Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan tashkilotga a’zo davlatlardan Markaziy Osiyodagi Rossiyaga hamkor davlatlarga eksport hajmi 300 foizga o‘sganini bildirdi. Bu haqda 28-mart kuni Bishkekdagi matbuot anjumanida gapirgan Sallivan YIni bu tovarlar harakatining so‘nggi nuqtasi qiziqtirayotganini ta’kidladi.
Sallivan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni qo‘llamagan davlatlar Moskva uchun sanksiyalarni chetlab o‘tish vositasi bo‘lmasligi lozimligini qayd etdi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning o‘ninchi paketini tasdiqlagan.
“Bizning vazifamiz sanksiyalarning samaradorligini ta’minlashdir. Savdo hajmini tahlil qilganimizdan so‘ng juda katta o‘sish bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin, avvallari bunday bo‘lgan emas. Qirg‘iziston ham savdo hajmi o‘sgan davlatlardan biri. Biroq Qirg‘iziston bu yo‘nalishdagi yagona mamlakat emasligini ta’kidlamoqchiman. Men Birlashgan Arab Amirliklarida, Turkiyada bo‘ldim. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Gruziya va Armanistonga ham bormoqchiman”, dedi Sallivan.
YI rasmiysi Markaziy Osiyoga eksport qilinayotgan tovarlarning 770 turidan Rossiya urushda foydalanishi mumkinligini aytdi. U eksport qilinayotgan tovarlarning Rossiyaga sotilishi oldini olish maqsadida Qirg‘iziston rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishini bildirdi.
O‘tgan yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng AQSh Moliya vazirligi sanksiya joriy etilgan mahsulotlar Rossiya va Belarus bozoriga Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali reeksport qilinishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmagan. Shu munosabat bilan mintaqa davlatlari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
AQSh Moliya vazirligi hujjatida sanksiya joriy qilingan tovarlar Markaziy Osiyo davlatlariga xom ashyo qatori qonuniy yo‘llar bilan sotilishi mumkinligi, ammo uni Rossiyaga reeksport qilish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.
27-mart kuni The Telegraph Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashgan mamlakatlar, shirkatlar va shaxslarga nisbatan savdo cheklovlari joriy qilish masalasini muhokama etayotgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Nashrning bildirishicha, bu borada uning ixtiyoriga maxfiy hujjat kelib tushgan.
Hujjat qabul qilinsa, Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni reeksport qilgan mamlakatlar, yuridik va jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishi cheklanadi.
The Telegraph hujjatda, jumladan, Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan esa Rossiyaga eksport kamida 60-80 foizga o‘sgani qayd etilganini ta’kidlaydi. Yevropa Ittifoqi bu holat “Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda” ko‘rsatilayotgan yordam bo‘lishi mumkinligidan tashvishlanmoqda.
Nashrning yozishicha, bu yerda Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga sotilayotgan “ikki maqsadli” texnika - kir yuvish mashinalari, eski avtomobillar va fotokameralar nazarda tutilmoqda. Bu texnikalar demontaj qilinib, ulardan olingan yarimo‘tkazgichlar va boshqa ehtiyot qismlardan Rossiya shikastlangan harbiy texnikasini ta’mirlashda foydalanayotgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Reuters agentligi Rossiya kompaniyalari so‘nggi haftalarda qozoq hamkorlaridan G‘arb sanktsiyalarini chetlab o‘tib, zarur tovarlarni import qilishda yordam so‘rayotgani to‘g‘risida o‘z manbalariga tayanib xabar bergan edi.
Turkiya o‘tgan oy AQShning kimyoviy moddalar, mikrochiplar va boshqa uskunalarni Rossiyaga eksport qilmaslik haqidagi ogohlantirishlaridan keyin Rossiya urushda foydalanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilmasligini bildirdi.
Anqara Turkiya hududida yoki Turkiya orqali G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymasligini va buning oldini olish uchun choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.