Bundan roppa-rosa besh yil oldin, 2019-yil 19-mart kuni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev prezidentlik vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga qaror berganini e’lon qilgan edi. Nega uning hokimiyatni Qasim-Jomart Toqayevga tranzit qilishi oldindan o‘ylangan ssenariy bo‘yicha bo‘lmadi? Qozog‘istonda hokimiyatni topshirish mutlaqo reja bo‘yicha bo‘lmaganini ko‘rgan boshqa avtokratlar bundan qanday xulosa qilishi mumkin? Shu besh yil ichida mamlakatda nima o‘zgardi, besh yildan so‘ng – Toqayevning hozirgi prezidentlik muddati bitganida nimalar bo‘ladi?
Ozodlik radiosi qozoq xizmati Britaniyadagi Glazgo universiteti professori va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Luka Ancheski bilan shular haqida suhbatlashdi.
“Nazarboyev davri intihosi”
Ozodlik: Besh yil muqaddam sobiq prezident Nursulton Nazarboyev o‘z ixtiyori bilan lavozimidan voz kechdiki, bu salkam 30 yil cheklanmagan hokimiyatdan foydalanib kelgan lider uchun sira kutilmagan qaror bo‘lgan edi. U o‘ziga voris qilib Qasim-Jomart Toqayevni tanladi. Nazarboyev rasman iste’foga chiqdi va Yanvar voqealarigacha qator faxriy lavozimlarni saqlab qoldi. Ayting-chi, ular rejalagan shakldagi tranzit nima uchun barbod bo‘ldi?
Luka Ancheski: Faqat 2019-yildan mo‘ljal oladigan bo‘lsak, ayrim narsalarni nazardan qochiramiz. Tasmani yana bir oz orqaga qaytarib, undan avvalroq Qozog‘istonda nimalar bo‘lganini ko‘rish kerak.
Nazarimda, tranzitga turki bo‘lgan voqea 2016-yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda [Karim] Masimov bosh vazirlikdan olinib, QXQga rahbar etib tayinlangandi. Hukumatga esa [Bakitjan] Sagintayev rahbar bo‘ldi. Bu tayinlovlar parlament va qonun chiqarish xarakteridagi barcha mexanizmlarni ishga tushirib, hokimiyatni Nazarboyevdan olishni boshlashga imkon berdi.
Elita ichida ushbu oldi-berdiga doir turli kelishuvlar bor edi va ular 2019-yilda nimalar bo‘lishini belgilab berishdi: Nazarboyev lavozimdan ketar chog‘da nafaqat “qayiqni ko‘p ham qattiq chayqatmaydigan” va uning parda ortidan mamlakatni boshqarishiga imkon beradigan vorisi, balki qonunchilik bazasi ham bo‘ladi va birinchi prezident to‘g‘risidagi qonunga binoan u va oilasiga xavfsizlik kafolatlari beriladi, deya qaror qilindi. Barcha ish hal bo‘ldi. Hokimiyatni Toqayevga topshirarkan, Nazarboyev o‘zini xotirjam va xavfsiz his qildi.
Ammo 2019-yil bilan Qonli yanvar orasidagi davrda ushbu bitimlar sekin-asta barbod bo‘lganini, ularga amal qilmay qo‘yganlarini ko‘rdik. Aynan shuning uchun ham 2022-yil yanvarda elita tarqoqlashgani, uning ichida o‘zaro nizolar avj olgani belgilari yaqqol yuzaga chiqdi. Bu Qozog‘istonning eng yangi tarixidagi eng dramatik voqea bo‘lishi bilan birga, Nazarboyev davri intihosini ham belgilab berdi.
Ozodlik: Nazarboyev elita orasida kurash va janjallar bo‘lishi ehtimolini, qolaversa oxir-oqibat undan hokimiyatni tortib olishlari mumkinligini hisobga olmadi?
Luka Ancheski: Menimcha, u Toqayevning sadoqatini va “oila” biznesiga, boyliklariga doir kafolatlarini yanglish baholagan. 2021-yilda Qozog‘istonda Pegasus josuslik dasturi yordamida xufyona tinglangan odamlar ro‘yxati e’lon qilinganini va unda Toqayevning familiyasi ham bo‘lganini yoddan chiqarmaslik kerak. Bu elitaning bir qismi prezidentga ishonmaganini ko‘rsatadi.
Ishonishmagan, chunki undan qutulmoqchi bo‘lishgan. Ishonishmagan, chunki u rostdan ham elita ichidagi bitishuvni xavf ostiga qo‘yuvchi qandaydir ishlarni qilgan. Shaxsan men Toqayev Nazarboyev unga yuklagan ishlar dasturini bajarmagan, deb o‘ylayman. Masimov bilan yo‘l ayriligi ham parchalanish aynan shu chiziq bo‘ylab davom etganini ko‘rsatadi: odamlar Toqayevga ishonuvchilar hamda Masimov va Nazarboyevga ergashishni xohlovchilarga bo‘linib qolgan.
Chunki siyosiy nuqtai nazardan, mamlakat o‘zgarmagan edi. Yagona o‘zgargan narsa bu – hokimiyatdagi guruh, ya’ni amalda prezident kursisini egallagan iqtidordagi elita bo‘ldi.
Ozodlik: Postsovet Yevroosiyoning boshqa avtokratlari Qozog‘istondagi hokimiyat tranzitidan qanday saboq olishdi?
Luka Ancheski: “Bunday qilmaslik kerak, bu yo‘ldan yurib bo‘lmaydi, Karimov va Niyozovga o‘xshab o‘lguncha hokimiyatda qolish kerak”, deb xulosa chiqarishdi. Chunki 2019-yildan beri Markaziy Osiyoda ikkita boshqariladigan hokimiyat tranziti yuz berdi: biri Qozog‘istonda, ikkinchisi Turkmanistonda.
Qozog‘iston tranziti anchayin dramatik tarzda barbod bo‘ldi. Lukashenko va Putinga o‘xshaganlar buni ko‘rib: “Toki tirik ekanman, hokimiyatga hech kimni yo‘latmayman, bu ko‘p narsalarni murakkablashtirib yuborar ekan”, degan fikrga kelishdi.
Markaziy Osiyodagi eng samarali hokimiyat tranzitlari 2006-yili Turkmanistonda va 2016-yilda O‘zbekistonda yuz berdi, ikkisiga ham prezidentlarning qo‘qqisdan o‘lib qolishi sabab bo‘ldi.
Menimcha, Qozog‘istondagi hokimiyat tranzitining boshqariladigan xarakteri qandaydir “saboqlar” bilan bog‘liq. O‘zbekistonning marhum prezidenti bilan tengqur bo‘lgan Nazarboyev yangi hukumat Gulnora Karimovaga qanday munosabatda bo‘lganini ko‘rib dahshatga tushgan va o‘z oilasi boshiga shunaqa kunlar tushishini istamagan, shekilli.
Nazarboyev bilan yuz bergan voqealardan chiqarish mumkin bo‘lgan xulosa shu: u qilganini qilmang. Bu ayniqsa Rossiya uchun aktual.
“Yangi Qozog‘iston” haqidagi safsata
Ozodlik: So‘nggi besh yilda Qozog‘iston ko‘plab muammolarni, jumladan mustaqillik davridagi eng qonli voqealardan birini boshdan kechirdi. Mamlakat oxirgi beshyillikda muttasil to‘qnash kelayotgan muammolarning aksari 2019-yilgi o‘tish davrida paydo bo‘lgan, deyish mumkinmi?
Luka Ancheski: Bu ma’nodagi o‘tish davri siyosiy evrilishlarga olib kelgani yo‘q. Hokimiyat tranziti rejimni o‘zgartirish imkoni emasdi, u rahbariyatni almashtirib siyosat vorisligini saqlab qolish imkoniyati edi va bu Nazarboyev lavozimdan ketgan paytda hal etilmagan muammolar 2022-yilda ham echimsiz qolganini bildiradi.
Ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik, mamlakatda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga layoqat yo‘qligi, iqtisodiyotning uglevodorodlarga hanuz qaram bo‘lib qolayotgani – ushbu muammolar o‘shanda ham bo‘lgan, hozir ham bor.
Toqaev o‘zgarish qilmaydi. Burungi demokratiya taqchilligi saqlanmoqda. Qozog‘iston – muxolifat va fikrlar xilma-xilligi mavjud mamlakat emas. Saylovlarda faqat hukumat yetovidagi partiyalar qatnashyapti.
Prezident iqtisodiyotning birmuncha barqaror o‘sishini ta’minlashi mumkin bo‘lgan islohotlar o‘tkazishga va’da berdi-yu lekin baribir so‘zining ustidan chiqa olmadi. Mamlakat o‘z resurslarini sotishdan keladigan pulga qaramlikda davom etmoqda. Bu Toqayev uchun yaxshi bo‘lishi mumkin, uning vorisi uchun ham. Ammo bir kun kelib yo neft tugashi, yo uni hech kim xarid qilmay qo‘yishi mumkin-ku. O‘shanda Qozog‘iston iqtisodiyoti qay ahvolga tushadi?
Ozodlik: Demokratiya taqchilligini tilga oldingiz, biroq Ostona demokratik islohotlar va evrilishlardan, Qozog‘istonda siyosiy mahkumlar yo‘qligidan bahs etmoqda.
Luka Ancheski: Siyosiy mahkumlar chindan ham yo‘qdir, lekin bu sizda demokratiya mavjudligini anglatmaydi. Yanvar voqealaridan so‘ng referendum, prezident va parlament saylovlari o‘tkazildi. YXHT kuzatuvchilari bu raqobatsiz saylovlar bo‘lganini ro‘y-rost aytishdi. Siyosiy mahkumlar yo‘qligi – bu juda past “planka”.
Sizda OAVlarga nisbatan tizimli qatag‘on siyosati hanuz davom etyapti. Sizlarda yozib bo‘lmaydigan, ochiq muhokama qilish taqiqlangan narsalar hamon bor. Qozog‘istonda rejim Turkmanistondagidek shafqatsiz emas, ammo uni demokratik mamlakat deyishga til bormaydi, baribir.
Ozodlik: Prezidentligi boshlarida Toqayev jamoatchilikka quloq solishga, xalq ovozini tinglashga xohish bildirgan edi. Siz jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rmayotganingizni aytdingiz, lekin rejim yumshadimi yoki yanada qattiqqo‘l bo‘ldimi, masalan tinch yig‘ilishlar va fuqarolarning huquqlari sohasida?
Luka Ancheski: Aytarli farq ko‘rmayapman. “Xalq dardini tinglaydigan davlat” va “Yangi Qozog‘iston” haqidagi butun gap-so‘zlar safsatadan boshqa narsa emas, deb o‘ylayman. “Yangi O‘zbekiston” nimaligini bildim. “Yangi Qozog‘iston” esa menga eskisi bilan bir xil ko‘rinyapti. O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlar seziladi, ko‘zga tashlanadi. Qozog‘istonda esa o‘zgarishdan dom-darak yo‘q, bu esa Toqayevning Nazarboyev tomonidan prezidentlikka tayinlanishida ifodalangan kadrlar vorisligi siyosatda ijobiy evrilishlar yasamog‘i amri mahol, deganidir.
O‘tgan hafta, ayollar marshini o‘tkazishga ruxsat berilmaganida biz bunga yana bir karra amin bo‘ldik. Bir to‘da ayol hukumatga qanaqa xavf solishi mumkin?! Rejim shu oddiygina yig‘inlarga izn bermayotgan ekan, demak, o‘ziga ishonchi yo‘q.
Muxolif, muqobil partiyalarga saylovlarda qatnashishga ruxsat etilganiga hech bir dalil yo‘q, har holda men ko‘rmadim. Balki o‘ta pessimist odamdirman, lekin, nazarimda, zarur o‘zgarishlar bo‘lmayapti.
Qozog‘iston g‘arbida neftchilar noroziligi davom etmoqda. Bu kun tartibidagi ayrim muammolar, xususan ijtimoiy-iqtisodiy notenglik va ishchi kuchi muammosi ochiq turganini bildiradi. Binobarin, ular vaziyat o‘zgaryapti, deya bayonot berishayotgan bo‘lsa-da, men Qozog‘istondan olayotgan dalillar siyosat vorisligiga ishora bermoqda, mamlakat bir xil muammo bilan qayta-qayta to‘qnashishga va har gal bir xil qaror qabul qilishga mahkum, degan to‘xtamga kelyapman.
O‘tgan oyda prezident yangi siyosatni ro‘kach qilib hukumatni iste’foga chiqardi. Nazarboyev ham xuddi shunday qilgan edi. Masalan, 2014-yilda. “Bu mening aybim emas. Mana shu odamlar aybdor, men ularni bo‘shataman”, deb o‘zini begunoh ko‘rsatib, suvdan quruq chiqqan. Bu sizlarda o‘sha muammolar hanuz mavjudligini, yechimlari ham bir xilligini va hech bir o‘zgarish yo‘qligini ko‘rsatadi.
Toqayevning “kollektiv rejimi” hozir va besh yildan so‘ng
Ozodlik: Lekin hozirda farq shuki, boshqa odam prezident.
Luka Ancheski: Ha, shunday. Nazarboyevda bor bir qancha martaba-yu unvonlar unda yo‘q. Nazarboyev – mustaqil Qozog‘iston asoschisi. Qozog‘istonni Sovet Ittifoqi tarkibidan olib chiqqan odam. U zamonaviy Qozog‘istonni barpo qilgan. Shuningdek, shaxsga sig‘inish kultini yaratgan: loaqal, Olmaotadagi haykal poyidagi uning qo‘l izlarini olaylik. Nazarboyev siymosi va qo‘l izlari tangaga ham muhrlangan. Poytaxt bir necha yil uning ismi bilan ataldi. Nazarboyev – postkolonial prezident, Qozog‘istonning birinchi prezidenti, bunaqasi faqat bitta bo‘ladi. Men Toqayev haqida turkum filmlar suratga olinishini tasavvur qila olmayman.
Aslini olganda rejim aynan shunisi bilan o‘zgardi. Nazarboyev hokimiyati ko‘p jihatdan shaxsiy hokimiyat edi, u “ob-havo”ni shaxsan belgilab beradigan sohalar bor edi, masalan, tashqi siyosat. Toqayev esa mamlakatni bir qadar jamoaviy shaklda boshqarishiga to‘g‘ri keladi, hech bo‘lmaganda dastlabki bir necha yil. 2019-2022- yillardagi Qozog‘iston Nazarboyev-Toqayev bilan 2008-2012-yillardagi Putin-Medvedev Rossiyasini eslatardi. Chunki ushbu tandemlar ko‘p tomonlama o‘xshash edi.
Nazarimda, Toqayev boshqaruvini faqat 2022-yildan boshlab baholash mumkin. Bu boshqaruv menga birmuncha jamoaviy, eng kamida Nazarboyev hokimiyatidek shaxsiy emasdek tuyuladi. Toqayev shaxsiga sig‘inish boshlanishi belgilarini payqamayapmiz. Tizimga ko‘psonli odamlar guruhi jalb qilingan, Toqayev oilasi davlat va jamiyat hayotiga deyarli aralashmaydi, biroq siyosat avvalgi holida qoldi.
Ozodlik: Yaqinda Diplomat jurnalida chiqqan maqolangizda siz “birinchi prezident iste’fosidan keyin besh yil va mustaqillik davridagi eng qayg‘uli voqealardan so‘ng ikki yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuz Qozog‘istonni qari odam boshchiligidagi avtoritar va kleptokratik rejim idora qilyapti”, deb yozdingiz.
Luka Ancheski: Ha, hamon o‘sha modadan qolgan siyosatni yurgizayotgan qariya boshqaryapti. Agar 2029-yilda, ya’ni Nazarboyev ketganidan 10 yil o‘tib hech nima o‘zgarmasa, mamlakat 2019-yildagi joyida bo‘ladi. Bu Qozog‘iston uchun, uning yoshlari va umuman aholisi uchun 10 yil boy berildi, degan so‘zdir.
Ozodlik: Toqayev Nazarboyevga “hujum” qilish, uning qarindoshlaridan imtiyozlar va aktivlarni tortib olish bilan ochko ishlashda davom etadimi? Shu yo‘l bilan xalqchil bo‘lish mumkinmi o‘zi?
Luka Ancheski: 2022-yildan so‘ng hamma narsani Nazarboyevga to‘nkash samarali siyosat bo‘lib qoldi. “Chol, ket!” xitoblarini eslang – ko‘chaga chiqqan odamlarning istagi edi bu. Qozog‘istonda bo‘lganimda odamlar nuqul: “Hali Nazarboyev ketsin, hammasi o‘zgaradi”, deyishardi. O‘zgarishlarni kutishgandi, lekin bo‘lmadi.
Yanvar voqealari sodir bo‘lganida oilaning ayrim a’zolari prezidentga qarshi fitnaga qo‘shilgani o‘rtaga chiqdi, prezident uchun bundan foydalanib qolish fursati etganini tushundik. Rostdan ham Toqayev Nazarboyev merosidan batamom qutulish, uning soyasidan butkul chiqish, oilasi a’zolarini lavozimlardan chetlatish uchun harakat boshladi. Ammo eng yaqin qarindoshlarga kelganida bu ishlar to‘xtab qoldi. Ya’ni, qizlari Dinara va Darig‘aga tegishga jur’at qila olishmadi.
Toqayev: “Men bulardek emasman, muammo bularda, bizda katta lavozimlarda o‘tirgan mana shunaqa korrupsioner odamlar borligida, ulardan sizlarni xalos qilaman”, deya muayyan avtoritet qozonishi mumkin edi. Ammo yarim yo‘lda to‘xtab qoldi.
Karim Masimovni eng katta balogardon qilishdi, chunki Nazarboyevga tegib bo‘lmasdi. “Qozog‘istonni Nazarboyev ta’siridan tozalayman, vaqt o‘tishi bilan hammasi o‘zgaradi”, deyilganidan so‘ng birinchi yaqqol o‘zgarishlar omili mana shu edi. Bu 2022-yilda ish berishi mumkin edi, ehtimol 2023-yilda ham. Biroq endi bu men uchun eskirgan narrativ. Nazarboyev 84 yoshga to‘ldi, juda qaridi.
O‘zbekistonga e’tibor bering: Islom Karimov xuddi tirikdek tuyuladi, birinchi va ikkinchi prezident orasidagi munosabat ancha yaxshi, har qalay jamoatchilikka shunday ko‘rsatilyapti. O‘zbek mulozimlari burungi rejimni malomat qilganini eshitmaysiz, holbuki malomatga loyiq rejim edi u. Qozog‘istonda esa bunaqa holat bor va bu avtokratlarga “hokimiyatni boshqariladigan tranzit yo‘li bilan birovga topshirmagan ma’qul”, degan signal beradi.
Ozodlik: Toqayevning oldida yana besh yil prezidentlik muddati turibdi. Besh yildan so‘ng uning hokimiyati qanchalik o‘zgarishi mumkin?
Luka Ancheski: Hech kim karomat qila olmaydi. Men qilingan ishlarga qarab siyosat qay tarafga o‘zgarishini chamalashim mumkin, xolos. Qozog‘istonda tub o‘zgarishlar bo‘lishiga ko‘zim etmaydi. Toqayev baayni Nazarboyevdek hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlab olgani, ya’ni muddatlar bo‘yicha cheklovni bekor qilgani, referendum va saylovlar natijalarini soxtalashtirgani u biz istagan o‘zgarishlarga qo‘l urmasligidan darak beradi.
Bu Qozog‘istonning, hatto turli harakatlar bilan norozilik bildirish madaniyati shakllangan bo‘lishiga qaramay, avvalgidek, rejim nazorati ostida qolishini bildiradi.
Biz Qozog‘istonni dekarbonizatsiya qilishga doir hech qanaqa fikr, taklif eshitmadik. Holbuki bu mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli yashovchanligi uchun juda muhim. Bu sabot, qat’iyat va qurbonlar talab qiladigan ish. Hukumatdan ushbu konkret iqtisodiy siyosat xususida bir og‘iz so‘z eshitganimiz yo‘q, demak, ikki asosiy omil – nodemokratik siyosiy sahna ustidan nazorat va nazorat qilinadigan davlat iqtisodiyoti – o‘z o‘rnida qoladi.
Mazkur ikki omil saqlanar ekan, 2029-yilgacha vaziyat tubdan o‘zgarishini tasavvur qilish qiyin. Qolaversa, bunaqa rejimlar bir necha yil o‘tgach sustlasha boshlashini ko‘rdik. Toqayev rejimi ham kuchdan ketishi muqarrar. O‘sha kun kelganida esa (kelishiga ishonchim komil) sizlarda yana shunaqa prezident va ayni shunday siyosat bo‘ladi, yana bir bor g‘ayrati kam, mamlakatni o‘zgartirishdan ko‘ra hokimiyatda uzoqroq qolishni istaydigan odamlar tepaga chiqadi. Bu esa, guvoh bo‘lganimizdek, xalq uchun sira xayrli emas.