NASA SpaceX hamda Boeing shirkatlarida giyohvand moddalarni taqiqlash siyosatini tekshiradi

AQSh fazo agentligi SpaceX hamda Boeing shirkatlarida ish siyosati, jumladan, ish joyida giyohvand moddalarni taqiqlash siyosatini tergov qiladi. Bu haqda AQSh matbuoti xabar tarqatdi.

The Washington Post gazetasi xabarida yozilishicha, tergov haqida xabardor uch rasmiy bunday chora ko‘rilishiga SpaceX asoschisi Ilon Mask Internetda yoyinlangan podkast davomida marixuana chekib, ketidan viski ichgani turtki bo‘lganini aytgan.

NASA ushbu iddaolarni sharhlashdan bosh tortdi, ammo agentlik “keyingi yildan Xalqaro fazo stansiyasiga ekipaj yuborishga ko‘proq e’tibor qaratar ekan, shirkatlarning ish qoidalari qayta ko‘rib chiqilishini“ bildirdi.

NASA bayonnomasida: “Kelgusi oylarda, Crew Dragon hamda Starliner kemalari ekipaji testidan oldin, tijoriy hamkorlarimiz NASAning ish xavfsizligiga bog‘liq talablar, jumladan, ish joyida giyohvand moddalar taqiqiga naqadar amal qilayotganini aniqlash maqsadida tekshiruv o‘tkaziladi“, - deyiladi.

Tesla Motors shirkatiga ham yetakchilik qiluvchi Maskning o‘zgaruvchan tabiati keyingi oylarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Xususan, yil boshida tadbirkor Internetda e’lon qilingan radio eshittiruv davomida marixuana chekkani hamda Tailandda g‘orga qamalib qolgan bolalarni qutqarishda qatnashgan shaxslarning birini pedofil deb atagani katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

SpaceX tergov haqidagi xabarlarga javoban bayonnoma e’lon qildi. Unda “insonlarning havoga uchishi shirkatimiz missiyasining asosidir. SpaceX uchun bundan muhim narsa yo‘q. NASA bizga topshirgan fazogirlarni xavfsiz hamda ishonchli tarzda Xalqaro havo stansiyasiga olib chiqish vazifasiga jiddiy qaraymiz“, deyiladi.

Shirkat giyohvand moddasiz ish muhiti siyosati bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajarayotganini qo‘shimcha qildi.

Boeing ham “o‘z mahsulotlari, ishchilari hamda ish muhiti xavfsizligi va sifatini to‘liq ta’minlashini” bildirdi.

Har ikki shirkat 2019 yilda Xalqaro fazo stansiyasiga fazogir olib chiqishi rejalashtirilayotgan kema ishlab chiqmoqda. Boshida kemalar ekipajsiz uchiriladi. Yil yakuniga borib esa kemalar bortida kosmonavtlar fazoga chiqariladi.

Mazkur kemalar yordamida AQSh o‘zining fazoga astronavt yuborish qobiliyatini tiklashni rejalashtirmoqda.

2011 yildan beri fazogirlar Xalqaro fazo stantsiyasiga faqat Rossiyaning “Soyuz” raketalari bortida chiqarilib keladi. NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan.

“Soyuz“ kemasi bortida fazoga chiqariladigan har bir astronavt uchun Rossiyaga 80 million dollar to‘lanadi.