Tramp saylansa, dunyo uchun xavf, deydi britan tadqiqotchilari

Donald Tramp - Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar

Britaniyaning EIU tadqiqot guruhi (Economist Intelligence Unit) AQShda Donald Trampning prezidentlikka saylanishini dunyoga tahdid sifatida ko'rmoqda.

EIU global tahdidlar ro'yxatini tuzib, birinchi o'ringa Xitoyda iqtisodiy o'sish keskin pasayib ketishi ehtimolini qo'ydi. So'ng Rossiyaning Suriya va Ukrainadagi harbiy harakatlari natijasida yangi sovuq urushning avj olish xavfi, rivojlanayotgan davlatlarda yirik korporatsiyalarning qarzga botishi ehtimoli, Yevropa Ittifoqining darz ketishi mumkinligi...Tramp global tahdidlar ro'yxatida oltinchi o'rinda.

Tashkilot tadbirkorning noyabrdagi saylovlarda g'alaba qozonishiga ishonmaydi, ammo shunday bo'lgan taqdirda global tahdid darajasi oshadi, deya taxmin qilmoqda.

Guruh Trampning erkin savdoga qarshi bayonotlari, terrorchilar oilalarini o'ldirish kerak degan so'zlari, Suriyaga piyoda askarlarni kiritish haqidagi da'vatlari, Xitoy va Meksikaga qarshi chiqishlariga asoslangan holda shunday xulosaga keladi.

Unga ko'ra, Trampning bunday siyosati natijasida savdo urushlari yuzaga kelib, terrorchi guruhlar faollashadi.

Nomzod saylov kampaniyasi davomida xalqaro savdo masalalarida Xitoy bilan qattiq savdolashishga, noqonuniy immigrantlarni Amerikaga kiritmaslik uchun Meksika bilan chegarada devor qurishga va'da beradi.

Ro'yxatda 10 ta vaziyat ehtimoli dunyo xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligi uchun tahlikali deb qayd etilgan.