AQShdagi Berkeley Earth tadqiqot guruhi e’lon qilgan ilmiy hisobotda e’tirof etilishicha, so‘nggi to‘rt yil global o‘rtacha harorat qayd etila boshlanganidan beri kuzatilgan eng issiq davr bo‘lgan. 2018 yil esa qayd etilgan yillar ichida to‘rtinchi eng issiq yildir.
2018 yilgi harorat XIX asrning ikkinchi yarmi, ya’ni 1850-1900 yillar o‘rtacha haroratidan 1,16 darajaga yuqori bo‘lgan. Sanoatlashtirish boshlanishidan oldingi ushbu yillar odatda global haroratni o‘lchashda asos qilib olinadi.
“2018 yildagi global o‘rtacha harorat 2015, 2016 hamda 2017 yillardagidan pastroq, ammo 2015 yilgacha kuzatilgan eng issiq yil bo‘lgan”, deyiladi hisobotda.
“Shunday ekan, 2016 yil tarixiy kuzatish boshlanganidan beri qayd etilgan eng issiq yil bo‘lib qolmoqda. 2018 yilda harorat ozgina pastlagani qisqa muddatli tabiiy o‘zgarish bilan bog‘liqdir. Umumiy tendensiya uzoq muddatli global isishga mos keladi”.
AQSh hukumati ham har yili shunga o‘xshash analiz o‘tkazadi. Ammo hukumat faoliyati qisman to‘xtatib qo‘yilgani uchun bu yilgi analiz hali o‘tkazilgani yo‘q.
Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan Copernicus Climate Change Service dasturi 7 yanvar kuni e’lon qilgan ilmiy hisobotda ham 2015-2018 yillar qayd etilgan tarixdagi eng issiq yillar bo‘lgani ta’kidlangan edi.