Turkiyada zilzila qurbonlari 31 nafarga yetdi, hukumat va guvohlar ko‘rsatmasida ziddiyat kuzatilmoqda

Qutqaruvchilar zilziladan keyin vayronalar ostida qolib ketganlarni qidirmoqda, 25 yanvar, 2020 yil

Turkiya rasmiylari 24 yanvar kuni sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 31 taga yetganini ma’lum qildi.

Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘on esa aholini mamlakat halokatga tayyor emasligi haqidagi “propaganda”ga ishonmaslikka chorladi.

26 yanvar kuni qutqaruvchilar vayronalar orasidan tirik qolganlarni izlashni davom ettirdi.

Tashqi ishlar vazirligi zilzilada o‘lgan va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmaganini bildirdi.​

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila tufayli 1 ming 243 odam jarohat olgan. Rixter shkalasi bo‘yicha 6,5 - 6,8 magnitudali zilzila Elazig‘ viloyatidagi Sivrije shahri yaqinida sodir bo‘ldi.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulayman Soylu Elazig‘ viloyatida 18 nafar, qo‘shni Malatya viloyatida 4 odam odam nobud bo‘lganini aytdi. Keyinroq o‘lganlar soni yana oshgani xabar qilindi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja jarohat olganlarning 34 nafari intensiv davolanayotgani, ammo ularning ahvoli og‘ir emasligini bildirdi.

25 yanvar kuni prezident Erdog‘on zilzilada halok bo‘lgan ona-bola dafn marosimida qatnashdi.

Prezident Turkiya zilzilalarga tayyor emasligi haqidagi “salbiy ohangdagi gaplarga” ishonmaslikka chorladi.

- Mish-mishlarga ishonmang, hech kimning salbiy, teskari propagandasiga ishonmang va biz sizning xizmatkoringiz ekanimizni biling, — dedi prezident.

Prezidentning bu gaplaridan oldin poytaxt Anqarada prokuratura ijtimoiy tarmoqlardagi “provokatsion postlar” tergov qilinishini e’lon qilgan edi.

Uyi vayron bo‘lgan minglab odam ko‘chada tunayotgani haqidagi xabarlar fonida prezident:

- Hech kimni ko‘chada qoldirmaymiz, - deya ta’kidladi.

Zilzila tufayli qo‘shni Diyarbakir hamda Saliurfa viloyatlarida ham ayrimlar jarohat olgan.

45 yoshli Suat uning shahrida rasmiylarning faqat to‘rt odam vayronalar ostida qolgani haqidagi bildiruvlari yolg‘on ekani, aslida besh qarindoshi vayronalar ostida qolganini aytdi:

- To‘rt etajli uy, har bir etajda uch kvartira bor. Har bir kvartirada besh odam bo‘lganida ham, qancha odam bo‘ladi? Nega yolg‘on gapirishadi?

Erdog‘on Sivrije hamda Elazig‘ shaharlariga qilgan tashrifi davomida jabr ko‘rganlarga yordam va’da qildi.

4000 kishi yashaydigan Sivrije sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Hazar oroli bo‘yida joylashgan.

Turkiya halokat va favqulodda vaziyatlarni boshqarish ma’muriyati asosiy tebranish ortidan 398 ta tebranish qayd etilganini bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh odamlar halok bo‘lganidan “chuqur qayg‘uda” ekanini bildirdi.

Bu orada Turkiyaning ko‘p yillik raqibi - Gretsiya turk qutqaruvchilariga yordam taklif qildi.

Ammo prezident Erdog‘on chetdan yordamni rad etdi.

- Bizning davlatimizga hech nima kerak emas, - dedi prezident jurnalistlarga bergan intervyusida.

Turkiyada tez-tez zilzila sodir bo‘lib turadi.

2010 yil Elazig‘da 6 magnitudali zilzila 51 kishi yostig‘ini quritgan edi.

Tashqi ishlar vaziriligi (TIV) Konsullik-huquqiy departamenti Turkiyaning sharqidagi kuchli zilzila oqibatida vafot etgan va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmaganini ma’lum qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, vaziyat Anqara shahridagi elchixona va Istanbul shahridagi Bosh konsulxona nazoratida.

Konsullik huquqiy departamenti Turkiya hududida bo‘lib turgan vatandoshlardan zarur vaziyatda O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi (tel.: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishni so‘ramoqda.