Navoiy viloyatidagi “Karmanagaz” xodimi, abonentlar bilan ishlaydigan mutaxassis, 40 yashar To‘xtagul Turdiyeva o‘zi va hamkasblari aholi orasida koronavirus tarqalib borayotgan bir paytda himoyasiz va o‘ta og‘ir sharoitda ishlayotganini aytdi.
Ayolning OzodMikrofon rukniga aytishicha, shaxsan u himoya kostyumi va qo‘lqopsiz, 1 ta niqob bilan kuniga 10 dan ziyod mijozni qabul qilmoqda, ular bilan suhbatlashib, hujjatlar bilan ishlamoqda.
Turdiyevaning iddao qilishicha, hamkasblarining yaqinlari orasida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar chiqqani rahbariyat tomonidan ma’lum qilingan. Ammo, shundan so‘ng ham u ishlab turgan tashkilot binosi dezinfeksiya qilinmagan, bemor bilan muloqotda bo‘lganlar esa karantinga olinmagan:
- Biz uyimizga virusni olib borishdan qo‘rqib qoldik. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar bilan ishladik, aholi bilan kuniga muloqotda bo‘lyapmiz. Tashkilot binosini dezinfeksiya qilib beringlar, bizni test qilinglar, deb nechta joyga murojaat qildik. Hech kim quloq solmayapti. Qayerga ketyapti, kovidga qarshi kurash uchun, deb ajratilgan pullar, bilmaymiz. Navoiyda ahvol juda yomon, rahbarlar juda beparvo, - deb shikoyat qildi Turdiyeva.
Quyida bu ayol bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ozodlik Turdiyeva ishlaydigan "Karmanagaz" idorasi ma’muriyatidan bu shikoyatga hozircha izoh ololmadi.
Ammo, Navoiy viloyatida koronavirusga chalinganlar soni ortib borayotgani, ayrim hollarda bemorlar soni yashrilayotgani haqida tahririyatga hujjatlar kelib tushgan va Ozodlik bu borada tahliliy maqolalar e’lon qilgan.
Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurash respublika jamg‘armasidan ajratilgan katta miqdordagi mablag‘ Navoiy viloyatida o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangani haqida Bosh prokuratura ham ma’lumot tarqatgan.
------------------------------------------------------------
Eslatma: OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!