Moskvada sentabrga belgilangan shahar kengashi saylovlari oldidan kuzatilayotgan qonunbuzarliklarga qarshi norozilik aksiyasiga chiqqan 1300 dan oshiq namoyishchi qo‘lga olindi.
27 iyul kuni Moskva meriyasi oldiga to‘plangan namoyishchilarni politsiya favqulodda shafqatsiz kuch ishlatib, qo‘lga olgani kuzatildi.
Yevropa Ittifoqi hamda inson huquqlari guruhlari namoyishchilarga qarshi “haddan ziyod” va "pala-partish" kuch qo‘llanilganini keskin qoraladi.
27 iyul kungi ruxsat berilmagan namoyishlarda asosiy talab Moskva shahar Dumasiga mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘ldi.
Poytaxt markaziga yig‘ilgan norozilar bilan to‘qnashuvlarda politsiyaning yoshu qari, ayolu erkakka barobar keskin kuch qo‘llagani kuzatildi.
Moskva Saylov komissiyasi kengashga nomzodligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan bir necha mustaqil nomzod arzini turli bahona bilan rad etgandi.
Muxolifat vakillari rasmiylar faqat hukumatni qo‘llovchi nomzodlarnigina ro‘yxatga olayotganini aytmoqda.
Politsiya 1074 nafar odam qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Ammo, Mustaqil “OVD-info” guruhi 1373 namoyishchi qo‘lga olinganini xabar qildi.
Qo‘lga olinganlarning ayrimlari kechga qadar qo‘yib yuborilgan.
Ruxsat berilmagan aksiya davomida shahar kengashiga nomzodligini ko‘rsatmoqchi bo‘lganlar ham qo‘lga olingani xabar qilindi. Ular orasida Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi direktori Ivan Jdanov, muxolifatchi Dmitriy Gudkov hamda mustaqil nomzod Yuliya Galyaminalar bor.
Ayrim yetakchilar esa Moskva markazidagi namoyish joyiga yetib borgunicha qo‘lga olingan.
Muxolif partiya nomzodi Aleksandra Parushina OMONchilar uning boshiga urganini, politsiya namoyishchilarga qarshi “vahshiylarcha” kuch qo‘llanganini aytdi.
Amnesty International tashkiloti ham politsiya namoyishchilarni rezina tayoqlar bilan urib, yerga qulatganini aytib, qoraladi.
Namoyish arafasida Moskva shahri meri va prezident Vladimir Putinning yaqin hamkori Sergey Sobyanin shaharda “tartib saqlanishini” va’da qilgan edi.
Namoyishga necha odam kelgani noma’lum bo‘lib qolmoqda, chunki politsiya namoyishchilarga bir yerda to‘planishga izn bermadi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, meriya yaqinida 3500 odam, jumladan, 700 jurnalist va bloger to‘plangan.
Ammo muxolifat faollari aslida bundan bir necha barobar ko‘p odam namoyishga chiqqanini aytmoqda.
Rossiya rasmiylari mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olishdan bosh tortayotgani tufayli joriy oyda bir necha marta norozilik aktsiyasi uyushtirildi.
20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan namoyishga 20000 odam kelgani aytilmoqda.
Muxolifatchi Aleksey Navalniy namoyishlar mustaqil nomzodlar ro‘yxatga olinmagunicha davom etishini aytgan.
Joriy haftada Navalniy rossiyaliklarni norozilik namoyishlarida qatnashishga chorlagani uchun qo‘lga olinib, 30 kunga qamaldi.