Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:37

"Zulfiyachi"lardan organ xodimlarining farzandlarigacha. Imtiyozga aylanayotgan oliy ta’lim


O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonida ba’zi toifa abituriyentlarga berilgan imtiyozlar boshqa abituriyentlarning o‘qishga kirish imkonlarini cheklayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.

“Dadalari harbiy ishlarda ishlagani uchun grantga kirib ketdi, lekin ulardan ham yaxshi o‘qiganlar kontraktga ilinib qolyapti”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda qashqadaryolik abiturient Komil.

Eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotganlardan biri “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyozlardir.

“Imtihonlar hammasi zo‘r bo‘ldi, hamma yoqda kamera. Lekin javoblar chiqqanidan keyin meni bir narsa o‘ylantirib qo‘ydi. Men jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar yo‘nalishiga topshirdim. Bunda eng yuqori ball 204 ball bo‘lyapti. O‘zi aslini olganda 100 foiz ishlagan o‘quvchi 189 ball oladi. Mening o‘zimni ballim 172.4. Surishtirsam “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga 30 foiz ball qo‘shib beryapti ekan. "Temurbeklar" ko‘p emas, deyishingiz mumkin. Lekin, men topshirgan fakultetga ham rus ham o‘zbek bo‘limlariga byudjetga jami o‘ntagina o‘rin ajratilgan. Davlat grantlarini "temurbeklar" olib ketishi e’timoli juda ham katta bo‘lyapti”, - deydi toshkentlik abituriyent Sabina.

“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari O‘zbekiston prezidentining 2019-yil iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida tashkil etildi.

Олий маълумотли бўлишни истаган мигрантлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:18 0:00

“Temurbeklar maktabi”da o‘qish davomiyligi ikki yil bo‘lib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.

Bu maktab bitiruvchilariga harbiy yo‘nalishdagi oliy dargohlar uchun to‘plagan ballning 30 foizi, boshqa oddiy OTMlar uchun esa imtihonda to‘plangan ballga 15 foiz qo‘shimcha ball qo‘shiladi.

“Yetimlarga imtiyozlar bor yoki chekka hududlardan kelgan talabalarga. Ular alohida kvota bo‘yicha qabul qilinadi. Ularning bizga ta’siri yo‘q. Lekin, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga 30 yoki 15 ball qo‘shib berilishi sun’iy ravishda kirish ballari o‘sishiga sabab bo‘lib, byudjetga ilinishimizni qiyinlashtiryapti. Mening dugonam "yuridicheskiy"ga topshirdi. U yerda "temurbekchilar" juda ko‘p ekan. Yillar davomida oliygohga tayyorlanib, davlat grantiga qabul qilinish uchun kerak ballni to‘plasa ham, kontraktga ilinib qolyapti. U yoqda imtiyozlar hisobiga boshqa bir abituriyent qo‘shimcha ball olib, davlat grantini ilib ketyapti”, - deydi Sabina.

O‘zbekiston Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, talaba bo‘lishni istayotganlar soni bu yil ham bir milliondan oshadi.

Bu yil 1 018 000 nafar abituriyent oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan.

Mamlakatdagi 191 ta oliygoh bakalavriat uchun kunduzgi ta’lim shakliga – 126714 nafar (34860 tasi grant, 91854 tasi kontrakt) talabani qabul qilish qurbiga ega.

Imtiyozlar kerakmi?

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda qirqdan ziyod toifadagi abituriyentlarga imtiyozlar belgilangan.

Ularning asosiy qismi harbiy yoki huquq-tartibot idoralari xodimlari va ularning bolalari yoki shu idoralar qoshidagi ta’lim muassasalari bitiruvchilariga oiddir.

Jumladan, O‘zbekiston harbiy xizmatchilar, ularning farzandlariga o‘qishga kirishda imtiyozlar belgilangan.

Harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yarador yoki halok bo‘lgan xizmatchilarining farzandlari OTMlarga kirishda belgilangan qabul ko‘rsatkichlaridan tashqari tanlovsiz davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Shuningdek, Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari, jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yokilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga o‘qishga kirishga imtiyozlar belgilangan.

“Temurbek"larni bitirsam, oliy o‘quv yurtiga kirish oson bo‘ladi, deb ko‘pchilik hozir shunga uryapti o‘zini. Lekin imtiyoz berilmagan soha xodimi farzandining aybi nima? Otasi harbiy yoki melisa bo‘lmaganimi?, - deydi Komil.

O‘zbekistonda Davlat mukofoti sovrindorlari, jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari OTMlar bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha sinovlarsiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari ham kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

“Nihol” mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar madaniyat, san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Shuningdek, olis cho‘l tumanlari yoshlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘qishga kirishda imtiyozlar, mehribonlik uyi bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etilgan.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari OTMlarga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Sobiq deputat va tadbirkor Qobil Do‘sov fikricha, oliy ta’lim maskanlariga kirish uchun imtiyozlar bekor qilinishi kerak.

"Har bir oliy ta’lim maskani o‘zlari abituriyentni bilimi va boshqa qobiliyatiga qarab o‘qishga qabul qilishi kerak. Bu imtiyozlarning keragi yo‘q, bekor qilinishi lozim", - deydi Qobil Do‘sov.

Ўзбек абитуриентлари "казарма режими"га ўтди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:10 0:00

Korrupsion omil

Tahlilchilar OTMlarga kirishda imtiyozli toifalarning ko‘paytirilishi bilan oliy ta’limdagi korrupsiya o‘rtasida bog‘liqlik borligini aytishadi.

Avvalroq Oliy Majlis deputati Maqsuda Vorisova ham oliy ta’limga qabulda imtiyoz tizimini tanqid qilib chiqqandi.

“Mudofaa va huquq-tartibot idoralari tizimidagi xodimlar farzandlari uchun belgilangan imtiyozni ham tushunish qiyin. Shundog‘am bu tizimlardagi xodimlar katta imtiyozlarga ega. Endi ularning hisobidan farzandlariga ham imtiyoz berilishi qanchalik ijtimoiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri keladi? Aytaylik, oddiy dehqon yoki bog‘bonning o‘qishni dunyodagi hamma narsadan ko‘proq istaydigan qora ko‘z farzandi kimlargadir imtiyoz berilgani uchungina “yiqilsa”, jamiyat, siz bilan biz unga adolatsizlik qilgan bo‘lmaymizmi? Bunday farzandlarning qalbi sinmaydimi? Dili og‘rimaydimi?”.

Deputatning fikricha, qayerda o‘rinsiz imtiyoz yaratilsa, o‘sha joyda korrupsiyaga keng eshik ochiladi.

Uch yil avval Surxondaryo viloyati Termiz xalq ta’limi bo‘limi mansabdori Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun pora olganlikda ayblangan.

Mahalliy matbuotda Zulfiya mukofotini berish jarayonidagi ta’magirlik va nayranglar haqida bir qator maqolalar e’lon qilindi.

Oliy ta’lim tizimi O‘zbekistonda eng korrupsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi.

Oliygoh rektorlaridan tortib, yuqori lavozimli amaldorlargacha ushbu sohani yirik daromad manbai va o‘ziga xos biznesga aylantirib olgani aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil dekabrida Oliy Majlisga murojaatida OTMlarga kirishda korruptsiya yo‘q bo‘lganini iddao qilgan. Ammo ayni paytda uning aytishicha, “oliy ta’lim ichidagi korrupsiya davom etmoqda".

Mirziyoyev oliy ta’limdagi korrupsiya bois 10 yaqin rektor ishdan olinganini aytgan.

XS
SM
MD
LG