Aholining tomorqasiga sabzavot ektirish va nazorat qilish ham o‘qituvchiga yuklatildi

Odamlarning shaxsiy tomorqalariga ham xo‘jayin ko‘paydi.

“Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qo‘yish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak”.

Prezident 8 aprel kuni videoselektor yig‘ilishida aytgan bu gapdan va Bosh vazirning bu haqdagi qaroridan so‘ng, tumanlarda aholining tomorqasini nazorat qilish kuchaytirildi.

Ammo bu ish yana, kasbiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan o‘qituvchilar bo‘yniga qo‘yildi.

Ozodlik Buxoro va Qashqadaryo viloyatining ba’zi tumanlarida o‘qituvchilar uyma-uy yurib aholining tomorqasini suratga olish, targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanayotgani xabarini oldi.

Rasmiylar o‘qituvchilarning tomorqaga bog‘liq targ‘ibot ishlariga safarbar etilishini, karantin paytida ular olayotgan maoshini oqlash deb baholamoqda.

Buxoro viloyat, Qorako‘l tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchi Ozodlikka hokim Sherali Salomovning o‘qituvchilarni tomorqachi qilib qo‘ygani aks etgan audioyozuvni taqdim qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qorako‘l tumani hokimi Sherali Salomov o‘qituvchilarag topshiriq bermoqda


O‘qituvchining aytishicha tuman hokimi 19 aprel kuni Sherali Salomov 5, 43- maktablarning o‘qituvchilari bilan o‘tkazgan majlisda bu xususda qattiq topshiriq bergan.

Ozodlikka yuborilgan audioda, ovozi hokimniki deb iddao qilinayotgan shaxs bunday deydi:

“Demak 900 ta o‘qituvchi bo‘ladigan bo‘lsa, 8 yarim mingta xonadon bor ekan, har 9 ta oilaga bittadan o‘qituvchi to‘g‘ri kelar ekan. Misol uchun bunday qilasiz, masalan xonadonning 15 so‘tix yeri bor, o‘shanga sabzavot va poliz ektirasiz”.

Hokim deb aytilayotgan shaxs o‘qituvchilarga odamlarni tarbiyalashga, tarbiyaga tushmaydigan bo‘lsa kerakli joyga xabar berishga undaydi:

Siz ziyolisiz, siz o‘qituvchisiz! Shunga ta’sir choralarini ko‘ring.


“Endi mana har-xil odam bor. 80 foizi yaxshi xonadon bo‘lishi mumkin. 20 foizi esa ishyoqmas, doim bahona izlaydigan odam bo‘lishi mumkin. Siz ziyolisiz, siz o‘qituvchisiz! Shunga ta’sir choralarini ko‘ring. Agar bo‘lmasa, mahalla raisiga aytasiz, bular o‘zi chorasini ko‘rib beradi. Eng asosiysi tomorqaning faqat 20 foiziga beda ekilsin, qolganiga oziq-ovqat bo‘ladigan sabzavot ekilsin”

9 aprel kuni 5-maktabda o‘tkazgan yig‘ilishda ishtirok etgan o‘qituvchining aytishicha, ular qariyb to‘rt soat davomida hokimni kutishgan:

Karantin bo‘lishiga qaramay 200dan ortiq odam yonma-yon, bir zalda o‘tirib hokimni uch soat kutdi.


“Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay direktor ertalab soat 9 dan maktabga chaqirib oldi. 43-maktabdan ham o‘qituvchilar, yaqin atrofdagi maktablar direktori ham kelgan edi. Karantin bo‘lishiga qaramay 200 dan ortiq odam yonma-yon, bir zalda o‘tirib hokimni uch soat kutdi. Maqsad bizni aholi tomorqasiga bog‘lab qo‘yishmoqchi ekan, karantinda bo‘sh qolib ketibmiz ekan”.

O‘qituvchi fikricha pedagog dehqonning uyiga borib, sen buni ek, buni ekma deyishi o‘taketgan bema’nilik:

“Hokim tomorqasining 80 foizi sabzavot bo‘lsin deyapti, nima odamlar ahmoqmiki, tomorqasiga foyda bermaydigan ekin eksa, chorvasi bor beda ekadi, makka ekadi, uning ishida endi. Rosti gap, dehqonga o‘qituvchi unday qiling bunday qiling desa kulguli bo‘larkan. Shuning uchun indamay, rasmga olib chiqib ketyapmiz, hisobot uchun”.

Ozodlikning Qorako‘l tuman hokimi Sherali Salomovni topib gaplashish harakatlari natija bermadi.

Ayni paytda, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidan shikoyat qilgan o‘qituvchilar ham, ular uyma-uy yurib aholini sabzavot ekishga undashga majburlanayotgani haqida aytdi:

Sen malim bo‘lsang, malimligingni qil,bizlarga aql o‘rgatma deyapti.


“Koson tumani 34-maktabdan yozyapmiz. O‘qituvchilarni mahallama-mahalla yurishga majbur qilishyapti. Tomorqa bo‘yicha har kuni kamida o‘nta xonadonga borib, sabzavot ekishga targ‘ib qilyapmiz. Lekin aholi bizga qarshi e’tiroz bildiryapti. Sen malim (muallim demoqchi) bo‘lsang, malimligingni qil,bizlarga aql o‘rgatma deyapti. O‘zimiz ham bu ahmoqona ish ekanligini bilamiz. Lekin karantinda bo‘lsak ham hukumat bizga maosh to‘layapti ekan, shuni yuzimizga solishyapti, majbur chiqyapmiz”.

Xalq deputatlari Koson tumani Kengashi deputati Shuhrat Nutfullayev o‘qituvchilar tomorqa tashviqotiga jalb etilganini qisman tasdiqlar ekan, o‘zi ham kechayu kunduz shu ish bilan shug‘ullanayotganini aytdi:

- O‘qituvchilar kelamiz deb, hali kelgani yo‘q. O‘zim uyma-uy yurib, tushuntiryapman. Bizda ko‘pi chorvachilik bilan shug‘ullanadi, uyida 100-200ta mol boqadi. Men ularga tushuntiryapman, mayli molingga ham bo‘lsin, o‘zingga ham bo‘lsin. Shunday qilib 1-2 so‘tixdan sabzavot ektirib kelyapman. Uyida xalq bekor o‘tirmasligi kerakda, bir nima eksa shu bilan karantin davrida andarmon bo‘ladi.

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan 216-sonli qaror matni to‘lig‘icha jamoatchilikka taqdim etilmagan bo‘lsada¸ uning Adliya vazirligi ochiqlagan asoiy jihatlari ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Bu munozarada qatnashgan deputat va siyosiy partiya vakillari¸ uni iqtisodni ma’muriy buyruqbozlik bilan boshqarish siyosatining navbatdagi mahsuli sifatida baholadi.

Tomorqadan foydalanish avvalo, manfaatdorlik, tomorqa madaniyati va amaliyotini oshirish hamda bozor mexanizmlari asosida shakllanadi. Tomorqachilikni ma’muriy jazo va qo‘rqitish yo‘li bilan zinhor rivojlantirib bo‘lmaydi”¸ deb yozdi o‘z Telegram kanalida O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili Nuriddin Murodov.