Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:33

Yaponiyada koronavirus yuqtirish holatlari sirli ravishda keskin kamaydi


Yaponiyada kutilmaganda koronavirusga chalinish holatlari kamayib ketdi.

Joriy yilning avgust oyida poytaxt Tokioda kundalik virus yuqtirishlar soni 6000 dan yuqori bo‘lgan edi, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 100 ga yetmayapti.

Virus ozayishiga nima sabab bo‘lgani noma’lum bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab barlar, poyezdlar gavjum va shaharliklar shod kayfiyatda.

Yevropa va Osiyoning boshqa joylaridan farqli o‘laroq, Yaponiyada biror marta to‘liq karantin cheklovlari joriy qilinmadi.

Yaponiya muvaffaqiyatiga kechiktirilgan, ammo juda tez sur’atda amalga oshirilgan emlash kampaniyasi, ko‘plab bar va klublar yopilgani, pandemiyadan ancha oldin boshlangan niqob taqish odati hamda avgust oxirida ob-havo noqulay bo‘lgani uchun aholi uyda qolgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ammo mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalarning samaradorligi asta-sekin pasayib, qish yaqinlashar ekan, virus yuqtirish holatlari nima sababdan keskin kamayib ketganini bilish juda muhim, chunki mamlakat yanga to‘lqinga duchor bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik emlash kampaniyasi tufayli infeksiya holatlari ozayganiga ishonadi. Bugunga qadar Yaponiya aholining qariyb 70 foizi to‘liq emlangan.

Toxo universitetining virusologiya bo‘yicha professori, doktor Kazuxiro Tateda ”Associated Press” agentligi bilan suhbatda:

“Yaponiyada 64 yoshdan kichiklar tez va intensiv sur’atda emlangani jamoaviy immunitetga o‘xshash vaqtinchalik holatni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin”, dedi.

Tateda emlash darajasi iyuldan sentabrgacha sezilari darajada oshganini aytdi.

Ammo professor emlash jarayoni Yaponiyadan ancha oldin boshlangan AQSh va Buyuk Britaniyada infeksiya o‘choqlari qayta-qayta yuzaga kelayotgani faqat emlashning o‘zi yetarli emasligi hamda vaksinalarning samaradorligi asta-sekin ozayib borishini ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

Yaponiyada aholini emlash joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida boshlangandi. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va qariyalar emlandi. May oyigacha import qilingan vaktsina dozalari oz bo‘lgani uchun kampaniya sekin siljidi. Lekin iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari arafasida kuniga 1.5 million odam emlana boshladi.

Iyul oyida kundalik virus yuqtirish holatlari ko‘tarildi. Avgust oyi boshida Tokioda kuniga 5 ming, mamlakat bo‘ylab 20 ming virus yuqtirish holati qayd etildi. O‘tgan yakshanba kuni esa poytaxtda atigi 40 ta, mamlakat bo‘ylab 429 ta virus yuqtirish holati kuzatildi.

Yaponiyada pandemiya boshlanganidan beri kasallik yuqtirganlar soni 1.71 milliondan, virus tufayli o‘lganlarning umumiy soni esa 18 mingdan oshgan.

Xo‘sh, nima uchun Yaponiyada virus tarqalishi sekinladi?

“Bu juda qiyin savol. Emlashning ta’sirini e’tiborga olishimiz kerak, chunki u juda katta”, dedi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Norio Oxmagari.

“Shu bilan birga, gavjum va havosi oz bo‘lgan xavfli joylarda to‘planadigan odamlar allaqachon virusni yuqtirgani va ularda tabiiy immunitet shakllangan bo‘lishi mumkin”.

Ayrimlar yuqtirish holatlari ozaygani testlar soni ozaygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ammo Tokio shahri hukumati ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, ijobiy test natijalari soni avgust oyining oxirida 25% ni tashkil qilgan bo‘lsa, oktabr oyi o‘rtalarida 1% ga tushib qolgan. Test topshirganlar soni esa atigi 33% ga qisqargan.

Tokio tibbiyot assotsiatsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Masataka Inokuchi ijobiy test natijalari ozaygani infeksiya tarqalishi sekinlashganini ko‘rsatishini aytdi.

Yaponiyada to‘laqonli karantin cheklovlari o‘rniga yengil favqulodda vaziyatlar joriy qilindi. Xususan, barlar va ovqatlanish joylaridan eshiklarini erta yopish va spirtli ichimliklarni sotmaslik so‘raldi. Ko‘pchilik gavjum poyezdlarda yo‘l yurishda davom etdi, stadionlarda sport va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

Yaqinda esa navbatdagi favqulodda vaziyat bekor qilindi va hukumat ijtimoiy va iqtisodiy faollikni bosqichma-bosqich kengaytira boshladi. Bundan tashqari, emlash sertifikatlari va test natijalari borlarga sport musobaqalari va guruh ekskursiyalarida qatnashishga ruxsat berildi.

Yaqinda o‘z lavozimidan ketgan sobiq Bosh vazir Yosixide Suga emlash jarayonini tezlashtirish uchun qonuniy ravishda emlash huquqiga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari sonini oshirdi hamda keng miqyosli emlash markazlarini ochdi. Shuningdek, vazir iyun oyidan boshlab ish joylarida emlashni yo‘lga qo‘yishni targ‘ib qildi.

Kioto universiteti professori Xiroshi Nishiura yaqinda o‘tkazilgan hukumat maslahat kengashi yig‘ilishida vaksinalar 650 mingga yaqin odamni infeksiyadan saqlanishga yordam bergani hamda mart – sentabr oylari o‘rtasida 7 200 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolganini aytdi.

Ko‘pchilik dastlab barlar yopilganda ko‘cha va parklarda ichkilikbozlik qilgan yoshlarni infeksiya tarqatishda aybladi. Ammo mavjud ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 40–50 yoshdagi odamlarning ko‘pchiligi ham faol tungi hayot kechirgan. Eng og‘ir infeksiya holatlari va o‘limlar 50 yoshga to‘lmagan va emlanmagan shaxslar orasida kuzatilgan.

Milliy yuqumli kasalliklar instituti direktori Takaji Vakita yaqinda jurnalistlarga bergan intervьyusida odamlar qaytadan tungi klublar joylashgan tumanlarda hordiq chiqara boshlaganini aytib, xavotir izhor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya holatlari minimal darajaga yetgan bo‘lishi va qayta ko‘tarila boshlashi mumkin.

“Oldinga nazar tashlar ekanmiz, infeksiyalar sonini yanada ozaytirish muhim, chunki kelajakda infeksiyalar yana ko‘paya boshlashi mumkin”, dedi Vakita.

Juma kuni yangi bosh vazir Fumio Kishida noyabr oyi boshiga qadar tayyorgarlik rejasi tuzilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejada keskin cheklovlarni joriy qilish ko‘zda tutiladi. Xususan, vaziyat keskinlashsa, shifoxonalar COVID-19 yuqtirganlarni davolash uchun ko‘proq o‘rin va xodim ajratilishi kerak bo‘ladi.

Vazir bundan boshqa tafsilot bermadi.

Ko‘pchilik virus yuqtirayotganlar soni ozayayotgan bo‘lishiga qaramasdan, ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda.

Universitet talabasi Mizuki Kavano niqob taqish “odatiy holga aylanganini” aytdi.

“Hali ham virusdan xavotirdaman”, dedi u.

“Niqob taqmaydiganlarga yaqin borishni xohlamayman”, dedi uning do‘sti Elis Kavaguchi.

Sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislar nima uchun infeksiyalar ozayganini aniqlash uchun keng qamrovli tekshirish o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

“O‘ylaymanki, ko‘ngilochar tumanlarga tashrif buyurayotganlar soni kamaygani hamda emlash infeksiyalar kamayishiga turki bo‘lgan”, dedi Tokio Metropoliten tibbiyot fanlari instituti Ijtimoiy fanlar va tibbiyot fanlari ilmiy markazi direktori Atsushi Nishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda vaziyat tugatilishi bilanoq odamlar ko‘ngilochar joylarga bora boshlagan va bu “kelgusi haftalarda infeksiya holatiga ta’sir qilishi mumkin”.

XS
SM
MD
LG