Qozog‘istonda taqriban 1 700 nafar aqliy imkoniyati cheklangan bola maxsus internat-uylarda yashaydi.
Hukumat boshqaruvidagi bolalar uylariga safar qilgan huquqshunos Aygul Shakibayeva Ozodlik bilan suhbatda ulardagi dahshatli sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
- Bolalarda o‘z ismlari yo‘q, buning o‘rniga ularning yotoqlari va kiyimlariga raqam yozib qo‘yishgan - dedi Shakibayeva.
Shakibayeva «Imanaliyev nomidagi imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish komissiyasi»ga yetakchilik qiladi.Unga ko‘ra, alohida ehtiyojli bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarda yashovchi bolalarning o‘z jihoz va kiyimlari deyarli umuman yo‘q¸ ularning hamma narsasi¸hatto ich kiyimlari ham o‘rtada.
Shakibayeva 2019 yilda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Nur-Sultondagi ofisi hamda Qozog‘iston inson huquqlari Ombudsmani qo‘llovi bilan bir guruh mutaxassis bilan 20 ta alohida ehtiyojli bolalar yashaydigan markazga bordi.
- Istalgan viloyatda nogiron bolalar palatalariga kirar ekansiz, dahshatli manzarani ko‘rasiz. Bolalarga psixotrop dori berishadi. Bolalarning tillari osilib qolgan, ko‘zlari alang-jalang bo‘layotganiga guvoh bo‘lish mumkin, - deya so‘zini davom ettirdi faol.
Shakibayrvaning bu gaplari Human Rights Watch (HRW) tashkiloti xulosalariga mos keladi.
Qozog‘iston rasmiylari esa hukumat alohida ehtiyojli bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarga jiddiy qarashini aytib keladi.
Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda keyingi yillarda nogironlar uylarida tibbiy va ijtimoiy qarovni yaxshilash, ishchilar malakasini va maoshini oshirish uchun muayyan choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Qozog‘istondagi aksar ota-ona nogiron tug‘ilgan bolasidan voz kechadi.
Ko‘p holatlarda yangi tug‘ilgan chaqaloq nogiron ekanligi ma’lum bo‘lganidan keyin, ona tug‘ruqxonani tark etishdan oldin undan voz kechadi.
Mamlakatda sog‘lom bolalarni boqib olishni istaydiganlar ko‘p, ammo nogiron bolalarni kamdan-kam holatda boqib olishadi.
Ota-onasi voz kechgan bolalarni tug‘ruqxonadan bolalar uylariga yuborishadi. Bola to‘rt yoshga to‘lganidan keyin, uni alohida ehtiyojli shaxslar uchun mo‘ljallangan markazlarga o‘tkazishadi.
Qozog‘istonlik shifokor va ota-onalar nogiron bolani katta qilish mas’uliyati oilalar buzilishiga sabab bo‘lishini aytadi.
Shakibayeva buni o‘z boshidan kechirgan. Faolning o‘g‘li 10 yil oldin Daun sindromi bilan tug‘ilgan¸ ko‘p o‘tmay eri tashlab ketgan.
Faol ayni damda farzandini yakka o‘zi katta qilmoqda. Shuningdek u vaqtini davlatga qarashli nogironlar uylarida yashovchi bolalar huquqlarini himoya qilishga sarflaydi.
Shakibayeva hukumat hamda jamoatchilikni nogiron bola tug‘ilgan oilalarni qo‘llashga chorlab keladi.
Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Yerlan Aukenov Ozodlik bilan suhbatda keyingi yillarda mamlakat bo‘ylab kunduzi nogiron bolalar borishi mumkin bo‘lgan 72 da maxsus markaz qurilganini aytdi.
Bunday markazlarda¸ uning aytishicha¸ bolalar bilan psixiatr, logoped, psixoterapevt va boshqa mutaxassislar shug‘ullanadi.
Qozog‘istonning har bir viloyatida kamida bitta nogiron bolalar markazi bor. Ammo ko‘p holatlarda ular viloyat poytaxtidan olisda joylashgan.
Masalan, Sharqiy Qozog‘iston viloyatida nogiron bolalar uyi Ayag‘oz shahrida joylashgan bo‘lib, viloyat poytaxtidan u yerga poyezdda 12 soatda yetish mumkin.
Qozog‘istondagi ko‘plab yetimxona imorati tashqaridan qaraganda zamonaviy, yaxshi ta’mirlangan. Ammo Shakibayeva imorat ichiga kirgandan keyin¸ vaziyatning aslida o‘ta achinarli va og‘ir ekani namoyon bo‘lishini aytadi.
Faolning so‘zlariga ko‘ra, «agressiv» deb ko‘riluvchi bolalarga o‘z xonalarini tark etishga izn berilmaydi.
Ayrim markazlarda ishchilar bolalar qo‘llarini bog‘lab qo‘yadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bolalar o‘zlariga shikast yetkazmasliklari uchun shunday chora ko‘riladi. Ayrim markazlarda esa og‘ir kasal bolalar kechayu kunduz yotoqda yotadi.
Ammo ayrim markazlarda agressiv bolalarga yengiga qo‘lqop tikilgan kiyim berib, ular o‘zlariga shikast yetkazishi oldi olinmoqda.
Ba’zi bolalar uylari xodimlari esa yotoqqa mixlanib qolgan bolalar quyoshni ko‘rishi uchun ularning yotoqlariga g‘ildirak o‘rnatgan va onda-sonda ularni toza havoga olib chiqadi.
Shakibayeva kamida oltita bolalar uyida agressiv xulq-atvorga ega nogiron bolalarga psixotrop dorilar berilishini aniqlaganini aytadi. Faol bunday markazlarga dori o‘rniga ziyoni kamroq metodlardan foydalanishni tavsiya qilib keladi.
Shakibayeva, shuningdek, bolalar uylari ishchilari eng avvalo bolalarni o‘zlarini agressiv tutishiga nima majburlayotganini aniqlashi kerakligini aytadi.
- Bu bolalar so‘zlay olmagani uchun, ularni nima bezovta qilayotganini ayta olmaydilar. Balki tishlari og‘riyapti. Bolalar o‘z muammolarini tushuntira olmaganlari, boshqalar ularni tushunmayotgani uchun o‘zlarini agressiv tutadilar. Psixotrop dorilar yechim emas.
Faol bunday dorilar bolaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nogiron bolalar tez-tez yomon munosabat va zo‘ravonlik qurboni ham bo‘lishadi.
HRW tashkiloti 2019 yilda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Qozog‘istonda bolalar uylari xodimlari bolalarni tinchlantirish uchun psixotrop dorilardan foydalanadi. Odatda bunday dorilar shizofreniya, uyqusizlik va qattiq og‘riqdan aziyat chekayotganlarga beriladi.
HRW hisobotida, shuningdek, nogiron bolalar e’tiborsizlik va zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani hamda ular o‘z oilalari va jamiyatdan ajratib qo‘yilgani aytildi.
Nogiron bolalar uylarida ulg‘aygan o‘smirlar xodimlar o‘zlarini ko‘p holatlarda urgani va ishlashga majburlaganini aytadi. Ayrim holatlarda ishchilar bolalarning boshini devorga urgan, yoshroq bolalar tagligini almashtirishga majburlashgan.
Aukenov nogironlar uylarida bolalarga bo‘lgan munosabat haqidagi savolga javoban vazirlik muntazam ravishda tekshiruv o‘tkazishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 4,5 yil ichida 2500 tekshiruv o‘tkazilgan.
Aukenov o‘nlab muassasada qoidabuzarliklar aniqlangani, natijada markaz ishchilari jarimaga tortilganini aytdi.