Sanjar Umarov: AQSh O‘zbekistonda avvalo yosh avlodni quvvatlashi kerak​

Sanjar Umarov

O‘tgan hafta AQSh Kongressida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda inson huquqlari va demokratiya ahvoliga bag‘ishlangan eshituvlar o‘tkazildi. Yig‘inda o‘zbekistonlik sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov ishtirok etdi. Amerika Ovozidagi hamkasblarimiz mavzu bo‘yicha tayyorlagan materialni e‘tiboringizga havola qilamiz.

2005 yilda O‘zbekistonda moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Sanjar Umarov 2009 yilda G‘arb bosimi ostida ozod etilganidan beri Amerikada yashaydi.

Hibsga olingan yilning boshida u "Serquyosh O‘zbekistonim" koalitsiyasiga asos solib, O‘zbekistonda siyosiy-iqtisodiy islohotlarni targ‘ib qilib chiqqan. Qamalishining asosiy sababi deb uning muxolif faoliyati ko‘rilgan.

Sanjar Umarov o‘z chiqishlarida G‘arb davlatlarini O‘zbekistonga nisbatan faol siyosat olib borishga, xalq dardini tinglashga undab keladi.

25-iyun kuni AQSh Kongressida so‘zlaganida ham Vashingtonni vatanida ijobiy va real o‘zgarishlar yo‘lida madad ko‘rsatishga chaqirdi.

Avvalo yoshlarni quvvatlash kerak, chunki avlodlar yangilanar ekan, ular bu nozik jarayonda ko‘makka muhtoj, deydi Sanjar Umarov.

Davlat organlarida, nohukumat tashkilotlarda, xususiy sektorda, qolaversa dunyo bo‘ylab bilim olib, mehnat qilib yurganlar orasida yangicha fikrlaydigan, o‘zgarishlar qilishga intilayotganlar juda ko‘p, deydi suhbatdosh.

Sanjar Umarov bugun nimalar bilan band? Hamon muxolifatdami? O‘zbekistondagi vaziyat haqida qanchalik biladi?