O‘zbekistondagi shov-shuvli pedofiliya ishi yuzasidan 2023- yilning 3-noyabr kuni qamoqqa olingan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Aybek Masharipov hamda Xorazm viloyati Yangiariq tumani FVV sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlar jazo muddatini manzil koloniyada o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi.
Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov xabar qildi.
Tashanovning 16-fevral kungi sud hukmiga tayanib ma’lum qilishicha, Xorazmdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, JKning 128-moddasi 1-qismi bilan sudlangan sobiq mulozimlar sud zalidan qamoqqa olinganidan ko‘p o‘tmay manzil koloniyaga o‘tkazilgan.
Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati tomonidan 3 yil muddat qamoq jazosi berilgani haqida 3-noyabr kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar agentligida jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov ma’lum qilgandi.
O‘shanda jamoatchilikka sudlanuvchilarning 3 yillik qamoq muddatini yopiq turdagi muassasalarda o‘tashi haqida aytilgan.
Biroq 16-fevral kuni mazkur ish bo‘yicha tushuntirish bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu turdagi jinoyatlar bilan sudlangan shaxslar Jinoyat Kodeksining 50-moddasiga ko‘ra, manzil koloniyada jazo muddatini o‘taydi.
Rasmiy izohga ko‘ra, pedofillar "ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat"ni sodir etganlikda ayblangan.
Biroq advokat va jamoat faollari yetim qizlarning jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini ta’kidlab kelishadi. Mahkama jarayonlarida jabrlanuvchilarning advokati bo‘lgan M. Eshonqulovga ko‘ra, sudlanuvchilarning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi (Nomusga tegish) alomatlari mavjudligi haqida sud ajrimi ham mavjud.
Tergov organi negadir bu modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
3-noyabr kungi sud majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova sud qarorini olqishlagan.
Jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari
Nemolchi.uz loyihasiga ko‘ra, Urganch shahridagi Mehribonlik uyi mudirasi uch qizni tanlab olib, 10 oy davomida (2021-yil maydan 2022-yil fevralga qadar) «moddiy manfaat uchun ularni turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan».
"Masalan, 2021-yilning mayida mudira hali 16 yoshga to‘lmagan R. ni tanishlaridan biri bilan yotishga majburlagan. Qiz buni istamasdan, qarshilik ko‘rsatgan, shunda mudira oshxonadan o‘qlovni olib kelib, qizning voyaga yetmagan ukasini boshqalar ko‘z o‘ngida kaltaklay boshlagan. Qizning irodasini sindirgan ayol keyinchalik uni o‘zi buyurgan barcha erkaklar bilan yotishga majburlagan", deb yozgandi Nemolchi.uz.
"Bu kabi voqealar qayta-qayta takrorlangan… 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasining xizmat kvartirasidan idora boshlig‘ining voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqalari platformasi sifatida foydalanilgan", deya ta’kidlanadi materialda.
Xorazm viloyat Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ham Mehribonlik uyi mudirasining muammolarini hal etishga va’da bergan. Aytilishicha, may boshida u homiylik yordami sifatida divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qilgan, bolalarga turli shirinliklar tarqatgan.
"2021-yil iyunda esa yordami evaziga jinsiy aloqa uchun qiz talab qilgan va yuqoridagi 17 yoshli R. bilan Mehribonlik uyi yotoqxonasida yotgan. Iyun oxirida u bolalar uyi mudirasiga 200 ming so‘m berib, yana qiz bilan yotgan. Shundan keyin Mehribonlik uyiga oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar olib kelib, 15 yoshli A.ni jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qizlar bir necha bor ushbu erkak bilan jinsiy aloqaga majburlangan, uchrashuvlar Mehribonlik uylarining o‘zida va boshqa joylarda tashkillashtirilgan", deyiladi Nemolchi.uz xabarida.
Manzil koloniya qanday muassasa?
O‘zbekiston jinoiy ijroiya qonunchiligiga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalari uch turga bo‘linadi: manzil koloniya, umumiy tartibli koloniya va qattiq tartibli koloniya.
Manzil koloniyalarda mahkumlar:
- soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadi;
- ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadi;
- agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;
- fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradi;
- pul va qimmatli buyumlarni saqlashi, ulardan cheklanmagan miqdorda foydalanishi mumkin;
- ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin;
- o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobiga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan va yo‘qlovlardagi mahsulotlardan mustaqil ravishda ovqat tayyorlashni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, mahkumlar cheklanmagan miqdorda qisqa muddatli uchrashuvlar, yil mobaynida 24 marta uzoq muddatli uchrashuvlar olish huquqiga ega. Uchrashuvlar, qoida tariqasida, ishdan bo‘sh vaqtda beriladi. Manzil-koloniya hududida uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, uchrashuv mahkumning arizasiga binoan manzil-koloniya hududidan tashqarida, ushbu koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida o‘tkazilishi mumkin.
Mahkumlar xonalarga bo‘lingan yotoqxonalarda yashaydi. Saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga binoan manzil-koloniya hududida yoki manzil-koloniya joylashgan tuman (shahar) hududida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi mumkin.
Bunday shaxslar ichki tartib qoidalarida belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tish uchun hozir bo‘lishlari shart. Manzil-koloniya ma’muriyatining vakili mahkumlar yashayotgan joyga sutkaning istalgan vaqtida kirishi mumkin.
Ularning yozishmalari senzuradan o‘tkazilmaydi. Ular 15 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.