Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yangi koronavirus epidemiyasi Xitoyda maksimum darajaga yetib, sustlasha boshlaganini bildirdi. Ammo bir vaqtning o‘zida tashkilot boshqa mamlakatlarda virus tarqalayotgani xavotirli ekanligini hamda epidemiya pandemiyaga aylanishi mumkinligini aytib, barcha davlatlarni hozir turishga chorladi.
«Pandemiya» so‘zi yunoncha “pan” (barcha) va “demos” (odamlar) so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, mutaxassislar bu so‘zni xastalik sayyoraning turli burchaklarida bir vaqtning o‘zida tarqalgan paytda ishlatadilar.
JSST direktori Tedros Adxanom Gebreyesus epidemiya Xitoyda 23 yanvar bilan 2 fevral orasida maksimal darajaga yetganini va o‘shandan beri virusni yuqtirishlar soni bir maromda ozayotganini aytdi.
Jenevada so‘zlagan Gebreyesus virus tarqalishini cheklash uchun keskin choralarni ko‘rgan Xitoy rasmiylariga minnatdorchilik bildirdi.
Virus Xitoy tashqarisida tarqala boshlashi ortidan boshqa davlatlar ham keskin chora ko‘ra boshladi. Xususan, Italiyada 11 shahar izolyatsiya qilindi, Janubiy Koreya rasmiylari esa Degu shahrining 2,5 million turg‘unini tashqariga chiqmaslikka chorladi.
Rasmiy nomi COVID-19 bo‘lgan virus tarqalishda davom etmoqda. Dushanba kuni virus Afg‘oniston, Bahrayn, Iroq, Kuvayt va Ummonga kirib kelgani xabar qilindi.
Eron koronavirusdan halok bo‘lganlar soni eng yuqori bo‘lgan ikkinchi davlatga aylandi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, mamlakatda virus tufayli halok bo‘lganlar soni 16 ga yetdi. Ammo Eronda vaziyat rasmiylar tan olgandan aslida ancha og‘ir ekanligi aytilmoqda.
Xitoyning o‘zida virusga 77 mingdan oshiq odam chalindi, ularning 2700 dan oshig‘i halok bo‘ldi.
Janubiy Koreyada ham o‘tgan haftadan beri virusni yuqtirganlar soni oshmoqda. Mamlakatda 1000 yaqin odam virusga chalindi, halok bo‘lganlar soni 11 taga yetdi.
Yevropada ham xavotir kuchayib bormoqda. Italiyada 200 ga yaqin odam virusni yuqtirdi, ularning 7 nafari vafot etdi. Shu sababdan mamlakatda bir necha futbol matchlari keyinga qoldirildi.
Epidemiya global iqtisodga qattiq zarba bo‘ldi. Xitoyda ko‘plab zavod va fabrika karantin tufayli butunlay yopildi yoki cheklangan quvvatda ishlamoqda.
Yakshanba kuni Xalqaro valyuta fondi epidemiya iqtisodiy tiklanishga tahdid solayotganini bildirdi. Oq uy esa Xitoyda korxonalar ishi vaqtincha to‘xtagani AQSh iqtisodiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi.
Bu orada xalqaro mutaxassislar guruhi yetakchisi Bryus Eylvard Xitoyda joriy qilingan ayrim cheklovlarni bekor qilish vaqt kelganini aytdi.
- Tabiiyki, ular jamiyatni yangi normal holatga qaytarilishlari kerak, chunki virusdan qutilishimizga bir necha oy kerak bo‘lishi mumkin, - dedi Eylvard.