Jangovar Chollar: Yoshi 80 dan oshiq ikki o‘qituvchi o‘z haqi uchun kurashmoqda

Qozixon Tayshinov dars o‘tmoqda. 2020 yilning 20 fevrali.

14 fevralda 82 ga to‘lgan qashqadaryolik o‘qituvchi O‘zbek Berdiqulov 6 yildan beri pensiyasi qayta hisoblab chiqilishini so‘rab, turli idoralarga, jumladan Prezident qabulxonasigacha yozdi. Natijada pensiya qayta hisoblandi va... ozayib qoldi.

O‘zbek boboning tengdoshi, qirg‘izistonlik 81 yashar Qozixon Tayshinov esa, hanuz maktabda ishlamoqda. Boshlang‘ich harbiy ta’lim o‘qituvchisi fikricha, mamlakat konstitutsiyasiga binoan u ishlashga haqli, biroq unga ish haqi to‘lashda qonun buzilmoqda.

“Odam o‘rnida ko‘rishmaganidan keyin kuch topilaverarkan. Meni pensiya jamg‘armasi, sud, prokuratura xodimlari odam o‘rnida ko‘rmayapti. Mana shunday vaziyatda kurashish uchun kuch ham topilarkan”, dedi Chiroqchi tuman, Torjilg‘a qishlog‘ida yashovchi O‘zbek bobo Berdiqulov 24 fevral kuni Ozodlikning “Shuncha g‘ayratni qayerdan olayapsiz?” degan savoliga javoban.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘zbek bobo Berdiqulov bilan suhbat


O‘zbek Berdiqulov 21 yanvarda “O‘zbekiston pochtasi” qutisiga tashlagan xat Ozodlikka 13 fevralda yetib kelgan edi.

O‘zbek Berdiqulovdan kelgan xat.

6 varaq, 12 betli qo‘lyozma maktubida oqsoqolning pensiyasini qayta hisoblatish-ko‘paytirish uchun 2014 yilning aprelidan beri olib borayotgan kurashi aks etgan.

Oqsoqoldan 6 yilga cho‘zilgan shikoyat epopeyasi mazmunini so‘radik:

"Shikoyatimning mazmuni, asosan, ikki masalada. Menga pensiyani kam bera boshladilar. Buning sababini aniqlab, ma’muriy sudga murojaat qilgandim, sud mansabdor shaxslarga qarshi ish ko‘rmayman, deb, arizamni qaytardi. Keyin Prezident devoniga yozdim. Devon viloyat ma’muriy sudi raisiga jo‘natibdi. Shundan keyin arizamni qaytadan qabul qilishdi. Lekin arizamda ko‘rsatganim vajlarning birortasini inobatga olmay, meni davlat boji va pochta harajatlariga kuydirdi..."

O‘zbek Berdiqulovning aytishicha, pensiyasi bilan bog‘liq u murojaat qilmagan idora qolmagan va oxir-oqibat shikoyatlari pensiyasining 200 ming so‘mga ozayib ketishi, boz ustiga, bo‘yniga qariyb 18 mln so‘m qarz ilib qo‘yilishi bilan tugagan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Chiroqchi tuman bo‘limining O‘zbek Berdiqulovga 2019 yilning 29 avgustida yozgan xatida (nusxasi Ozodlikda mavjud) Prezidentning 2019 yil, 12 iyuldagi farmoniga asosan Berdiqulovning pensiyasi o‘sha yil 1 avgustdan 1561000 so‘mni tashkil etgani aytilgan.

Pensiya jamharmasi Chiroqchi tuman bo‘limining O‘zbek Berdiqulovga xati.

Lekin Berdiqulovning xatini o‘rganish jarayonida unga pensiya tayinlashda qoida buzilgani aniqlangani va pensiya 1 avgustdan 1561000 so‘m emas, balki 1319353 so‘m 38 tiyin qilib belgilangani, 2019 yil 1 yanvardan 31 avgustgacha 1779530 so‘m 87 tiyin ortiqcha to‘lov aniqlangani aytilgan.

Pensiya jamg‘armasi javobining nimasidan qoniqmadingiz, deb so‘radik O‘zbek Berdiqulovdan.

“Mening savollarimga ular to‘liq javob bermayapti. Bu - bir. Ikkinchidan, 1995 yildan 1999 yilgacha menga 6439 so‘m pensiya berilmay qolgan. Shu pulni so‘rasam, berganmiz, siz olgansiz deyishadi. Olganligimni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsata olishmaydi”, dedi O‘zbek Berdiqulov.

O‘zbek Berdiqulovning pensiyasi o‘tgan yili taftish qilingan bo‘lsa, bundan bir necha yil muqaddam butun mamlakat faxriylari pensiyasi yoppasiga taftish qilingan edi. O‘zbekiston Moliya vazirligi qoshidagi Nazorat-taftish bosh boshqarmasi 2012 yil 1 yanvargacha olib borgan surishtiruvi natijasida respublika Pensiya jamg‘armasi hisobidan 150 milliard 500 million so‘m (qariyb 106 million AQSh dollari) pensionerlarga ortiqcha to‘langanini xabar qilgan edi.

Chiroqchilik O‘zbek bobo Berdiqulov maktabda 40 yil ishlab, 1994 yildan buyon pensiyada bo‘lsa, uning ko‘kyong‘oqlik (Qirg‘iziston) tengdoshi, 81 yashar Qozixon Tayshinov hanuz maktabda ishlamoqda.

Qozixon oqsoqol Jalolobod viloyat, Ko‘kyong‘oq shahridagi 6- o‘rta maktabning Boshlang‘ich harbiy ta’lim o‘qituvchisi. Haftasiga 4 soat dars o‘tib, 1335 qirg‘iz so‘mi (taqriban $20) ish haqi oladi.

81 yoshdagi Qozixon Tayshinov dars o‘tish uchun sinf xonaga kirib ketmoqda.

Qozixon Tayshinov haqida yozgan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga ko‘ra, u 2011 yildan buyon unga tegishi lozim bo‘lgan ish haqi noto‘g‘ri hisoblanayotganini aytib, bu masalada xalq ta’limi bo‘limi bilan sudlashib kelmoqda.

“Hukumatning 270- qaroriga 14- ilovada maktab harbiy ta’lim rahbari ish haqi 5000 so‘m qilib belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari konstitutsiyaning 42-moddasi, 3- punktida har kim erkin mehnat qilishga, shuningdek, yashash minimumidan past bo‘lmagan darajada ish haqi olishga haqli, deyilgan. Qonuniy 5000 so‘mdan tashqari ish stajimga qarab yana 30% haq olishim kerak. Lekin bunday bo‘lmayapti. Halq ta’limi bo‘limi maosh bilan stavkaning farqiga bormayapti”, degan o‘qituvchi Azattiq radiosiga.

Qozixon Tayshinov bu masalada 2011 yildan buyon sudlashib kelmoqda.

2018 yili maktab rahbariyati 60 yillik o‘qituvchilik stajiga ega oqsoqolga “qarib qolgani” uchun dars o‘tishga ruxsat bermadi. Biroq Qozixon Tayshinov rahbariyatni sudga berdi va yutib chiqdi. Shu kunda u maktabda ishlayapti.