilgan kelishuvni imzolagan boshqa davlatlar AQSh ortga qaytish mexanizmini ishga solishga haqli emasligini aytmoqda. Sababi 2018 yilda Tramp ma’muriyati kelishuvdan chiqib, Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy qilgan. Bunga javoban Eron kelishuv doirasida o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlariga amal qilishni to‘xtatgan edi.
Britaniya, Fransiya va Germaniya Eronga qurol sotishga qo‘yilgan embargo muddati tugayotganidan xavotirda, ammo ular Eronning yadroviy muzokaralardan butunlay voz kechishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun murosa topishga urinmoqda.