Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari tarmog‘ining (Syrian Network for Human Rights, SNHR) xabar berishicha, Rossiya keyingi ikki oy ichida isyonchilar boshqaruvida qolayotgan so‘nggi hududda amalga oshirib kelayotgan havo hujumlarida kamida 544 nafar oddiy fuqaro halok bo‘ldi, 2000 dan oshiq odam jarohat olgan.
SNHR guruhi Rossiya armiyasini hamda uning hamkori Suriya hukumatini 5 iyul kuni Idlib viloyatida atayin oddiy fuqarolarga hujum qilishda aybladi.
SNHR raisi Fadel Abdul G‘ani:
- Rossiya harbiylari hamda uning Suriyadagi hamkori atayin oddiy fuqarolarni nishonga olmoqda va rekord darajadagi tibbiy inshootlar bombardimon qilindi, - dedi.
Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan SNHR Suriyada tinch aholi orasidagi o‘limlarni kuzatib keladi. Tashkilot o‘z ma’lumotlarini Suriya ichida va tashqarisida faoliyat yurituvchi 120 nafar a’zosidan olishini ma’lum qilgan.
Aprel oyida Rossiya qiruvchi uchoqlari Suriya armiyasining Idlib hamda Hama viloyatlarida prezident Bashar al-Assadga qarshi isyonchilarga qilgan yurishini qo‘llagan edi.
Qarorgohi AQShda joylashgan Human Rights Watch (HRW) tashkiloti esa Rossiya-Suriya qo‘shma harbiy amaliyotlari davomida oddiy fuqarolar istiqomat qiladigan hududlarda havodan tashlanadigan yirik qurollar bilan bir qatorda klaster bombalar hamda yoqib yuboruvchi snaryadlardan foydalanib kelinayotganini xabar qildi.
Idlibda faoliyat yuritayotgan “Fuqaroviy mudofaa” tashkiloti matbuot kotibi Ahma al Sheixo hujum davomida “butun boshli qishloq va shaharlar bo‘shatilganini” aytdi.
SNHR hamda guvohlar 5 iyul kuni Idlib viloyatining Mambiul qishlog‘ida amalga oshirilgan hujumda 15 nafar odam, jumladan, yosh bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Hujum davomida Suriya armiyasi oddiy fuqarolar istiqomat qiladigan hududga vertolyotlardan bochka bombalarini tashlagan.
Moskva va Damashqdagi rasmiylar esa oddiy fuqarolar nishonga olinganini hamda klaster bombalar yoki yoqib yuboruvchi qurollardan foydalanilganini rad etdi.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya barcha harbiy harakatlar “terrorchilar provokatsiyalariga javoban” amalga oshirilganini ta’kidladi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘tgan oyda Rossiya va Turkiyani Suriyaning Idlib viloyatini barqarorlashtirishga chorlagan edi. Kotib viloyat “gumanitar halokat” qa’rida qolganini ta’kidladi.
Suriyaning asosiy hamkori bo‘lmish Rossiya hamda hukumatga qarshi kuchlarni qo‘llab kelayotgan Turkiya o‘tgan yilda Suriya shimoli-g‘arbida to‘qnashuvlarni ozaytirish kelishuvini qo‘llagan edi.
Ammo kelishuvga amal qilinmay kelinadi. Natijada yuz minglab odam Idlibni tark etishga majbur bo‘ldi. Viloyatda Suriya hukumatiga qarshi so‘nggi isyonchi guruhlar mamlakat armiyasiga qarshi kurashmoqda.