Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:56

2020 - yilda o‘zbek TikTokchilari tarmoq qiroliga aylandi


TikTok qisqa videolarni joylashtirib,  ommaga taqdim qilish xizmati beradigan platforma
TikTok qisqa videolarni joylashtirib,  ommaga taqdim qilish xizmati beradigan platforma

Kechayotgan yil ijtimoiy tarmoqda nisbatan yangi platforma bo‘lgan TikTokning o‘zbek segmenti uchun qiziqarli yil bo‘ldi. 22 yashar o‘zbekistonlik Rahim Abramov ko‘p daromad topgan rus tilida so‘zlashuvchi Tiktokchilar orasida, Forbesga ko‘ra, birinchi o‘rinni oldi. Toshkentda birin-ketin TikTok uylari ochildi. Toshkent shahar hokimligi "TikTok awards 2020" festivalini tashkil qilib, eng yaxshi o‘zbek Tiktokchilarini mukofotladi. Shu paytgacha O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqning hech bir segmentiga bag‘ishlab maxsus festival o‘tkazilmagandi.

Shu bilan birga, TikTok platformasidan diniy-ekstremistik da’vatlar qilgan bir nechta Tiktokchi DXX tarafidan nazoratga olindi. O‘zlarini "O‘zbek vatanparvarlari" deb atagan guruh esa prezidentga maktub yozib, TikTok platformasini O‘zbekistonda yopishni talab qildi. O‘zbek telekanallaridagi ma’naviyat shoularida Tiktokchilar tanqid qilindi.

O‘zbekiston tarixida ilk bor ijtimoiy tarmoqning alohida segmentiga bag‘ishlangan festival o‘tkazildi
O‘zbekiston tarixida ilk bor ijtimoiy tarmoqning alohida segmentiga bag‘ishlangan festival o‘tkazildi

TikTok nima? O‘zbek Tiktokchisi kim?

Bu savolni farg‘onalik Tiktokchi bloger Diyora Abdujabborovaga berdik.

TikTok - bu qisqa videolarni joylashtirib, ommaga taqdim qilish xizmati beradigan platforma. 2 yil bo‘ldi ochilganiga. Los-Anjeles, Nyu-York, London, Parij, Berlin, Dubay, Mumbay, Jakarta, Seul va Tokioda qarorgohi bor. Tomoshabinlar soni Yer kurrasidagi aholining kattagina qismi. O‘zbek yoshlari orasida eng mashxur platforma bu. Men eng qari o‘zbek Tiktokchisiman. Yoshim 27 da. TIkTokning o‘zbekcha segmenti taxminan 70 foizi o‘yin-kulgi. 20 foizi diniy nasihat¸ 5 foizi ijtimoiy muammolar¸ qolgani har-xil, masalan, fan va texnikaga oid.

Qatra xanda yoki eri Kamaz haydaydigan xotin

Diyora Abdujabborova aytgan 70 foiz o‘yin-kulgi aks etgan TikTok videolavhalarda o‘zbek er - xotin oilasidagi “kulgili” onlar tasvirlanadi. Shunday videolardan biri “Erim Kamaz haydaydi” deb nomlanadi. Kadr markazida qishloqlik kelinchak voha viloyatlardan biriga oid shevada “Erim Kamaz haydaydi” deya she’r o‘qiy boshlaydi. Jumla tugashi bilan “Meni aytyapti” degan erkakning gulduros ovozi kadr ortida eshitiladi. Kelinchak buni eshitib, uyalganday harakatlar qiladi va “Juda uzoq haydaydi” deya navbatdagi misrani aytadi. Yana ko‘rinmas erkak ovozi “Meni aytyapti” deydi. Kadrdagi kelinchak iymanib, go‘yoki uyalib gapiradi: “Uyga ichib kelganda, meni (pauza) uydan haydaydi, demoqchi edim” (kulgi ovozi). Kelin raqsga tushadi. Film tugadi.

Abdujabborovaga ko‘ra¸ bunday kulgili qatra videolar, odatda juda ko‘p tomosha qilinadi.

Qulay platforma

Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentidagi ko‘p sonli mushtariyga ega sahifa ma’muri¸ huquqshunos Ismigul Shayxuddinovaga ko‘ra¸ TikTok platformasi diniy, ba’zan esa o‘ta ekstremistik da’vatlar uchun allaqachon minbarga aylangan:

“Ochiqchasiga Suriyadagi terroristik guruhlarni targ‘ib qiladigan yuzlab o‘zbekcha videolar TikTok platformasiga yuklangan. Yosh avlodning ongi va shuurini egallash uchun kurash borar ekan, ekstremistik g‘oya targ‘ibotchilari uchun TikTok platformasi qulay. Chunki boshqa platformalardan ko‘ra, bu yerda kontent moderatsiyasi zaif. Filtrlar deyarli yo‘q.”

Samarqand viloyat IIB profilaktika mulozimining Ozodlikka aytishicha, 2020 - yilda ikki nafar muqaddam diniy sabablar bilan qamalib chiqqan sobiq mahkum TikTok portaliga yuklagan videolari yuzasidan nazoratga olinib, suhbatdan o‘tkazilgan. Ular yuklagan videolarda “jihod chaqirig‘i” huquq- tartibot organlari xavotiriga sabab bo‘lgan.

2020 - yilda TikTok turli davlatlar talabi bilan mingga yaqin videolavhani o‘chirib tashladi.

TikTok o‘zbeklar uchun ommabop platformaga aylandi
TikTok o‘zbeklar uchun ommabop platformaga aylandi

Barcha tarmoqlar ichida eng yaxshisimi ?

Kechgan yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor ijtimoiy tarmoq platformasiga atab festival o‘tkazildi. Toshkent shahar hokimligi "TikTok Awards 2020" festivalini tashkil qilib, eng yaxshi o‘zbek Tiktokchilarini mukofotladi. Qimmatbaho mukofotlarni taqdim etgan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zbek Tiktokchilarni eng aziz va eng yaxshi, deya maqtadi:

«Aziz tiktokerlar, ijodingizga omad tilaymiz! Biz doim sizlar bilan birgamiz. Hozir qilayotgan, ko‘rsatayotgan videolaringiz kimlar uchundir yengil-yelpi ko‘rinayotgandir. Lekin bu sizlarning yoshingiz kategoriyasi. Biroz ulg‘ayganingiz sari yaxshiroq, jiddiyroq videolar olasizlar. Lekin hozirdan sizlarni qo‘llab-quvvatlasak, o‘ylaymanki, olgan klip va materiallaringiz dunyoga chiqadi. Zotan, dunyoga chiqib ham bo‘ldingiz», - dedi hokim o‘z so‘zida.

Toshkent hokimi Tiktokchi blogerga mukofot berdi
Toshkent hokimi Tiktokchi blogerga mukofot berdi

Bundan oldin 500 ming obunachisi bor TikTok yulduzi andijonlik Husniddin Soliyev bilan uchrashaman deb, ko‘chaga minglab muxlislar chiqqani ortidan Andijon shahri markazida avtomobil qatnovi to‘xtab qolgan edi.

Daromadli soha

Kechgan yilda Forbes rus tilida so‘zlashuvchi tiktokchilar daromadlarining birinchi reytingini tuzgani, birinchi o‘rinni 9,5 million nafar obunachiga ega o‘zbekistonlik 22 yoshli Rahim Abramov egallagani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Abramov 2019 - yilda TikTok’dan 10,47 million rubl (136 ming dollar atrofida) daromad olgan.

Senzura xavotirlari

Xitoy shirkatiga oid TikTok platformasi rasmiy Pekin bilan hamkorlikda ishlashi haqida iddaolar bor. Shu andishadan kelib chiqib, AQSh armiyasi zobitlariga TikTokdan foydalanish taqiqlangan.

Kipriklarni qanday qilib qayirish haqida TikTokka videolar qo‘yadigan uyg‘ur qiz gap orasida “Siz kipriklarni tomosha qilayotgan paytingizda Xitoydagi lagerlarda uyg‘urlar qiynoqqa solinmoqda” deydi. Buning ortidan TikTok ushbu videoni o‘chirdi. Uyg‘ur blogerni TikTok senzurasidan himoya qilish uchun norozilik harakati boshlandi. Bu harakat ko‘lamidan xavotirga tushgan TikTok shirkati videoni qayta joyiga qo‘yib qo‘yishga majbur bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG