Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:43

Yashil energiya va "sariq ajdar". Mirziyoyev Xitoyga nima uchun bordi?


XXR raisi Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyev. Pekin, 23-aprel, 2019.
XXR raisi Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyev. Pekin, 23-aprel, 2019.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi davlat tashrifi bilan Pekinga bordi.

Safar oldidan Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarida Mirziyoyevning maqolasi nashr etildi.

Unda O‘zbekiston rahbari Xitoyning iqtisodiy rivojlanish modelini yuqori baholagan va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar «yangi tarixiy davrga» kirganini, bu esa o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun joriy tashrif davomida «yangi uzoq muddatga mo‘ljallangan kun tartibini ishlab chiqish»da zamin yaratishini qayd etgan.

«Har safar Xitoyga tashrif buyurganimda bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini, o‘zining ko‘p asrlik orzusini ro‘yobga chiqarish uchun modernizatsiya yo‘lidan dadil odimlayotgan Xitoy xalqining erishgan yutuqlari, bunyodkorlik kuchi, mehnatsevarligi va iste’dodi meni chin dildan hayratga soladi», deyiladi maqolada.

Хитой ва “камбағалликка қарши кураш“. “Катта оға” тажрибаси ва Ўзбекистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:58 0:00


Mazkur davlat tashrifi may oyida bo‘lib o‘tgan «Xitoy-Markaziy Osiyo» yetakchilarining birinchi yuzma-yuz sammitidan so‘ng amalga oshirilmoqda. O‘sha sammitda Xitoy mintaqa bilan iqtisodiyot va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha bir qancha shartnomalar imzolagan. Mirziyoyev joriy tashrifida ushbu bitimlar hamda 2022-yilda imzolangan strategik sheriklik kelishuviga tayanishga intilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy bilan yashil energiya loyihalarini ishlab chiqishdan tortib, ilm-fan sohasida hamkorlik va mamlakatlar o‘rtasida turizmni rivojlantirishgacha bo‘lgan avval imzolangan ko‘plab kelishuvlarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qiladi.

Atlantika Kengashining Global Xitoy markazi xodimi Niva Yau “Xitoy investitsiyalar va loyihalarni amalga oshirishni zimmasiga oldi va ushbu oliy darajadagi tashrif ularga qanday erishish va birgalikda hamkorlik qilish uchun yangi yo‘nalishlarni izlash uchun makon bo‘ladi ", deya izohladi.

Rivojlanayotgan aloqalar

Tashrif O‘zbekistonning Xitoy bilan munosabatlarida ichki va tashqi siyosiy muhitni o‘zgartirgan bir qancha muhim voqealar fonida amalga oshirilmoqda.

Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishi Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli siyosiy va iqtisodiy kuch sifatidagi nufuzini oshirdi, chunki mintaqaning an’anaviy dominant sherigi bo‘lgan Rossiya o‘zi boshlagan urushning moliyaviy va geosiyosiy ta’sirlari bilan kurashmoqda.

Pekin «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusidan so‘ng, yangi sektorlarga sarmoya kiritish hamda yanada strategik kreditor bo‘lishni xohlaydi. Mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi hozirda pasayishni boshdan kechirmoqda.

Xitoy atrof-muhit, ilmiy tadqiqotlar va monitoringga katta miqdorda sarmoya yo‘naltirar ekan, Markaziy Osiyoga bir qancha muhim sohalarda investitsiya kiritmoqda.

Xitoy Fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy bilan chegaradosh Tojikiston 2021-yilda Sarez ko‘lida atrof-muhitni o‘rganish va «xalqaro ofatlarni kamaytirish va oldini olish» uchun Xitoy kuzatuv stantsiyasini ochgan.

2023-yil iyul oyida xitoylik tadqiqotchilar O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan chegaradosh nuqtasi yaqinidagi Shahritusda iqlim va atrof-muhit monitoringi uchun yangi «super» kuzatuv punktini tashkil qilgan.

Pekin o‘tgan yili Turkmaniston bilan kosmik sohada hamkorlik kelishuviga erishib, o‘zining kosmik dasturi bo‘yicha sherik davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi.

Шанҳай саммити: Яккаланган Путин "якка қутбли" дунёга қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:05 0:00

Xitoy moliyalashtirayotgan Turkmanistondan Xitoyga gaz quvuri va Xitoyni Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi hamon dolzarb bo‘lsa-da, bu loyihalarning kelajagi noaniq.

Yauning ta’kidlashicha, Pekin investitsiya va sanoatning yangi sohalarini Markaziy Osiyoga olib kirishga intilmoqda va bu yo‘lda 36 milliondan ko‘proq aholiga ega O‘zbekiston jozibador hamkor.

Qayta tiklanuvchi energiya va Xitoy elektromobillari uchun yangi bozorlarni ochish yana bir manfaatli yo‘nalish.

Dekabr oyida Xitoyning Xenan Suda kompaniyasi O‘zbekiston Energetika vazirligi bilan 2033-yilgacha butun mamlakat bo‘ylab elektromobillar uchun 50 mingga yaqin quvvatlantirish stansiyalarini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Yangi prezident, yangi davr

Ukrainadagi urush va boshqa voqealar Pekin va Moskvaning Markaziy Osiyo bilan barqaror hamkor sifatidagi roliga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, Mirziyoyevning oliy darajadagi tashrifi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p yillik iliq munosabatlar mahsulidir, deydi Karnegi markazi tadqiqotchisi Temur Umarov.

“Xitoy bilan yaqin munosabat boshidanoq Mirziyoyevning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan. Mirziyoyev Xitoyga juda qiziqadi va o‘z chiqishlarida Den Syaopindan iqtibos keltiradi; uni iqtisodiy reformator o‘laroq namuna sifatida ko‘radi.

“Xitoy Mirziyoyev uchun ma’lum ma’noda tajriba manbaiga aylandi. O‘zbekiston shaxsiy rejim ekanligini hisobga olsak, uning Xitoyni qanday ko‘rishi muhim", deydi Umarov.

O‘zbekiston Karimov davrida tashqi siyosatda o‘ta ehtiyotkor, ixotalangan siyosat yuritdi.

Xitoy rahbari Xu Szintao 2005-yilda Andijon shahrida namoyishchilar harakati kuch bilan bostirilganidan ikki hafta o‘tmay Karimovni Pekinga tashrif buyurishga taklif qiladi. Karimovning qattiqqo‘l tuzumi davrida Xitoy kapitali cheklangan edi.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodini dunyoga ochar ekan, Xitoy ham ishonchli sarmoya manbai, ham qimmatli ittifoqchi sifatida Mirziyoyevga O‘zbekiston va xorijda o‘z legitimligini mustahkamlashda yordam berdi.


Xitoyning qattiq siyosiy nazoratni saqlab qolgan holda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish modeli Mirziyoyevga tobora jozibali ko‘rinmoqda.

«Mirziyoyev Karimov merosi asosida o‘z siyosiy rejimini qurishga harakat qilar ekan, bu u uchun juda muhim. U dunyoga moslashish va bugungi murakkab voqeliklarni qanday boshqarishni o‘xshash rejimlardan o‘rganishi kerakligini biladi», deya xulosa qiladi tahlilchi Temur Umarov.

XS
SM
MD
LG