Toshkent viloyat, Oqqo‘rg‘on tumanidagi fermerlarning unib turgan bug‘doy, kartoshka, loviyasi haydab tashlandi.
Yangiyo‘l tumanida sabzavotchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari paxta yetishtirish shartnomasini imzolashga majburlanmoqda.
Viloyat prokurori Salom Samadovning qo‘shimcha paxta ektirish buyrug‘iga tuman hokimlari ham qarshi chiqolmayotgani haqida, fermerlar, hokimlik mulozimi Ozodlikka aytdi.
O‘zbekiston prezidenti qarori bilan paxta yetishtirish rejasi va uning xarid narxini belgilash amaliyoti bekor qilingan bo‘lsa-da, mahalliy mulozimlar bu amaliyotni “yuqorining buyrug‘i” deb atamoqda.
Oqqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari bug‘doyzorlar buzib tashlanganini tasdiqladi, lekin u fermerlarni "oshiqcha bug‘doy ekkanlikda" aybladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Oqqo‘rg‘on tumanida o‘nga yaqin fermerning dalasidagi bug‘doy, loviya, kartoshka viloyat prokurori Salom Samadovning buyrug‘i bilan haydab tashlangani haqida ismi sir qolishini so‘ragan, bu voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan fermerlardan biri xabar qildi:
5 gektar eksportbop qizil loviyasini majburan haydab tashlab, o‘rniga paxta ekasan dedi.
“Bizning hududda o‘tgan yili tuman hokimning qarori bilan xo‘jaligini meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirgan bir fermer bor. O‘shaning besh-o‘n santimetr o‘sib qolgan 5 gektar eksportbop qizil loviyasini majburan haydab tashlab, o‘rniga paxta ekasan dedi. Sho‘rlik yig‘lab qoldi. Xabarim bor, u bu loviyaning urug‘ligini qariyb 5 ming dollarga sotib olgan edi”.
Fermerning aytishicha, koronavirus O‘zbekistonga kirib kelgan bir paytda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshishi haqidagi ularning iltimoslari ham inobatga olinmagan:
Bular prezidentimizning siyosatiga yuz foiz teskari ish qilishyapti.
“Fermerlar, qo‘ying bir-ikki oyda tayyor mahsulot bo‘ladi, uvol qilmang, ichki bozorda arzonchilikka hissa bo‘ladi desa, sen paxtani biz aytgandek ekaver, ichki bozorni o‘zimiz ta’minlab olamiz deyishyapti. Bular prezidentimizning siyosatiga yuz foiz teskari ish qilishyapti. Bo‘lmasa bir qarich o‘sib turgan bug‘doyzorni haydab tashlaydimi, kartoshkani haydab tashlaydimi?! Kartoshka bozorda 7-9ming so‘mgacha chiqib ketgan bir paytda-a? Kalla bormi bularda?!”
Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir fermer haydab tashlangan bug‘doyzor foto va videolarini Ozodlikka taqdim etar ekan, bu holatni vahshiylik deb atadi:
“Zamin Saxovat” fermer xo‘jaligining kartoshka va fasolini haydab tashladi.
“Madaniyat qishlog‘ida joylashgan “Dilshod Yo‘ldoshev” fermer xo‘jaligining bug‘doyzori batamom haydab tashlandi. Vaholanki, bu bug‘doyni u tasdiqlangan razmeshshenie bo‘yicha ekkan. “Zamin Saxovat” fermer xo‘jaligining kartoshka va fasolini haydab tashladi. O‘rniga paxta ekasan deb majburlashyapti. Agar shunday niyatlari bor ekan, ular ekmasdan turib aytsa bo‘lmaydimi? Birovning mehnati, birovning yuz millionlab so‘m qilgan xarajatini puf deb yo‘q qilib yuborishdi”.
Fermerga ko‘ra, ikki yildan buyon klasterdan paxta hosili pulini ololmayotgan oqqo‘rg‘onlik fermerlarga bu juda og‘ir zarba bo‘lgan:
Yo‘q joydan bor qilib ekkan bug‘doyimizni yer bilan yakson qilib tashladi.
“Oqqo‘rg‘on Agroklaster” hozirgacha paxta pulini bergani yo‘q. Pulning o‘rniga kunjara va paxta yog‘i berishni boshlashgan edi, u ham to‘xtab qoldi. Men o‘zim yigirma marta bordim, ololmadim. Buning ustiga yo‘q joydan bor qilib ekkan bug‘doyimizni yer bilan yakson qilib tashladi. Axir fermer klaster bilan o‘zi shartnoma tuzishi kerak emasmi? Prezident shunday deb aytmaganmi? Shunday qaror chiqarmaganmi? Nega yana prokuroru hokimlar bizga xo‘jayin? Nega yana paxta, paxta va yana paxta?”
Oqqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari Faxriddin Pardayev Ozodlik bilan suhbatda bug‘doyzorlar haydab tashlanganini tasdiqlar ekan, buning sababini shunday izohladi:
“Agar fermer bug‘doyi rejaga ko‘ra 10 gektar bo‘lsayu u 15 gektar ekkan bo‘lsa, demak konkret fakt bor. Bu noqonuniy. Oziq-ovqat xavfsizligi bor, masalan bug‘doy, paxta, hamma rejadan ortiq bug‘doy ekib qo‘ysa reja nima bo‘ladi. Bu qonun bo‘yicha buziladi. Lekin boshqa ekinlar buzilmagan”.
Hokim o‘rinbosari Ozodlikning unib chiqqan bug‘doy va boshqa ekinlarning buzib tashlanishi oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmaydimi, degan savoliga aniqq javob bera olmadi.
Oqqo‘rg‘on tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda “yuqoridan” kelgan topshiriqqa qarshi ular ham hech narsa qila olmayotganini tan oldi:
Hatto bog‘ oralariga ekilgan sabzavotlarni ham haydab, o‘rniga paxta ekasan deydi.
“Bu prokuror xalq, fermerlar bilan odamga o‘xshab gaplashmaydi. Bo‘lmasa, fermerlarning razmeshshenie bo‘yicha ekkan bug‘doyini haydab tashlaydimi? Fermerlar o‘zi ikki yildan buyon klasterdan paxta pulini ololmay enasini ko‘rib yotibdi. Hatto bog‘ oralariga ekilgan sabzavotlarni ham haydab, o‘rniga paxta ekasan deydi. SSSR vaqtida shunaqa siyosat bo‘lardi, odamlarning hovlisigacha paxta ekilgandi, bu ham shunaqa qilyapti. Fermerlarning ham o‘zini tirikchiligi bor, ishchilariga bir tishlamdan yer berishi kerak, bo‘lmasa kim ishlaydi. Hokimdan tortib boshqa mulozimlargacha biror kishi g‘ing deya olmaydi, hammasi yuqoridan kelgan topshiriq, deydi”.
Ayni paytda, Yangiyo‘l tumanidagi meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari ham paxta shartnomasi tuzishga majburlanayotgani haqida ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri Ozodlikka xabar qildi:
“2019 yil 9 yanvardagi O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qaroriga asosan 20 gektargacha yer maydonlari g‘allachilik, sabzavotchilik fermer xo‘jaliklariga berilgan. Ammo hozir 2020 yil uchun majburan paxta shartnomasi tuzdirishyapti. Shartnoma qilmagan fermerlarga yerni tortib olib, klasterga topshirib yuborish bilan tahdid qilinmoqda. Shartnomada bir gektar paxtani kamaytirish uchun 100 dollardan 250 dollargacha pul olishyapti. Navoiy, Bobur va Xalqobod massivida yuzdan ortiq shunday fermer xo‘jaligi bor”
Yangiyo‘l tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limining o‘zini Hakimjon deb tanishtirgan mulozimining aytishicha, tumanda paxta yetishtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori bor:
“To‘g‘ri, paxta davlat buyurtmasidan tushib ketdi, lekin paxta serdaromad hosil bo‘lgani uchun, qolaversa ekin turlarini joylashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori asosida meva-sabzavotchilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarga razmeshshenie qilingan. Paxta gektarini kamaytirish bo‘yicha fermerlar iddao qilayotgan 100-200 dollar pul olish bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham, hammasi qonuniy bo‘lyapti”.
Prezidentning paxta yetishtirish haqidagi qarori ishlamayapti
6 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror qabul qilgan edi.
Bu qarorga ko‘ra, 2020 yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi va paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan yig‘ilishda shunday degan edi.
"Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, deya iqtibos keltirgan edi Sh. Mirziyoyev so‘zlaridan prezident matbuot xizmati.
Bu, qayd etilishicha, sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yadi.
Ammo Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, fermerga qancha paxta ektirish hozir ham hokimlik taqdim etgan razmeshenie bo‘ylab majburan shartnoma qildirilmoqda.