Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:37

Yarim kechagacha selektor. Mirziyoyev "otbozor" deb atagan majlisbozlik davom etmoqda


Qashqadaryo viloyat, Nishon tuman hokimi 3 - fevral kechqurun hokimlik binosida ikkita yig‘ilish o‘tkazilgani to‘g‘risida tumandagi tashkilotlardan biri rahbaridan olingan ma’lumotni inkor etdi.

Tashkilot rahbarining bildirishicha, soat 6 dan 8.30 gacha bitta yig‘ilish, 9 dan 11 gacha ikkinchi yig‘ilish o‘tkazilgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida fevralning dastlabki uch kunida uchta yig‘ilish o‘tkazilganini jamiyat mulozimi tasdiqladi.

27 - yanvar uni Shavkat Mirziyoyev majlisbozlikka chek qo‘yish haqida hukumatga yana bir marta ko‘rsatma bergan edi.

"Majlislar tungi 12 gacha davom etadi"

“Selektorlar davom etmoqda. Bu tartib Qashqadaryoda soat tungi 12 gacha davom etadi. Nima holat bu axir?! Shu masalani yoritinglar, iltimos. Qatnashuvchilarda ham oila, bola-chaqa bor. Bizning ham bir bor bolalarni ko‘rishga haqimiz bordir? Ular uxlaganda kelib, uyg‘onmasdan chiqib ketamiz, nima bu ahvol?!”

Bu xabar muallifi 4 - fevralda Ozodlikka viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan barcha tumanlarga yuborilgan telefonogramma suratini ham jo‘natdi.

Hujjatda “3 - fevral kuni soat 19:00 da qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ZOOM elektron dasturi orqali yig‘ilish o‘tkaziladi” deyilgan.

Qashqadaryo viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi xabarnomasi
Qashqadaryo viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi xabarnomasi

Ozodlik xabar muallifi bilan qayta bog‘landi va uning Nishon tumanidan ekanligi ma’lum bo‘ldi. “Hokimlikdan gap eshitib qolishidan” qo‘rqib ismi aytilmasligini iltimos qilgan nishonlikning aytishicha, 3 - fevral kuni kechqurun ikkita majlis bo‘lgan: biri soat 6 dan 8.30 gacha bitta yig‘ilish, ikkinchisi 9 dan 11 gacha.

“Har kuni shu ahvol. Mana bugun (4 - fevral) kechqurun ham yig‘ilishga borishim kerak, 2 - fevralda ham bo‘lgan, ertaga ham bo‘ladi...”, dedi tuman darajasidagi tashkilot rahbari. U 3 - fevral kechqurungi yig‘ilishga tumandan 20 ga yaqin rahbar qatnashganini, ular orasida Fermerlar kengashi, “Agrokimyohimoya” kabi tashkilotlar rahbarlari bo‘lganini aytdi.

Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi xabarnomasida yig‘ilishda kimlar ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan.

“Taklif qilinadi: Tumanning 4 ta sektor rahbarlari, tuman hokimining q/x masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyatdan biriktirilgan Bosh vakillar, tuman qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, ekologiya bo‘limlari, fermerlar kengashi, veterinariya, “Chorvanasl” markazi, Kadastr agentligining tuman bo‘limi, “Agroservis MTP” MChJ, “Agrokimyohimoya” HAJ, Agroinspeksiyaning tuman bo‘limi, tijorat banklari hamda kun tartibiga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari”, deyilgan hujjatda.

Yig‘ilishlar to‘g‘risida xabar qilgan tashkilot rahbarining aytishicha, qishloq xo‘jalik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish soat 8:30 da tugagach, yarim soatlik tanaffusdan keyin tuman hokimining an’anaviy yig‘ilishi boshlangan va u soat 11 gacha davom etgan.

Tuman hokimi: Hech qanday yig‘ilish bo‘lgani yo‘q!

Nishon tuman hokimi Muxtor Hayitmurodov 4 - fevralda Ozodlik savollariga javob berarkan, 3 - fevral kechqurun ikkita yig‘ilish o‘tkazilganini inkor etdi. Hokimning aytishicha, majlisbozlikka barham berilgan. Majlislar o‘rniga u yoki bu tashkilot rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

“Majlislarni to‘xtatganmiz. Seminarlar bo‘lishi mumkin, ular joyida bo‘lyapti. Ayrim masalalar yuzasidan rahbarlar bilan uchrashuvlar o‘tkazaman. Masalan, kecha kech soat 6 yarim 7 larda Fermerlar kengashi raisi bilan ishladim. Gohida fermerlar bilan, gohida ximiya bilan (“Agrokimyohimoya” demoqchi) bilan ishlayman. Lekin bu uchrashuvlar majlis emas. Majlis ko‘pkishilik bo‘ladi”, - dedi hokim.

Bir oyda necha marta yig‘ilish yoki majlis deb atasa bo‘ladigan tadbir o‘tkazasiz, degan savolga Nishon tuman hokimi Muxtor Hayitmurodov “Majlis va yig‘ilishlarni to‘xtatish topshirilgan. 3-4 kunda bir tegishli rahbarlar bilan uchrashib, gaplashib olyapmiz. Lekin bu uchrashuvlar majlis emas”, deb javob berdi .

"Hududiy elektr tarmoqlari”da ​har kuni bittadan majlis

4 - fevralda Ozodlikka kelgan uch hujjatdan aktiyadorlik jamiyati rahbariyati so‘nggi 3 kunda 3 ta yig‘ilish o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi.

Uzbekistan - information about meeting which will be held by district governments
Uzbekistan - information about meeting which will be held by district governments

1 - fevral, soat 11:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatiga bagishlangan targ‘ibot tadbiri;

2 - fevral, soat 10:00 da elektr energiyasi uchun to‘lovlarni undirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi;

3 - fevral, soat 20:00 da elektr tarmoqlari korxonalarini markazlashgan 1S dasturiga o‘tkazishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Bu yig‘ilishlar to‘g‘risidagi telefonogrammalardan ular "Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi mamlakat hududidagi barcha elektr tarmoqlari rahbarlari va boshqa tegishli xodimlari ishtirok etgani tushuniladi.

"Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Devonxonasi mulozimi Luiza Bayganova suratlari Ozodlik ixtiyorida mavjud telefonogrammalarning haqiqiyligini tasdiqladi, yig‘ilishlar bo‘lib o‘tganini, ulardan ba’zilari to‘g‘risida hatto TVda xabar berilganini faxr bilan aytdi.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag‘ishlab, 27 - yanvarda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yana bir marta majlisbozlikka chek qo‘yish masalasini ko‘tarib bunday degan edi:

“Majlisbozlik kasaliga chalingan bo‘lsanglar, uyda majlislarni o‘tkazing. Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak. Otbozorga aylanib ketyapti. Ba’zi rahbarlar majlisbozlik bilan kasal. Keraksiz majlislar o‘tkazadigan… 40 daqiqadan ko‘proq majlis o‘tkazadiganlar ishdan ketadi”.

"Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Devonxonasi mulozimi Luiza Bayganova Ozodlikning yig‘ilishlar qancha davom etdi, degan savoliga javob berishga taraddudlanib turganida uning yonida turgan boshqa bir xodimning “40 minut degani eshitildi.

1990- yillar boshida O‘zbekiston prezidentining Kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Sharof Ubaydullayev Prezident majlisbozlikka barham berish masalasiga bot-bot qaytaverishiga qaramay, rahbarlarning boshi majlisdan chiqmayotganini sharhlar ekan, “Aftidan, bir-ikki hokimni aynan majlisbozligi uchun namoyishkorona jazolash vaqti keldi, shekilli”, - dedi.

XS
SM
MD
LG