"Islom davlati"dagi tojik polkovnigining o‘g‘li qamoqxonadagi isyon tashabbuschisi ekanligi iddao qilindi

Tojikiston rasmiylari Vahdat qamoqxonasidagi mahbuslar isyoniga Tojikiston IIV Tezkor kuchlar qo‘mondoni sobiq polkovnigi Gulmurod Halimovning o‘g‘li aloqador ekanligini iddao qilmoqda. Halimov 2015 yil bahorida “Islom davlati” saflariga qo‘shilgan.

Tojikiston rasmiylarining iddao qilishicha, Halimovning 20 yashar o‘g‘li Behruz Gulmurod 19 may kuni Vahdat tumanidagi qattiq rejimli qamoqxonada ko‘tarilgan isyonni uyushtirganlardan biridir.

Poytaxt Dushanbedan 20 km masofada joylashgan qamoqxonadagi tartibsizliklar paytida jami 32 odam, jumladan, uch qamoqxona noziri halok bo‘lgani aytilmoqda. Tojikiston Ichki ishlar vazirligining isyonni bostirish chog‘ida halok bo‘lgan mahbuslar ro‘yxatida Behruz Gulmurod ismi ham bor. Vazirlik halok bo‘lgan mahbuslarning 17 nafari “Islom davlati” a’zosi bo‘lganini iddao qildi.

Rasmiylarning bu iddaolari qamoqxonada aynan nima sodir bo‘lgani haqida yanada ko‘proq savol tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Hozircha hodisa haqida rasmiy bildiruvlardan boshqa ma’lumot yo‘q.

Behruzning oila a’zolari u 20 may kuni Foni qishlog‘ida dafn etilganini tasdiqladi.

Dafn marosimida oila a’zolari qatnashishiga ruxsat berilmagan. Marhumga janoza namozi ham o‘qilmagan. Autoptsiya o‘tkazilganini tasdiqlovchi ma’lumot ham yo‘q.

Behruzning onasi Nazokat Murodova o‘g‘li bilan vidolashishga ruxsat berishmaganini, qamoqxonada isyon ko‘tarilganini o‘g‘li o‘limidagi xabardan so‘ng bilganini aytdi.

Behruz Gulmurod 2017 yilda xorijiy jangari tashkilotga qo‘shilishga urinishda ayblanib, 10 yilga qamalgan edi. Behruzning qo‘lga olinishi haqida ma’lumot oz: uning sudi yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi va uning qo‘lga olinganini rasmiylar oylab sharhlamadi.

Oila a’zolari Behruzni yiliga faqat bir marta ko‘ra olgan. Nazokat Murodova o‘g‘lini oxirgi marta 4 oy oldin ko‘rganini aytdi.

Tojikiston Adliya vazirligiga ko‘ra, Behruz Gulmurod va yana uch mahbus “pichoq va o‘tkir jihozlar” bilan qurollanib, uch nozirni o‘ldirgan. Vazirlikning iddao qilishicha, hujumchilar buning ortidan “Islom davlati”ga a’zo bo‘lgan boshqa bir necha mahbusni ozodlikka chiqargan. Bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlashning iloji bo‘lmadi.

Rasmiy bildiruvda yozilishicha, to‘rt mahbus boshqa besh kishini, jumladan, Islom uyg‘onish partiyasining ikki a’zosini o‘ldirgan. Ichki ishlar vazirligi tartibsizliklar davomida umumiy hisobda muxolif Islom uyg‘onish partiyasining uch a’zosi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Murodova uning eri “Islom davlati’ga qo‘shilganidan beri oilasiga tinimsiz bosim o‘tkazilayotganini, hozirgi kunda uch yosh bolasi bilan qiyinchilikda kun kechirayotganini aytdi.

Gulmurod Halimovning ikkinchi xotini Humayro Mirovaning to‘rt bolasi bor. Xabarlarga ko‘ra, Mirova 2016 yilning fevralida Halimov yoniga ketgan.

Gulmurod Halimov hozir qaerda ekanligi noma’lum. Iroq matbuoti u “Islom davlati”ning “urush vaziri”ga aylanganini xabar qilgan.

2016 yilning avgustida AQSh Davlat departamenti Halimov qaerdaligi haqidagi ma’lumot uchun 3 million dollar mukofot va’da qilgan.