Serbiyada namoyishchilar TVga bostirib kirdi. Prezident xalqqa murojaat qildi (VIDEO)

Televidenie binosiga bostirib kirgan namoyishchilar, 16 mart, 2019 yil

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich milliy telekanal binosiga muxolifatchilar bostirib kirgani munosabati bilan xalqqa murojaat qildi.

O‘z nutqida prezident, qonun ustuvorligini ta’minlashni va’da qildi.

16 mart kuni Serbiya muxolifati vakillari milliy RTS telekanalini hukumatga yon bosishda ayblab, telekanal binosiga bostirib kirgan edi.

Prezident ofisi Vuchich namoyishlar va telekanal binosida sodir bo‘lgan hodisalar yuzasidan 17 mart kuni nutq so‘zladi.

Vuchich mamlakat bo‘ylab, qonun va tartibni ta’minlashni va’da qildi.

16 mart kuni prezidentga qarshi norozilik namoyishiga chiqqan muxolifat vakillari milliy telekanal binosiga bostirib kirib, uni egallab olgan. Oradan ikki soat o‘tgach, ularni Serbiya politsiyasi quvib chiqargan edi.

Prezident va milliy telekanalga qarshi namoyishga chiqqanlar orasida 30 partiya va harakatni o‘ziga birlashtiruvchi Serbiya Alyansi yetakchilari ham bo‘lgan.

Politsiya boshida muxolifat yetakchilari bilan muzokara olib borishga uringan, ammo pirovardida ularni kuch ishlatib quvib chiqargan.

Telekanal imoratiga kirib olgan ayrim muxolifatchilar ularga televidenie orqali murojaat qilish imkoni berilmagunicha imoratni tark etmasliklarini aytgani xabar qilindi. Xususan, Belgrad meri Dragan Djilas hamda o‘ng-qanot deputat Bosko Obradovich imoratni tark etishdan bosh tortgan, ammo politsiya ularni kuch ishlatib chiqarib yuborgan.

Namoyishchilar qo‘lga olingani yoki qo‘yib yuborilgani hozircha noma’lum.

Keyingi haftalarda prezident Vuchich hamda joriy hukumatga qarshi qator norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Dveri siyosiy partiyasi yetakchisi Obradovich:

- Keyingi oylarda faqat bir narsani so‘rab kelyapmiz – namoyish yetakchilariga milliy telekanal orqali so‘zlash imkoniyati berilishini, - dedi.

Serbiya ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovich namoyishchilarni binoni tark etishga chorlar ekan, politsiya barcha TV jurnalistlarni himoya qilishini va namoyishchilarni imoratdan quvib chiqarishini aytdi.

Serbiya mudofaa vaziri Aleksandr Vulin hukumatga moyil Pink TV telekanaliga bergan intervyusida namoyishchilarni “fashistlar” deya ta’rifladi.

Namoyishchilar Vuchich iste’fosini, erkin matbuot hamda shaffof saylovlarga yo‘l ochilishini talab qilmoqda.

Har hafta o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlari o‘tgan yilning noyabr oyida noma’lum shaxslar muxolifatchi siyosatchini kaltaklashi ortidan boshlanib ketdi.

Namoyishchilar Vuchichni demokratik erkinlarni cheklash, siyosiy raqiblarga tazyiq o‘tkazish hamda matbuotni nazoratga olishda ayblab keladi. Prezident esa bu ayblovlarni rad etmoqda.

Millatchi qarashlarga ega Vuchich o‘zini Yevropa Ittifoqi bilan yaqin aloqa o‘rnatishni qo‘llovchi islohotchi o‘laroq ko‘rsatib keladi. Prezident bir vaqtning o‘zida Serbiya Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lib qolishni istaydi.