Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:58

40 yillik quduq va zambilg‘altak. O‘zbekiston aholisining ichimlik suvi muammosi (VIDEO)


Qashqadaryoning Jiyda qishlog‘ida aholi zambilg‘altakka ortilgan idishlarda quduqdan suv tashiydi.
Qashqadaryoning Jiyda qishlog‘ida aholi zambilg‘altakka ortilgan idishlarda quduqdan suv tashiydi.

Qashqadaryo viloyati ma’muriy markazi Qarshi shahridan yuz kilometr uzoqlikdagi Yakkabog‘ tumani Jiyda qishlog‘i aholisi 40 yildan buyon suvsizlikdan qiynalib keladi.

Sovet davridan qolgan ichimlik suvi ta’minoti tizimlari eskirib, yaroqsiz ahvolga kelgan.

Ellik yil oldin qazilgan artezan quduq 40 ming aholi yashovchi Jiyda qishlog‘i uchun yagona ichimlik suvi manbai bo‘lib qolmoqda.

Yoshu qari har kuni zambilg‘altakka ortilgan idishlarda shu quduqdan suv tashiydi.

Artezan quduq atrofida 7 yoshdan 70 yoshgacha, hatto undan keksaroq odamlarni ham uchratish mumkin.

Яккабоғлиқ ўқитувчи Шоди Холиқов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:06 0:00

Quduqdan suv olishga kelganlardan biri 66 yashar rus tili o‘qituvchisi Shodi Xoliqov. Uning Ozodlikka aytishicha, mahallaning muammolari ko‘p, ammo ichimlik suvi eng og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda.

“40 yildan buyon shu quduqdan suv ichamiz. Ertalab bir soat, kechasi bir soat suv bo‘ladi. Olgan oladi, olmagan ertalab kelib oladi. Bir yildan buyon “Obod mahalla”ga kirgan qishlog‘imiz, lekin obodonchilik yo‘q. Prezidentimiz suv masalasini ko‘taryapti, lekin suv yo‘q. Haligacha suvni bir yarim kilometrdan olib kelyapti xalq, bolalar qo‘l aravada suv tashiyapti, nahotki shu masalaning echimi yo‘q?”, - deydi Shodi Xoliqov.

2020 - yilda Yakkabog‘ning Jiyda qishlog‘i “Obod qishloq” dasturiga qo‘shilgan, Qashqadaryo viloyati hokimligidagilar ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashni va’da qilgan edi.

Ammo jiydaliklar bironta ish amalga oshirilmagani, eskicha yashashda davom etayotganliklarini aytishadi.

Daryo bo‘yida suvga zor...

Jiyda qishlog‘i O‘zbekistondagi toza ichimlik suvi yetib bormagan minglab qishloqlardan bittasi, xolos.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 11 mingdan ortiq qishloq suvsizlikdan qiynaladi.

Suvsizlik Qoraqalpog‘istonda 52 foiz, Buxoroda 53, Qashqadaryo va Surxondaryoda 54, Xorazmda 56 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston bo‘yicha suv tarmoqlarining qariyb 40 foizi avariya holatida bo‘lsa, 20 foizi mutlaqo ishlamaydi.

Ichimlik suvi tarmoqlaridan uzilgan aholi uni qimmat narxda sotib olishga yoki ariqdan oqib o‘tuvchi suvni iste’mol qilishga majbur.

O‘tgan yili Ozodlik Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 600 ga yaqin aholisiga ega mahallada odamlar ichimlik suvi yo‘qligidan eski hovuzning bo‘tana suvini ichishga majbur bo‘layotgani, oqibatda turli kasalliklar ko‘paygani haqida xabar bergan edi.

Buxorodagi qishloqlardan birida ayol quduqdan suv tortmoqda. Noyabr, 2012 - yil.
Buxorodagi qishloqlardan birida ayol quduqdan suv tortmoqda. Noyabr, 2012 - yil.

Sayohatchilarga tibbiy ko‘mak xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda ko‘p joylarda suv tarmog‘ida tozalash filtrlari ishlamasligi sabab vodoprovoddan oqayotgan suvni iste’mol qilish oshqozon-ichak kasalligini keltirib chiqarishidan ogohlantirib keladi.

Toshkentlik faol Aleksey Garshin O‘zbekistonning nafaqat chekka qishloqlaridagi, balki daryo bo‘yidagi aholisi ham ichimlik suvi muammosidan aziyat chekayotganini aytadi.

“Sirdaryo viloyatida aholi suvsizlikdan qiynalayotganini o‘zim ko‘rganman. Besh litrlik plastik idishlarda suv tashishayotganini ko‘rganman.Bu hali daryo oqimidagi hududda bo‘lyapti. Xorazmda sog‘liqqa zararli loyqa suvni filtrlab ichishayotganini ham ko‘rdim. Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istonning cho‘l hududlarida ahvol bundan ham battar. Sovet davrida qurilgan suv ta’minoti tizimi ishdan chiqqan. Katta kreditlar ajratilyapti O‘zbekistonga odamlarni ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash uchun, lekin ahvol o‘zgarmayapti”, - deydi Garshin.

Mirziyoyev va’dasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan buyon qishloq aholisi turmush tarzini tubdan o‘zgartirish haqida gapirib keladi.

8 - fevral kungi hukumat majlisida Mirziyoyev kelgusi 5 yilda ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetkazilishini va’da qildi.

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida aholi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan.

Buning natijasida 1,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

“Eng muhimi, bu ishlar hisobiga 1,5 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, hali sohada echimini kutayotgan muammolar ko‘p”, – dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari 2022 - yilda suv ta’minotini yaxshilash uchun 2 trillion so‘m byudjetdan ajratilishi, chetdan 245 million dollar jalb etilishini aytdi.

2020 - yilda Jahon banki O‘zbekistonda suv ta’minoti tizimini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 239 millionlik kredit ajratgan. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki ham suv ta’minoti loyihalarini moliyalab keladi.

O‘tgan yili Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltinlarida 126 ming aholini suv bilan ta’minlashga ajratilgan Osiyo taraqqiyot bankining 7 million dollarlik krediti talon-toroj qilingani aniqlangan.

Uch yil avval mahalliy matbuot Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlari aholisini toza ichimlik bilan ta’minlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan yirik miqdordagi mablag‘ talon-toroj qilingani haqida yozgan.

XS
SM
MD
LG