Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:31

"Yuqoridagilarning cho‘ntagiga ketyapti". Fermerlar paxta xarid narxi va klasterlardan norozi


Global iqtisodiyotda kutilayotgan pasayish va iqlim o‘zgarishi sovet davridan meros qolgan Markaziy Osiyo paxtachiligini yanada mushkul ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Boz ustiga, fermerlar daromadning katta qismi yuqori bo‘g‘indagi manfaatdor shaxslar cho‘ntagiga kiryapti, deya norozi bo‘lishmoqda.

Markaziy Osiyoda paxta Rossiya imperiyasi bosqini, mehnat ekspluatatsiyasi va ekologik halokatlar bilan birga tilga olinadigan so‘zdir.

Ayni chog‘da, paxta hanuz mintaqaning katta qismini egallab turgan va har yili millionlab kishini ish bilan ta’minlayotgan ekin hisoblanadi.

Shu bois, joriy mavsumda paxta yetishtiruvchilarga taklif qilingan past ulgurji narxlar ko‘plab xo‘jaliklarga jiddiy zarba bo‘ldi.

“Paxta xarid narxi bo‘yicha biron rasmiy ma’lumot bormikan, deya har kuni ertalab shu guruhga qarab qo‘yamiz. Biroq, afsuski, hech qanday yaxshi xabar bo‘lmaydi va so‘ng kun bo‘yi tushkun ahvolda yuramiz, kelajak uchun reja tuza olmayapmiz”, deb yozdi Telegram’dagi o‘zbekistonlik 20 mingdan ziyod fermerni birlashtirgan guruh a’zolaridan biri.

So‘nggi haftalarda guruhda bunaqa shikoyatlar oddiy holga aylandi.

Telegram-guruh a’zolarining ko‘pligi O‘zbekistonda paxtachilik naqadar katta soha ekanligini ko‘rsatadi. Mamlakat mintaqadagi eng yirik paxta yetishtiruvchi va dunyoning asosiy eksportchilaridan biridir.

Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili paxta terimida qariyb ikki million kishi (mamlakat aholisi soni taxminan 35 mln) ishtirok etadi, bu – “dunyodagi eng yirik tashkiliy mavsumiy faoliyat turi”dir.

Qo‘shni Turkmaniston ham dunyoning yetakchi paxta yetishtiruvchi mamlakatlari o‘nligiga kiradi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda paxta qishloq xo‘jaligi sohasining muhim qismini tashkil qiladi.

Biroq iqtisodiy va ekologik bosimlar ortib borayotgan sharoitda soha “jon saqlab qolish” uchun jiddiy kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi.

Ғаниев кластерга фермер пахтасини териб кетишга рухсат берди. Бу қонунга зид
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:53 0:00

Past xarid narxlari

Koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilingach jahonda paxta xomashyosi ikki baravardan ziyod qimmatlab, bir kilogrammiga taxminan 3,3 dollarga yetdi.

Biroq 2022-yil o‘rtalaridan narxlar tusha boshladi, o‘tgan vaqt mobaynida sezilarli darajada arzonlab, shu oyda dunyo bo‘yicha o‘rtacha narx bir funt (0,45 kg) uchun 0,8 dollarni tashkil qildi.

O‘tgan yilgi pasayish soha tahlilchilarini paxta narxi o‘zgarishiga qarab global retsessiyasini oldindan ko‘rish mumkinmikan, deya o‘ylashga majbur qildi. Zero, narxlar yuqori inflyatsiya va ta’minot zanjiridagi mavhumliklardan qat’i nazar tushib ketgan edi, holbuki sanab o‘tilgan omillar odatda narxlarni ushlab turishga xizmat qiladi.

Global dinamika past narxlarga qanoat qilishga majbur bo‘layotgan fermerlarga ham sezilmay qolmadi.

“Gap shundaki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qurg‘oqchilik bo‘lib paxta deyarli bitmadi, ammo shunga qaramay paxtaga talab hanuz past. Juda past”, deydi qirg‘izistonlik fermer Zafar Otajonov Ozodlik bilan suhbatda.

Aytishicha, ulgurji xaridorlar bir kilogramm paxtaga 0,73 dollar taklif qilishmoqdaki, bu xarajatlarni bazo‘r qoplaydi.

O‘zbek fermerlarining Telegram-guruhi foydalanuvchilari bir paytlar davlat nazoratida bo‘lgan paxtachilik sohasining yangi xo‘jayinlari – klaster deb atalmish yangi xususiy shirkatlardan ko‘p arz qilishadi.

“Sun’iy yaratilgan bu klasterlar kimga tegishli?” – deya norozi bo‘lgan edi foydalanuvchilardan biri.

“Paxtamiz uchun bizga yaxshi pul to‘lashsa, yuqori martabali mulozimlarimizga jabr bo‘lsa kerak”, deya mulohaza qiladi u.

Qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyatida yashovchi Fayzullojon Nazarov hosilini kilosiga 6,5 somoniy yoki 0,6 dollar bahoda ulgurji pullay olmayotganidan noliydi.

Holbuki, fermerlar bu yil chigit ekishning o‘ziga har gektarga salkam 1300 dollardan sarflaganlar.

“Bu narxlar hatto mehnatimiz bahosi emas, daromad olishni-ku o‘ylamasa ham bo‘ladi”, deydi Nazarov.

Biroq, iqtisodiy vaziyat og‘irligiga qaramay, aytishlaricha, paxtadan foyda qilishayotgan ekan – fermerlar emas, balki tepadagi korchalonlar.

Водийлик пахтакорлар нимадан норози?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:00 0:00

Majburiy mehnat yo‘qoldimi yoki boshqa tusga kirdimi?

2018-yilda paydo bo‘lgan klasterlar – mustaqillik yillarida majburiy mehnat va bolalar mehnati tufayli 300 dan ziyod mashhur brendlar va riteylerlar tomonidan boykot qilingan o‘zbek paxtasi reputatsiyasini tiklash va sohani isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhim qismi bo‘lishi kerak edi.

O‘zbek paxtasiga boykot 10 yildan ortiq davom etdi va 2021-yilda ushbu kampaniya hamkori – Berlinda joylashgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi “alohida holatlarni istisno qilganda, majburiy mehnat ortiq tizimli va davomli amaliyot emas”, deya bayonot berishi ortidan to‘xtatildi.

Aynan “zamonaviy qullik”ka barham berishga intilgani uchun O‘zbekiston 2019-yilda The Economist jurnali tomonidan “yilning eng yaxshi mamlakati” deb e’tirof etildi, prezident Shavkat Mirziyoyev esa mamlakat ichida va xorijda katta hurmat va obro‘ qozondi.

Ammo, O‘zbekiston-Germaniya forumi direktori Umida Niyozovaga ko‘ra, klasterlarga tayanuvchi yangi tizim “nomukammal” va fermerlarga “zug‘umkor” bo‘lib chiqqan.

“So‘rovnomamizda ishtirok etgan o‘nlab o‘zbek fermerlari paxta yetishtirish ularga qimmatga tushayotganini, chunki klasterlar qimmat narxlarda yetkazib berayotgan mahsulotlar (urug‘, o‘g‘itlar, yoqilg‘i)dan foydalanishga majbur bo‘layotganlarini aytishdi”, dedi u Ozodlikka.

“Yana bir muammo shuki, fermerlar o‘z yerida xohlagan ekinini eka olmasligidir. Ayrim fermerlar paxta yetishtirishdan faqat zarar ko‘ramiz, deyishadi, biroq taqsimot tizimi ularni paxta ekishga majbur etmoqda”, qo‘shimcha qiladi Niyozova.

Eng yomoni – fermerlarning hukumat zo‘r berib dastaklayotgan klasterlar oldida ojiz qolayotganidir.

Shunga qaramay, fermerlar klasterlardan mustaqil bo‘lish maqsadida kooperativlarga birlashishga urinayotgani holatlari qayd etilmoqda.

“Paxta narxlarini klaster belgilaydi, ular mahalliy hokimliklarni ishga solib fermerlarni o‘z irodasiga bo‘ysunishga majbur qilishmoqda”, deydi Niyozova.

O‘zbekistonga qo‘shni Turkmaniston hali-hanuz majburiy mehnatning oshkora tarafdori bo‘lib qolayotir.

Ozodlikning turkman xizmati davlat xizmatchilari yoppasiga paxta terimiga jo‘natilayotgani haqida muntazam xabar qilib turibdi. Yaqinda hukumat paxta terimi mavsumi dekabr boshlarigacha davom etishini e’lon qildi.

Ozodlik tojik xizmatiga ko‘ra, mamlakat shimolidagi ko‘plab fermerlar davlatdan ijaraga olingan yerlarining kamida yarmiga paxta ekishga majbur bo‘lishmoqda ekan, holbuki qonunda bunaqa majburiyat yo‘q.

Олтинсой икки ойдан буён сувсиз қолди – халқнинг экини қуриди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:08 0:00

Suv muammosi

Markaziy Osiyoda ommaviy paxta yetishtirish Rossiya istilosi natijasigina emas, uning asosiy sabablaridan biri hamdir, zero jadal sanoatlashuv Rossiya imperiyasida paxta xomashyosiga talab keskin ortishiga olib kelgan edi.

Sovet davriga kelib esa mintaqadagi respublikalarda paxta yakkahokimligi o‘rnatildi.

Ko‘p suv talab qiladigan ushbu ekin dengizga chiqish imkonidan mahrum Markaziy Osiyo suv ta’minoti tizimiga og‘ir yuk bo‘ldi.

Mazkur jarayonning yaqqol va eng ayanchli qurboni – Orol dengizidir.

Amudaryo va Sirdaryo suvlari irrigatsiya loyihalari uchun “so‘rib olinishi” oqibatida, bir zamonlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ichki suv havzasi bo‘lgan Orol dengizi hajmi 1960-yillardan beri 90 foizga qisqardi.

Mustaqillikdan so‘ng ahvol yengillashgani yo‘q, qurigan dengiz tevaragidagi mintaqada chang bo‘ronlari odatiy holga aylanib, ba’zan qo‘shni Turkmanistonda ham hosilni nobud qilmoqda.

Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligini tahdid ostiga qo‘ygan bir paytda qo‘shni Afg‘oniston olamshumul irrigatsiya loyihasini boshlab mintaqa hukumatlarini badtar vahimaga solmoqda.

Ekspertlar fikricha, yaqin bir necha o‘n yilda Amudaryo va Sirdaryoda suv sathi taxminan 15 foizga pasayishi mumkin.

Bunda hali Afg‘onistonda toliblar tomonidan Qo‘shtepa kanali qurilishi oqibatlari nazarda tutilgan emas.

Noyabr oyi boshlarida Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida suv zaxiralarini saqlab qolish uchun “suv tekin emas, degan fikrni odamlar onggiga singdirish” juda muhimligini ta’kidladi.

Prezidentga ko‘ra, hukumat 35 foizgacha suvni yo‘qotayotgan eski irrigatsiya kanallarini yangilash bilan surunkali talafotlarni bartaraf etish ustida ish olib bormoqda.

Biroq Markaziy Osiyo dehqonlari paxta yetishtirish borgan sayin katta muammoga aylanishiga allaqachon ishonch hosil qilganlar.

XS
SM
MD
LG