Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:34

“Yil taassufi”. Ilon Maskning tvitlari Ukrainani ranjitib, Kremlni xursand qildi


Ilon Mask
Ilon Mask

3-oktabr kuni dunyoning eng boy odami bo‘lgan Tesla kompaniyasi asoschisi Ilon Mask o‘z tvitlari bilan ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”.

Dastlab u Ukraina bosib olingan hududlarda BMT kuzatuvida qaytadan referendum o‘tkazish, Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, Qrimga suv berish va betaraf mamlakat bo‘lish kabi qator shartlarga rozi bo‘lgan taqdirda Rossiya sulh tuzilishi mumkinligidan bahs etdi.

Keyingi tvitlarida esa alal-oqibat baribir shu shartlarda sulh tuzishga to‘g‘ri kelishi, aks holda mojaro yadro urushiga olib kelishi mumkinligi haqida yozdi.

Va oxirida Mask “Qrim va Donbassda yashayotgan odamlar ushbu hududlar kimga tegishliligini o‘zlari hal qilishi mumkinmi yoki yo‘qmi”, degan mazmunda so‘rov o‘tkazdi.

Maskning tvitlari ukrainlar va ularning tarafdorlarida g‘azab uyg‘otdi. “Eng buyuk aql sohiblari ham Rossiya propagandasi ta’siriga berilayotgani juda achinarli”, deb yozdi Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko.

Vladimir Zelenskiy ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak tinchlikka erishishning boshqa yo‘lini taklif qildi: Ukraina o‘z hududlarini, jumladan Qrimni ozod etadi, Rossiya demilitarizatsiya qilinadi va yadroviy quroli olib qo‘yiladi, harbiy jinoyatchilar xalqaro tribunalga tortiladi.

Ko‘pchilik Maskning ayniqsa Qrimni Rossiyaga qaytarish kerakligi, chunki u “1783- yildan Xrushchyovning xatosiga qadar” Rossiyaga tegishli bo‘lgani haqidagi iddaosiga toqat qila olmadi.

Sergey Abashin

Ilon Mask bilan bahslashish tentaklik. U bizni eshitmaydi. Lekin baribir izoh yozyapman: Qrim 1783-yildan Rossiya Federatsiyasi tarkibida bo‘lmagan. Qrim Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lgan. Polsha va Finlyandiya, Latviya va Estoniya, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bilan birga. Hatto Alyaska ham Rossiya imperiyasida bo‘lgan. Umid qilamanki, Mask bu mintaqa va mamlakatlar bir paytlar RI tarkibida bo‘lgani uchungina hozirgi RF ularga da’vo qilishga haqli deb o‘ylamasa kerak. Ilon Mask bilan tortishish tentaklik, ammo mashhur insonning aqli yetmaydigan narsalar haqida va’z qilishi ham ahmoqona ish.

Vladimir Vyatrovich

Elon Musk, Xrushchyovning xatosi – kosmos sohasida AQSh bilan bellashishga uringanidir. Qrim esa – Ukraina tuprog‘i.

Yuriy Kasyanov

Davom etaver, Ilon. Meksikada referendum o‘tkazish va unga Texasni qaytarib berish kerak. Alyaskani Rossiyaga qaytarib, Aleksandr II qilgan xatoni ham tuzataylik. Kyonigsbergdan buzg‘unchi ruslarni haydab chiqarib va nemislarni u yerga qaytarib, viloyatni Germaniyaga berish lozim. Kuril orollarini Yaponiyaga qaytaraylik – albatta, referendum o‘tkazamiz, mahalliy aholi bunga qarshi bo‘ladi deb o‘ylamayman. Taganrog bilan Kuban albatta Ukrainaga qaytariladi. Qrim esa – turklarga yoki greklarga yoinki ulardan oldin kimniki bo‘lgan bo‘lsa o‘shanga... Biryo‘la Yevropani betaraf deb e’lon qilish, NATOni tarqatib yuborish, Isroilni denatsifikatsiya va AQShni demilitarizatsiya qilish ham kerak.

Bular bari arzimagan narsalar – urush bo‘lmasa, bas. Xalqaro huquq, xalqaro shartnomalar poymol qilinishi, suverenitet va mustaqillik inkor etilishi, bosqinchilar bizning xotinlarimiz, qizlarimiz va onalarimizni zo‘rlashiga, tinch aholini g‘orat qilib, asirlarni xo‘rlashiga yo‘l qo‘yib berilishi – o‘z yo‘liga...

Ishqilib urush bo‘lmasin, Ilon. Ishqilib urush bo‘lmasin...

Ko‘pchilik o‘z munosabatida anneksiyani xususiy mulkni tortib olishga mengzadi. “Qadrli Ilon Mask, “Tesla”ngizning g‘ildiraklarini o‘g‘irlagan odam “bular o‘zlari shuni xohlab ovoz berdi” deb iddao qilgani bilan g‘ildiraklar yoki mashinaning qonuniy sohibi bo‘lib qolmaydi”, deb yozdi Litva prezidenti Gitanas Nauseda.

Bojena Rinska

Bir savol bor: Maskning villasini bosib olib, keyin u yerda referendum o‘tkazsa bo‘ladimi?

Aleksandr Xots

Yil taassufi: Mask “foydali anqov” ekan, u xalqaro huquq va sog‘lom aqlga tupurdi.

Uning Ukrainaga oid rejasi qo‘shni yerlarni zo‘rlik bilan egallab olib, soxta “so‘rov”lar bilan rasmiylashtirishga ishqiboz bo‘lajak agressorlarga moydek yoqib tushsa kerak.

Urush, minglab qochqinlar, qurbonlar va harbiy jinoyatlar sharoitida qanday qilib legitim referendum o‘tkazish mumkin, degan savol Maskning xayoliga ham kelmaydi. Qolaversa, “referendum” urushayotgan tomonlardan qaysi birining qonunchiligiga ko‘ra bo‘lishi kerak, degan savol ham bor.

Urush bo‘layotgan (front chizig‘i o‘zgarib turgan) paytda “so‘rov”ning haqqoniyligini kim kafolatlaydi? BMT bosib olingan hududlarga keladimi? Holbuki bu tashkilot xalqaro huquqni ta’minlashi va anneksiyani qoralashi lozim, uning vazifasi bosqinchilikni xaspo‘shlash emas.

Biroq “so‘rov” ideal bo‘lib, 70 foizga 30 foiz natija chiqqan taqdirda ham bu 30 foiz uylarini tashlab, agressordan qochishi kerak bo‘ladimi? Yoki partizanlikka o‘tib, fuqarolar urushini boshlaydimi? Avtomatlar kuchi bilan, lekin BMT shafeligida o‘tkaziladigan bunaqa “referendum”ning qadri qancha?

Iste’dodli texnokrat siyosatning gumanitar sohasiga burnini suqib, taxayyulga berilsa, oqibati shunaqa bo‘ladi.

Odamlarga munosabati shunaqa ekan, men unga samoviy parvozlar tugul yo‘lxaltamni ham ishonmagan bo‘lardim.

Bunaqalar hamyoningni olib qochishdan toymaydi va, basharti qo‘lga tushib qolsa, hamyon kimga tegishliligini aniqlash uchun so‘rov o‘tkazishni taklif qiladi.

Bellingcat tadqiqotchisi Xristo Grozev Ilon Maskning boyligini nima qilgan ma’qul – odamlarga tarqatishmi, unitazga oqizishmi yoki yoqib yuborishmi, deb so‘rov o‘tkazishni taklif qildi.

Rossiya mulozimlari va propagandachilari esa, aksincha, Maskning tvitlaridan xursand bo‘lishdi.

Olga Skabeyeva

Maskning takliflarini diqqat bilan o‘qidim. Keyin yana bir marta o‘qidim. Aql bovar qilmaydi!

Yevgeniy Popov

Mask bu gaplarni yozgani juda yaxshi. Bunaqa shovvozlar kam uchraydi. Millionlab odamlarni o‘yga toldirdi.

Leonid Slutskiy

Ilon Mask Baydenning Ukrainadagi siyosati qoliplarini pora-pora qilmoqda. Uning “Qrim va Donbass o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi kerakmi?” degan savoliga 1,3 mln foydalanuvchining yarmidan ortig‘i “ha” deb javob bergan. Va ular AQShning hozirgi ma’muriyati homiylik qilayotgan oxirgi ukrain qolgunicha urush bo‘lishini yoqlamasligi aniq.

Chirib ketgan Kiyev rejimini deb ko‘p narsadan kechishni oddiy amerikaliklar aslo istamaydi, Bryusselning vassalligidan eng ko‘p jabr chekayotgan yevropaliklar-ku inchunun.

Shunaqa, janob narkoman va neonatsistlar. Idrok sasi demokratiya diktaturasini yorib o‘tdi!

Sergey Markov

Maskning Ukraina borasidagi tvitlari nega OAV va ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi? Ukrainada bu birinchi raqamli yangilik bo‘lib turibdi. AQSh va Yevropada ham millionlab marta ulashildi. Demak, Maskning g‘oyalarida ulkan ijtimoiy energiya bor. Bu haqiqat energiyasidir. Haqiqatni bo‘g‘ishmoqda, lekin u baribir yuzaga chiqyapti.

Bu haqiqat shuki, G‘arb urushni to‘xtatishni istasa, qandaydir muhim masalada Rossiyaga yon bosishi kerak. Maskning taklifi mazmuni shu. Buni hamma tushunib turibdi, lekin gapirishmayapti. Taqiqlangan fikrni kimdir gapirsa, mana shunaqa bo‘ron ko‘tariladi. Xuddi Maskning tvitlariga o‘xshab.

Ko‘plab ukrainaliklar Maskni qattiq itobga olmaslikka chaqirishmoqda – har holda u mamlakatga ancha-muncha yaxshilik qildi.

Ivan Yakovina

Ilon Mask – pixini yorgan troll va provokator.

Ammo biz uchun eng muhimi uning tvitterdagi tentakligi emas, Ukraina uchun ishlab turgan Starlinkdir.

Uni dushman deb e’lon qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu shaxsiy fikrim.

Mustafo Nayem

Maskning tviti va noma’qul so‘rovi urush natijasini belgilay olmaydi.

Ochig‘i, bu odam bu urush xususida nima deb o‘ylashi mutlaqo farqsiz. Betamiz fikri o‘zi bilan qolaversin.

Ammo uning Starlinkisiz bizga qiyin bo‘lar edi – ishonmasangiz, frontdagi askarlardan so‘rang.

Shunday bo‘lgach, nima yozsa yozaversin. Urushni qanday tugatish esa bizga, frontdagi yigitlarimizga, qat’iyatimiz va irodamizga, G‘arbdan kelayotgan harbiy yuklar oqimiga bog‘liq.

XS
SM
MD
LG