Jahon bo‘ylab COVID-19 infeksiyasidan vafot etganlar soni 30 ming nafardan oshdi.
O‘limlarning uchdan ikki qismi Yevropada qayd etildi.
Hozir AQSh koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar AQShda 124 mingdan oshiq odam virusga chalingan.
Nyu-York shtatida virusga chalinganlar soni o‘sib borayotgan bo‘lishiga qaramasdan, prezident Donald Tramp mahalliy siyosiy yetakchilar qarshiligi tufayli shtatni karantinga olish fikridan voz kechdi. Tramp bunday qarorga Oq uy koronavirus ishchi guruhi tavsiyasi bilan kelganini aytdi.
28 mart kuni Tramp karantin joriy qilish o‘rniga AQShning Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish markazlari (CDC) Nyu-York, Nyu-Jersi hamda Konnektikut shtatlariga sayohat qilish xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilishini aytdi.
Avvalroq prezident Nyu-York shtatida karantin joriy qilishi mumkinligini aytgan edi. Ammo Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo va Nyu-Jersi gubernatori Ned Lamont bunday chora vahima keltirib chiqarishi hamda moliyaviy bozorlarga katta ziyon keltirishini aytib, unga keskin qarshi chiqishdi.
Yangi koronavirus shtammi keltirib chiqaradigan COVID-19 kasalligi pandemiyasi boshqa mamlakatlar kabi AQSh iqtisodini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. 27 mart kuni Tramp iqtisodni dastaklashni ko‘zlovchi 2 trillion dollar qiymatga ega yordam rejasini imzolagan.
Shuningdek, prezident avtobomil ishlab chiqaruvchi shirkatlarga ventilyator, ya’ni sun’iy nafas oldirish moslamalarini ishlab chiqarishni buyurdi. Bundan tashqari, prezident Pentagonga sobiq qo‘shinlar hamda Milliy gvardiya a’zolarini safarbar qilish imkonini beruvchi qonunni imzoladi.
Xitoyning Uxan shahrida 2019 yil dekabr oyi oxirida aniqlangan koronavirusini yuqtirib olganlar soni bugunga qadar jahon bo‘ylab 665 ming nafardan, vafot etganlar soni esa 30 ming nafardan oshdi.
Pandemiyadan eng ko‘p aziyat chekayotgan Yevropa davlatlari - Italiya va Ispaniyada 28 mart kuni 1600 dan oshiq bemor vafot etdi.
Shu paytgacha Italiyada kasallik tufayli 10 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi. 6 mingdan oshiq fuqarosi yostig‘i qurigan Ispaniya esa halok bo‘lganlar tanasini so‘nggi manzilga eltish uchun harbiylar safarbar qilinishini e’lon qildi.
Rossiya esa koronavirusga qarshi kurash doirasida 30 mart kuni o‘z chegaralarini yopmoqchi. Ammo diplomatlar hamda yuk mashinalari haydovchilar harakati cheklanmaydi. Rossiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, bugunga qadar mamlakatda 1264 nafar odam koronavirusni yuqtirdi, ularning 7 nafari vafot etdi.
O‘zbekistonda bugunga qadar 133 nafar odam virusga chalindi. Ularning 2 nafari vafot etdi, 7 bemor esa sog‘ayib, shifoxonadan chiqdi.
Bu orada ikki oy karantinda bo‘lgan Uxan shahrida cheklovlar bekor qilinib, hayot qayta izga tusha boshladi. 28 mart kuni shahar chegaralari ochilib, ayrim transport xizmatlari qayta yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi pandemiya tufayli global iqtisod allaqachon bo‘hronga yuz tutganini aytmoqda. 27 mart kuni bolgariyalik iqtisodchi Kristalina Georgiyeva rivojlanayotgan davlatlar COVID-19 keltirib chiqargan krizisdan chiqishi uchun kamida 2,5 trillion dollar moliyaviy resursga muhtoj bo‘lishini ta’kidladi.
COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar Ozodlik jonli blogida: